Rossiya, IShID, Tolibon?..

So‘nggi oylarda rossiyalik yuqori martabali diplomatlarning butun mintaqaga jiddiy tahdid sifatida ko‘riluvchi bu ikki yirik jangari guruh bilan bog‘liq bir-biriga zid chiqishlari xuddi ana shunday savollarni paydo qilgan.

Afg‘onistondagi Rossiya elchisining shu hafta boshida bayon qilishicha, IShID jangarilariga qarshi kurashida mamlakati Tolibon harakatini dastaklayotgani yo‘q.

"Biz Tolibonga hech qanaqasiga ko‘mak bermaymiz", - deb bayon qilgan Aleksandr Mantitskiy poytaxt Kobulda bergan rasmiy matbuot anjumani chog‘ida.

Elchi janoblarining so‘nggi chiqishi Rossiyaning Afg‘onistondagi maxsus vakili Zamir Kabulovning o‘tgan yilgi bayonotiga tamom zid ekani bilan ko‘pchilikning e‘tiborini o‘ziga tortmay qolmagan.

Rossiyalik yuqori martabali bu diplomat IShIDga qarshi kurash masalasida mamlakatining manfaatlari Tolibon harakatiniki bilan mos tushishini ta‘kidlagan.

"Axborot almashish uchun toliblar bilan lozim kanallarga ega ekanimiz haqida esa, bundan avval ham aytganman", - deya bayon qilgandi o‘shanda Rossiyaning Afg‘onistondagi maxsus vakili.

Uning bu so‘zlari zudlikda dunyo bo‘ylab yirik ommaviy-axborot vositalarining e‘tiborini o‘ziga tortgan, Rossiya o‘zining eski raqibiga yuz tutayotgani, toliblar bilan diplomatik aloqalarini kuchaytirayotganiga oid shov-shuvli chiqishlariga sabab bo‘lgandi.

Boshqa tomondan, Afg‘onistonga bevosita chegaradosh va IShID xavfidan jiddiy xavotirda bo‘lgan aksariyat Markaziy Osiyo davlatlarining bu xususdagi xavotirlari shu paytgacha asosan bayonotlar bilan cheklanib kelayotgani ham Rossiyaning intilishlariga oid xabarlarning ahamiyatini bo‘rttirishga xizmat qilmay qolmagandi.

Rossiya va Tolibon

Image copyright Getty

Ayrim g‘arblik tahlilchilar Rossiyaning Tolibon bilan yaqinlashish urinishlariga oid xabarlarni rasmiy Kremlning Ukraina, Suriya va Shimoliy Koreya masalasida so‘nggi paytlarda G‘arbga nisbatan namoyon etgan bepisand siyosati manzarasida talqin etishga urinishgan.

Buni Rossiyaning yana bir bor o‘zini uddaburon va qudratli qilib ko‘rsatish amaliga yo‘yishgandi.

Ularning nazdlarida, Tolibon harakatiga bu - shuncha yillar ortidan, xalqaro miqyosda o‘zini tan oldirishning yangi va qoyilmaqom bir imkoniyati bo‘lib tuyulgan bo‘lishi mumkin.

Ammo, eng qizig‘i, Rossiya tomoni yaqindagina Afg‘oniston Tolibon harakatining so‘nggi paytlarda qanchalik faollashib borayotganidan jiddiy xavotir bildirib chiqqan.

Jumladan, Rossiya Milliy aksilterror qo‘mitasining rahbari toliblar Afg‘onistonning janubi, janubi-sharqi, shimoli va markazidagi strategik jihatdan muhim tumanlarda o‘z mavqe‘larini mustahkamlab olayotganiga alohida diqqat qaratgandi.

Boshqa tomondan, Rossiya hukumati shu paytgacha Afg‘onistonda toliblarning yana qudratga qaytishi va yoki Afg‘onistonning davlat sifatida tanazzulga uchrashini qanchalik istamasligini oshkora namoyon etib kelgan.

Rossiya buni Afg‘onistonni yana bo‘lginchi, terrorchi va islomchi kuchlarning xavfsiz boshpanasiga aylantiruvchi omil sifatida ko‘rishini ham yashirmagan.

Tahlilchilarning aytishlaricha, xuddi shu bois ham, rasmiy Kreml 2001 yilda Afg‘onistonda o‘z Islomiy Amirligiga asos solgan Tolibon tuzumini qulatishda AQSh boshchiligidagi ittifoq kuchlarini qo‘shqo‘llab dastaklagan.

Natoning shundoqqina tumshug‘i ostidagi harbiy hozirligini xush ko‘rmasa-da, bunga tishini-tishiga qo‘yib rozi bo‘lgan.

Rasmiy Moskva eng avvalo Rossiya musulmon aholisi orasida, boshqa tomondan, hamon o‘z ta‘sir doirasida saqlab qolishga urinayotgan janubiy chegarasidagi mintaqa davlatlarida islomiy ekstremizm va terrorchilik hollari kuchayishining oldini olishni istaydi.

Rossiya va Tolibon bilan bog‘liq so‘nggi xabarlarni sharhlagan ayrim tahlilchilarga ko‘ra esa, bu – rasmiy Kremlning harakatni ortiq mintaqadagi qolgan jangari guruhlar qadar o‘ziga jiddiy tahdid sifatida ko‘rmasligiga ham dalolat qiladi.

Buyog‘i qanday bo‘ldi?

Image copyright AP

Pokistondan yetakchi mintaqaviy tahlilchi Xodim Husaynning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, Rossiya bugunga kelib, Tolibon harakatini o‘ziga xavf emas, mintaqadagi strategik va iqtisodiy manfaatlarining qo‘llovchisi sifatida ko‘rishni istayotgan bo‘lishi mumkin.

"Buning ikkita sababi bor. Rossiya, bir tomondan, Tolibon harakatining ko‘magi bilan Afg‘onistonda global terrorchi guruhlarning o‘zlariga qaratilgan har qanday ehtimoliy hujumlarning oldini olmoqchi bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Boshqa tarafdan, bu – Rossiyaning savdo va iqtisodiy manfaatlari bilan bog‘liq, nazarimda. Chunki, Tolibon bilan "yaqinlik" Rossiya yoqilg‘isi doxil o‘z mahsulotlarini Afg‘onistonosha mintaqaning boshqa davlatlariga bemalol yetkazishiga imkon beradi. Bundan tashqari, Rossiya o‘z biznes guruhlarini yuborish orqali, Eron va boshqa Yaqin Sharq davlatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tijorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi", - deydi tahlilchi suhbatdoshimiz.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, yaqinda Eronga nisbatan uzoq yillik xalqaro sanktsiyalar bekor qilingan, bu esa, mintaqa iqtisodining gullab-yashnashiga xizmat qilishiga oid bashoratlar ham ozmuncha bo‘lmagandi.

Uning nazdida, o‘z tomonidan, Tolibon harakati mintaqa davlatlarining ko‘proq dastaklarini qo‘lga kiritish ilinjida bu ishga borayotgan bo‘lishi mumkin.

"Tolibon harakati Rossiyadan ko‘z tikayotgan dastak esa, moliyaviy, strategik, o‘zlarining Afg‘oniston va Pokiston hukumati bilan til topishishlarida ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan diplomatik qo‘llovi shaklida bo‘lishi mumkin", - deydi pokistonlik tahlilchi.

Ammo, suhbatdoshimizga ko‘ra, shunda ham, so‘z butunboshli harakat haqida emas, ular saflaridagi muayyan guruhlar va qo‘mondonlar haqida ketmoqda.

Afg‘onistondagi Rossiya elchisi esa, Tolibon kabi IShIDga qarshi kurashdan birdek manfaatdor ekanliklarini yana bir bor urg‘ularkan, o‘zaro biror bir ko‘rinishda axborot almashmaganliklarini bayon qilgan.

Image copyright

Ammo "Afg‘onistonda yashirin rejalari yo‘qligi", toliblar bilan aloqalari ularni faqat muzokaralar stoliga keltirishga qaratilganini ta‘kidlagan.

Rossiya elchisi Aleksandr Mantitskiyning aytishicha, O‘zbekiston va Tojikistoni bilan bevosita chegaradosh shimoliy viloyatlarida janglarning kuchayib, mintaqada IShIDning faollashib borayotganidan xavotirdalar.

"Biz beqarorliklarning Markaziy Osiyoga yoyilishidan favqulodda xavotirdamiz. Chunki O‘zbekiston va Tojikistondagi beqarorliklar odamlarni Rossiyaga qochishga undashi mumkin", - deya elchi janoblarining so‘zlaridan iqtibos keltirgan "Reyter" axborot agentligi.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, shu paytgacha Rossiyaning Tolibon bilan tinchlik muzokaralariga oshkora qiziqish bildirgani va vositachilik qilish urinishlari kuzatilmagan.

Pokistondan tahlilchi suhbatdoshimiz Xodim Husayn mazkur holatni, o‘z navbatida, Afg‘oniston, Pokiston, Xitoy va AQSh ishtirokidagi so‘nggi to‘rt tomonlama tinchlik muzokaralarining besamar yakun topgani bilan izohlaydi.

Avvalboshda strategik, iqtisodiy va tujjoriy manfaatlaridan kelib chiqib, Rossiya va Eron doxil qolgan mintaqa davlatlarining ham bu muzokaralarga qo‘shilishlari mumkinligi aytilgan, ammo Afg‘oniston va Pokistondagi yang zo‘ravonliklar ularning aro yo‘lda qolib ketishiga sabab bo‘lgandi.

Pokistonlik tahlilchi suhbatdoshimizga ko‘ra, xuddi shu bois ham, Rossiya hozir yakka boshicha o‘zining bu boradagi imkoniyatlarini sinab ko‘rishga ahd qilgan bo‘lishi mumkin.

Ammo

Turkiyadan tahlilchi suhbatdoshimiz Abdulsalom Osim esa, qanday davlat ishtirokida bo‘lmasin, siyosiy guruh emasligi bois, Tolibon harakati bilan muzokaralar olib borishning o‘zi nomuvofiq ish bo‘lishini ta‘kidlaydi.

Tahlilchiga ko‘ra, o‘zining so‘nggi qiziqishlari bilan Rossiya Ukraina va Suriya inqirozi manzarasida shundoqqina biqinidagi va dunyoning qudratli davlatlari geo-siyosiy qiziqishlarining maydoniga aylangan Afg‘onistonda kechayotgan voqealardan ham siyosiy va ham harbiy jihatdan chetda turmaslik istagini namoyon etgan.

Tahlilchining aytishicha, atom quroliga ega qator davlatlar qurshovida bo‘lgan Afg‘onistonning mintaqada tutgan muhim geo-siyosiy o‘rni, alal-oqibat, afg‘on mojarosining yechimida ham hal qiluvchi faktor sifatida qolaveradi.

"G‘arb, ayniqsa, AQSh, albattaki, u yerda bo‘lishni xohlaydi. Bundan esa, Rossiya bo‘ladimi, Xitoy yoki Eron, behuzur bo‘lishlari tabiiy. Shuning uchun ham, Afg‘oniston masalasida o‘z manfaatlari lozim darajada o‘z ifodasini topmagan reja, bitim yoki loyihaga ular ro‘yxushlik berishmaydi. Hatto, ma‘qul deb topgandek ko‘ringan taqdirlarida ham, aslida uning amaliy bo‘lishiga imkon berishmaydi", - deydi suhbatdoshimiz.

Bularning barchasi nimani anglatadi?

Image copyright epa

Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya tomoni berayotgan bayonotlar mazmunining bir-biriga zid ekani ularni mutlaq asossiz deyishga asos bermaydi.

"Ularning zaminida ma‘lum mantiqiy asoslar mavjud. Gap shundaki, Afg‘oniston hududida toliblar uchun eng katta dushman bu – IShID bo‘ladigan bo‘lsa, Rossiya federatsiyasi ham bu guruhdan anchagina xavotirga tushib qolgan. Toliblar va IShID jangarilari o‘rtasida jiddiy to‘qnashuvlar bo‘lgani va bo‘layotganligi ham aniq. Mana shu konfiguratsiya, shakllangan vaziyat ikkita tomonning yaqinlashishi uchun ma‘naviy muhit nuqtai nazaridan imkoniyat berdi, berayapti. Rossiya tomoni ham, mana shu vaziyatdan unumliroq foydalanib, Tolibon bilan ozmi-ko‘pmi, o‘zaro ishonchli aloqalar o‘rnatishga harakat qilgan bo‘lishi mumkin", - deydi, jumladan, Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Suhbatdoshimiz mavjud ziddiyatli voqe‘likni izohlashda Tolibonning mafkuraviy harakat ekani omilini ham nazardan qochirmaslik lozimligini alohida ta‘kidlaydi.

"Ya‘niki, bir musulmon boshqa bir musulmon bilan jang qilayotganida, ikkalasi ham radikal bo‘ladimi, bir-birini turli ayblovlarda ayblaydimi, bunga qaramay, chetdan islomiy bo‘lmagan bir davlat bilan hamkorlik qilayapti, degan gapni toliblar ko‘tara olmaydi. Bu Rossiyaga ham noqulaylik tug‘diradi. Va shuning uchun har ikkala tomon ham buni inkor etayotgan bo‘lishlari tabiiy. Lekin bu aloqalar mavjud emas degani emas", - deydi tahlilchi.

Unga ko‘ra, bu masalada Rossiyaning Markaziy Osiyodagi geo-siyosiy manfaatlari ham muhim o‘rin tutayotgan bo‘lishi mumkin.

"Bir tomondan, Rossiyaning Markaziy Osiyoda o‘zining manfaatlarini parvarishlash, o‘zining ishtirokini kuchaytirish uchun Afg‘oniston tahdidini ko‘pirtirish, informatsion sohada unga kattaroq e‘tibor berishga moyilligi bor. Bu bilan Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekistonni qo‘rqitishi va ularni o‘z orbitasiga qaytarishga urinishi bu – har doim kuzatilgan holat", - deydi suhbatdoshimiz.

Image copyright w

Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha esa, Rossiyaning tinchlik muzokaralariga tashabbuskorlik qilish ilinjidan ko‘p narsa kutish noo‘rin bo‘ladi.

Unga ko‘ra, Rossiyada Afg‘oniston ichkarisidagi kuchlarga katta ta‘sir o‘tkazish imkoniyati mavjud emas.

Tahlilchi keyingi 25 yil ichida Rossiyada Afg‘onistonga "Afg‘oniston sindromi" orqali qarab kelingani, SSSRning qulashiga olib kelgan 1979-1991 yillardagi afg‘on urushi tajribasi haliyam Rossiya siyosiy elitasi xotirasidan ko‘tarilmaganini ta‘kidlaydi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, boshqa tomondan, Afg‘onistonning o‘zida ham, ayniqsa, pushtun qavmlari orasida Rossiyaga ishonchsizlik, qo‘rquv va yoki nafrat hissi bilan qarash saqlanib qolmoqda.

Agar, suhbatdoshimizning so‘zlaridan xulosa chiqarilsa, xuddi shu ikki holatning o‘ziyoq Rossiyaning tinchlik muzokaralari masalasida ega bo‘lgan imkoniyatlarining chegarasini chizib beradi.

Ayrim g‘arblik tahlilchilar esa, Rossiyaning Tolibon bilan yaqinlashish urinishlariga oid xabarlarni rasmiy Kremlning Ukraina va Suriyaga oid so‘nggi siyosati manzarasida talqin etishga urinishgan.

Buni Rossiyaning yana bir bor o‘zini uddaburon va qudratli qilib ko‘rsatish amaliga yo‘yishgandi.

Tolibon harakatiga esa, bu narsa xalqaro miqyosda o‘zini tan oldirish uchun muhim, deyishadi ular.

Rossiyaning xavotirlari

Image copyright BBC Bangla

Yaqin Sharqdagi IShID guruhi esa, G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining 2014 yilgi ommaviy safarbarligi ortidan kechgan o‘tgan bir yilning o‘zidayoq mintaqaga sizib kirishga muvaffaq bo‘lgan va Pokistonda o‘zining yangi tarmog‘iga asos solgan.

Ham Pokiston va ham Afg‘onistonda sobiq toliblar hisobidan o‘ziga yuzlab yangi a‘zolar yollagan, Afg‘onistonning har bir burchagiga kirib borish, o‘zining tayyorgarlik jamloqlariga asos solish va hatto, mamlakatning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy mintaqalarida yirik va halokatli hujumlar uyushtirishning uddasidan chiqqan.

Yaqinda esa, Afg‘onistonning sharqiy Nangarxor viloyatini o‘zining Yaqin Sharqdagi islomiy xalifatining bir qismi, deb e‘lon qilgan.

Guruh orada ham Pokiston va ham Afg‘oniston Tolibon harakatining eski va yaqin ittifoqchilaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakatini o‘ziga og‘dirishga muvaffaq bo‘lgan, harakat to‘lig‘icha ularga rasman bay‘at keltirgan.

Ammo IShID va Tolibon o‘rtasidagi aloqalarning qanchalik ziddiyatli ekani avvalboshdanoq harbiy tahlilchilarning e‘tiborlarini o‘ziga jalb etmay qolmagan.

IShID va Tolibon

Yaqin-yaqingacha mintaqadagi aksariyat jangari guruhlar rasman bay‘at keltirib kelgan Afg‘oniston Tolibon harakati rahbariyati IShIDning o‘z tuproqlarida faollashish harakatlariga keskin va oshkora norozilik bildirgan.

IShID yetakchisi va Yaqin Sharqdagi xalifi Abu Bakr al-Bag‘dodiyga bay‘at keltirishdan bosh tortish barobarida, unga ochiq maktub yo‘llab, Afg‘onistondan uzoqroq turish, aks holda buning oqibatlari jiddiy bo‘lishi bilan ham ogohlantirgan.

Ammo rahbariyatining bu kabi keskin mavqei manzarasida Afg‘oniston ichkarisida qorishiq vaziyat shakllangan, toliblarning an‘anaviy tayanch nuqtalari sifatida ko‘rib kelingan janubiy, janubiy-sharqiy va sharqiy mintaqalari ikki guruh jangarilari o‘rtasidagi shiddatli janglar sahnasiga aylangan, shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalarida esa, ikkovlon yaqin ittifoqchi kabi harakat qilishga o‘tishgan.

Rossiya esa, bor-yo‘g‘i bir yilning o‘zida shundoqqina biqinida shakllangan bu kabi vaziyatdan jiddiy tashvishda. Orada rossiyalik yuqori martabali xavfsizlik mulozimlari qolib, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va prezident Vladimir Putinga qadar bu xususda ustma-ust xavotirli bayonotlar bilan chiqishgan.

Mavjud vaziyatni qator mintaqaviy xavfsizlik tashkilotlarining yig‘inlarida ko‘tarishgan, so‘nggi oylarda o‘zining mintaqadagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan va Afg‘onistonga bevosita chegaradosh Tojikistonda esa, yirik qo‘shma harbiy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishga tushib qolgan.

Afg‘onistondagi Rossiya maxsus vakilining so‘zlari esa, rahbariyatining xuddi ana shu xavotirlari manzarasida yangragandi.

Ammo, ta‘kidlash joiz, Zamir Kabulovning so‘zlaridan qisqa vaqt o‘tmay, Afg‘oniston Tolibon harakati raddiya bilan chiqqan va Rossiya bilan o‘zlarining biror bir aloqalari yo‘qligini bayon qilgandi.

Harakat IShIDga qarshi kurashda hech kimning ko‘magiga ehtiyoj sezmasligi, ammo lozim, deb topgan taqdirda, bu borada boshqa davlatlardan yordam so‘rashga haqli ekanliklarini qo‘shimcha qilishni ham unutmagan.

Boshqa tomondan, IShIDning Afg‘onistondagi faollashuvi Tolibon harakati asoschisi va uzoq yillik yetakchisi Mulla Muhammad Umarning o‘limi rasman o‘z tasdig‘ini topgan, yangi liderining kim bo‘lishi yuzasidan kelib chiqqan jiddiy ziddiyatlar bois, harakat saflari uchga parchalanib ketgan bir yilga to‘g‘ri kelgan.

Rossiya va IShID

Image copyright Al Hayat Media Centre

Amerikalik yuqori martabali qo‘mondonning yaqinda qilgan bayonotiga tayanilsa ham, IShID Afg‘onistonda kuchlanib bormoqda va hozirga kelib, jangarilarining soni uch mingga yetib qolgan bo‘lishi mumkin.

Rossiya esa, Yaqin Sharqda bo‘ladimi va yoki Afg‘onistonda, IShID guruhi saflarida o‘z va sobiq Sho‘ro davlatlari fuqarolari sonining ortib borayotganidan jiddiy xavotirda.

G‘arblik ayrim tahlilchilarga ko‘ra, IShID saflarida Rossiyaning Shimoliy Qofqozidan bo‘lganlarning soni anchagina bo‘lish barobarida, liderlik mavqeida bo‘lganlarning ham kam emasligi bois, Rossiya ular va boshqa islomiy jangari guruhlarni o‘z xavfsizligiga jiddiy tahdid sifatida ko‘radi.

Rasmiy Kreml o‘tgan yil o‘zining Suriyadagi havo hujumlariga qo‘shilish qarorini ham qisman xuddi shu omil bilan izohlagan.

Jumladan, prezident Vladimir Putin suriyalik hamkasbi Bashar al-Assad bilan Moskvada o‘tkazgan so‘nggi uchrashuvi chog‘ida to‘rt mingga yaqin sobiq Sho‘ro davlatlari fuqarolarining rasmiy Damashqqa qarshi jang olib borishayotganini ta‘kidlagandi.

Ammo xuddi shu qarori ortidan, Rossiya Yaqin Sharqdagi IShID guruhi rasman va oshkora jihod e‘lon qilgan birinchi sobiq Sho‘ro davlatiga ham aylangan.

Rossiya bundan avval IShID bilan birga Suriyada faol bo‘lgan "Nusrat jabhasi" guruhini ham "terrorchi va ekstremistik tashkilot", deb e‘lon qilgan.

Bu ikki guruhning o‘z hududida faoliyat yuritishini rasman taqiqlagan.

Rasmiy manbalarda Yaqin Sharqda IShID guruhi saflarida jang qilayotgan Rossiya fuqarolarining soni 1.500 atrofida ekani taxmin etiladi.

Bu hali hammasi emas...

Rossiya tomonining so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, hozir Afg‘oniston shimolida to‘plangan xorijiy jangarilar orasida markaziy osiyoliklarning soni minglab bo‘lishi barobarida, shimoliy Qofqozdan bo‘lganlari ham yo‘q emas.

Ularning nazdlarida, IShID Afg‘onistonni mintaqada o‘z ta‘sirini kengaytirishda muhim jang maydoni sifatida ko‘rmoqda.

Rahbariyatining xavotirlari manzarasida rossiyalik yuqori martabali xavfsizlik mulozimlari IShIDning Xuroson amirligini barpo etish rejasiga diqqat qaratishgan.

Ularning aytishlaricha, guruhning Afg‘oniston shimolida o‘zining viloyatiga asos solish rejasi Markaziy Osiyo, Eron va Xitoyga ham tahdid solmay qo‘ymaydi.

Afg‘oniston esa, islomiy kvazidavlatning yangi viloyatini tashkil etishda boshlang‘ich maydoncha vazifasini o‘tab beradi.

IShIDning rejasiga muvofiq, keyinchalik uning tarkibiga qator Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari, Eron va Xitoyning shimoliy-g‘arbiy viloyatlari ham kiradi.

ODKB tashkiloti ham o‘tgan yili Afg‘onistondagi IShID jangarilarining soni uch mingtacha ekanini ma‘lum qilgan.

O‘sha paytda IShID ularni ortiqcha shov-shuvlarsiz, hal qiluvchi harakatlar uchun jimgina to‘plashda davom etayotgani ham aytilgandi.

Yaqinda Suriyadagi "Imom Buxoriy" o‘zbek jangari guruhi videobayonot bilan chiqib, Afg‘onistonda ham qanotlarini borligini iddao qilgan.

Hozir Afg‘onistonning Markaziy Osiyo bilan chegaradosh mintaqalarida jang olib borayotgan jangarilar o‘sha qanoti a‘zolari ekanini ham da‘vo qilgan.

Ayni o‘rinda e‘tiborli jihati shundaki, Suriyada asos solingani va jang qilayotganiga qaramay, "Imom al-Buxoriy" guruhi avvalboshdan mintaqada o‘z islomiy xalifati va katta qudratga ega IShID jangari guruhiga emas, toliblarga moyilligini namoyish etib kelgan.

Rossiya nima qiloladi?

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, rasmiy Moskva bundan buyog‘iga ham Afg‘onistonga o‘z harbiylarini yuborishning o‘rniga, qo‘proq Afg‘oniston Qurolli kuchlarini qurollantirish va mamlakat iqtisodini oyoqqa qo‘yish ishlarida ko‘mak beradi.

Ular, o‘z o‘rnida, G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistondan 2014 yildagi ommaviy safarbarligi mintaqada kuchlar muvozanatining o‘zgarishiga olib kelishi, bundan buyog‘iga Rossiya va Xitoy o‘z iqtisodiy yordamlari bilan Afg‘oniston masalasida yakuniy so‘zni aytishga urinishlarini taxmin etishadi.

Afg‘oniston Rossiya-yu Xitoy yetakchi maqomga ega va O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikistonni o‘z ichiga oluvchi Shanxay Hamkorlik Tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ham ega.

Ayrim tahlilchilar Pokiston va Hindiston qatorida rasmiy Kobulning ushbu mintaqaviy tashkilotga to‘liq a‘zolikka erishishga qaratilgan so‘nggi urinishlari manzarasida ShOS bu yaqin kelajakda Afg‘onistonda barqarorlikni qaror toptirishda muhim o‘rin tutishi mumkinligi ehtimolini ham nazardan soqit etishmaydi.

Jumladan, Frantsiyadan tahlilchi suhbatdoshimiz Kamoliddin Rabbimov buni Afg‘oniston siyosiy elitasining bugungi mavqei bilan tushuntirish lozimligini aytadi.

Unga ko‘ra, Afg‘oniston hozir o‘zini geo-siyosiy kurash maydoni emas, global xavfsizlik maydoni sifatida ko‘rishlarini istaydi.

Image copyright EPA

Ya‘ni, rasmiy Kobulning nazdida Afg‘onistonda xavfsizlik va barqarorlik bo‘lmas ekan, global xavfsizlik va barqarorlik ham bo‘lmaydi.

Xuddi shu bois ham, rasmiy Kobul qudratli davlatlarni Afg‘oniston masalasida raqobatchi emas, aksincha, hamkor sifatida ko‘rishni istaydi va ayni shu mavqe‘dan kelib chiqib, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga to‘liq a‘zolikka intilmoqda, deydi suhbatdoshimiz.

Ya‘ni, tahlilchiga ko‘ra, Afg‘oniston bu kabi intilishlari manzarasida tashkilotga a‘zo davlatlar bilan xavfsizlik va iqtisodiy masalalarda hamkorligini kuchaytirmoqchi.

Boshqa tomondan, Rossiya ham Afg‘onistonda barqarorlik bo‘lmasa va yoki u yerda IShID kuchayadigan bo‘lsa, buning o‘zlari uchun toliblardan ko‘ra yirik tahdidga aylanishini anglab turibdi, deydi u.

Suhbatdoshimiz, o‘z o‘rnida, toliblarni orada kechgan vaqt davomida harbiy yo‘l bilan yo‘qotib bo‘lmagani, ularga qarshi diplomatik vositalar ham ish bermagani voqe‘ligiga ham alohida diqqat qaratadi.

Image copyright AFP Getty

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ham o‘zining Moskvaga kuni-kecha qilgan safari chog‘ida Afg‘onistondagi qurolli mojaroga Rossiyaning ishtirokisiz yechim topish urinishlari "yanglish" bo‘lishini bayon qilgandi.

Ammo, o‘z o‘rnida, janob Karimov Shanxay Hamkorlik Tashkilotining bu masalaga aralashuviga izn bermaslik lozimligi haqida ham so‘z yuritgandi.

"Afg‘onistonda vujudga kelgan murakkab vaziyat, yaqin tarix saboqlarini nazarda tutib, u yerdagi siyosiy-harbiy jarayonlarga ShOS tashkilotining aralashuviga izn bermaslik muhimdir. Chunki bu holat nafaqat Kobul, Afg‘onistonda, balki uning sarhadlaridan ancha uzoqda ham noto‘g‘ri talqin qilinishi mumkindir. Bu - xalqaro hamjamiyat tomonidan ShOS a‘zolari u yerdagi vaziyatni hal qilish mas‘uliyatini mutlaqo o‘z ustlariga olmoqdalar, degan ma‘noda talqin qilinishi ehtimoli ham yo‘q emas", - deb aytgan O‘zbekiston rahbari.

Aksariyat tahlilchilarning birdek e‘tirof etishlaricha, afg‘on mojarosidan manfaatdor barcha o‘yinchi davlatlarning manfaatlarini ko‘zda tutmas ekan, bu muammo amalda hech qachon o‘z yechimini topmaydi.

Eng so‘nggida ta‘kidlash joiz, Sobiq Sho‘rolar Ittifoqi 10 yillik harbiy hozirligi ortidan, 1989 yilda Afg‘onistonni tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.

Buning ortidan, Afg‘oniston bir necha yilga cho‘zilgan qonli fuqarolar urushiga botgan va alal-oqibat bularning barchasi 1996 yilda qudratga toliblarning kelishi bilan yakun topgandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq