O‘zbekiston mevalari Rossiyagacha yetib boradimi?

Image copyright bbcuzbek
Image caption O‘zbekiston meva-sabzavotlari Rossiya bozorlariga yetib keladimi?

Prezident Islom Karimov aprel oyida Moskva safari chog‘ida O‘zbekiston Rossiyaga meva-sabzavot yetkazib berishda Turkiya o‘rnini egallashga qodir ekanligiga ishora etgandi.

"O‘zbekiston 2016-yilda meva-sabzavot yetishtirishni 4,5 million tonnaga ko‘paytirmoqchi. Agar bu shartnoma uzoq muddatli bo‘lsa, Rossiyani meva va sabzavotlar bilan ta‘minlashga yetarli imkoniyatga egamiz", deb aytgandi prezident Islom Karimov.

Karimovning bu orzusi, ya‘ni Rossiya bozoridan chetlatilgan Turkiya mahsulotlari o‘rniga O‘zbekiston meva-sabzovotini keltirish oson kechmaydi.

Turkiya so‘nggi 20 yil davomida Rossiyaning meva-sabzavot bozorida yetakchi o‘rinni egallagandi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Moskva va Anqara munosabatlari buzilishiga qadar Rossiya ichki bozoridagi sabzavotlarning qariyb 20 foizi va mevaning 25 foizi Turkiyadan keltirilar edi.

Image copyright bbcuzbek

Rossiya bozorida Turkiya o‘rnini egallash kurashiga faqat O‘zbekiston kirgani yo‘q.

Hozirda Ovroosiyo iqtisodiy ittifoq tashkilotga a‘zo davlatlar Belorus, Qozog‘iston, Armaniston, Qirg‘iziston qatori Ozorboyjon, Eron, Tojikiston, Marokash, Isroil va Misr ham o‘z mahsulotlari hajmini oshirishga intilishmoqda.

Oldin Turkiyadan keltirilgan tsitrus mevalar o‘rnini, endilikda Argentina, Janubiy Afrika respublikasi, Gurjiston va bo‘lginchi Abxaziya mevalari egallamoqda.

Bundan tashqari Rossiyaning Shimoliy Qafqoz respublikalarida yetishtirilgan meva-sabzavot ham bor.

Yil boshida Eron o‘z meva-sabzavotlarini Rossiyaga kiritishni jadallashtirish yo‘lida 100 mln. dollar kredit pul ajratganini e‘lon etdi.

Moskvadagi "Sabzavot yetishtiruvchilar milliy ittifoqi" tashkilotining ijrochi direktori Mixail Glushkovning fikricha, hozirda O‘zbekiston Rossiya bozorida Sho‘rolar davridagi bo‘lgan mavqeini qayta tiklash imkoniyatiga ega. " O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xujaligi mahsulotlari Rossiya bozorida oldindan yaxshi sifati bilan nom chiqarib kelgan. Albatta, hozirda raqobat kuchli. O‘zbekistonning, Eron va Misr kabi davlatlarga qaraganda bizga yaqinligini nazarga olsak, Toshkent Rossiya bozorida yetakchi o‘rinni egallashi mumkin. Lekin qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish infrastrukturasi, menimcha O‘zbekistonda unchalik yaxshi rivojlanmagan. Katta miqdorda meva va sabzavotlarni uzluksiz eksport kilish uchun faqat mahsulot yuqori sifatli bo‘lishi kifoya emas. Zamonaviy omborxonalardan tortib, to qadoqlashga qadar jarayon kun talablariga mos bo‘lishi lozim", deydi Mixail Glushkov.

O‘zbekistonda poraxo‘rlik va achib qolayotgan mevalar

Image copyright bbcuzbek
Image caption Rossiya bozorlarida Turkiya o‘rnini Eron ham egallash harakatida...

"Fud siti" Moskvadagi eng yirik va yangi qurilgan meva-savbzavot savdo markazlaridan biri sanaladi. Bu yerda Markaziy Osiyo respublikalaridan keltirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji va chakana savdoda sotiladi. Ushbu savdo markazi hududida Qozog‘iston va O‘zbekistonga tegishli yuk tashuvchi mashinalardan hozirda karam, ko‘kat va piyoz sotilmoqda. Karam va piyoz xaltalarda, ko‘kat esa karton qutilarda joylashtirilgan.

Shu kunlarda Markaziy Osiyodan gilos ham keltirilishi kutilmoqda.

Men suhbatlashgan O‘zbekistonlik haydovchi va sotuvchilarning aksariyati bozor kasodligidan, ko‘katlarning muhlati o‘tib borayotgani va sabzavotning buzilayotganidan shikoyat qilishdi. Ularga ko‘ra O‘zbekistondan chetga mahsulot chiqarish qiyinlashgan, xususan poraxo‘rlik, korruptsiya bizneslariga katta to‘siq yasamoqda. O‘z nomini aytishni istamagan O‘zbekistonlik ishbilarmonning aytishicha, O‘zbekistonda yetishtirilgan sabzavot mevalarning katta qismi Qozoqistonga noqonuniy yo‘l bilan o‘tkaziladi va u yerdan Rossiya shaharlariga tarqatiladi.

Uning fikricha, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy tashkilotga a‘zo bo‘lmagani, o‘zbek ishbilarmonlari biznesini ancha qiyinlashtirgan. Ovroosiyo iqtisodiy ittifoq tashkilotga a‘zo davlatlarning o‘z mahsulotlarini Roosiyaga kiritishda qator imtiyozlar belgilangan.

O‘zbekiston esa bunday imtiyozlardan mahrum. Oldinroq rasmiy Toshkent Bojxona Ittifoqiga a‘zo Qozog‘iston vositachilari xizmatidan voz kechib, O‘zbekiston meva-sabzavotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyaga kiritishga yordam berishni so‘rab, Rossiya rahbariyatiga murojaat etgan edi.

Aftidan Islom Karimovning so‘nggi Moskva safari chog‘ida ham Toshkent iltimosi ijobiy hal etilmagan.

Yaqinda davlatga qarashli "O‘zulgurjisavdoinvest" assotsiatsiyasi tomonidan Moskva va Novosibirsk shaharlarida "Marka Fud Tashkent", "Rus-Uz Invest" va "RVT FAZO" nomli uchta savdo uyi ochildi.

Image copyright bbcuzbek

Bu kabi savdo uylarini Sankt-Peterburg, Kaliningrad, Vladivostok kabi qator shaharlarda ochish rejalangani aytilmoqda.

Toshkent rasmiylariga ko‘ra, ushbu savdo uylari asosan o‘zbek meva-sabzavot mahsulotlarini katta hajmda eksport qilishga qaratilgan.

Moskva orqali O‘zbekiston mevalarini Boltiq bo‘yi va Skandinaviya mamlakatlariga, Novosibirsk orqali esa Sibir va Uzoq Sharq mintaqasiga chiqarish ko‘zda tutilgan.

Joriy yil boshida "O‘zagroimport" shirkati buyurtmasi bo‘yicha ilk bor "O‘zbekiston Havo Yo‘llari" shirkatining yuk tashuvchi Boeing 767-300F uchog‘ida Rossiyaning Voronej shahriga 47 tonna sabzavot mahsulotlari keltirilgan edi.

Toshkent mulozimlariga ko‘ra sabzavot va mevalarni Rossiyaning boshqa shaharlariga uchoqlarda tashish yanada ko‘paytiriladi.

Meva-sabzavot avtorefrejeratorlari Markaziy Osiyodan Rossiya hududiga taqriban bir haftada yetkazilsa, uchoqlarda 4-5 soatda yetkaziladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq