Leningrad qamali: "Maktab o‘quvchilari jasadlarni sanashar edi..."

Bugun Sobiq Itifoq respublikalari Ikkinchi Jahon urushida fashistlar Olmoniyasi ustidan erishilgan g‘alabaning 71 yilligi nishonlashmoqda.

Millionlab qurbonlar, vayron etilgan shahar va qishloqlar, yetim qolgan bolalar...

Bularning hammasi ushbu dahshatli yillarga guvoh bo‘lganlar xotirasida hanuz kechagi ro‘y berganday muhrlanib qolgan.

O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan gapirarkan, Prezident Karimov 1941-1945 yillari O‘zbekiston mislsiz bag‘rikenglik namunasini namoyish etganini, 1 million go‘daklarni, keksa va ayollarni boqib olib, boshpana berganini urg‘ulagan.

Jurnalistlar Prezident Karimovning urush nomini O‘zbekiston rasmiy matbuoti uchun atash majburiy qilingan "Ikkinchi Jahon urushi" deb emas, "Ulug‘ Vatan urushi" degani, 9 mayni Xotira va qadrlash kuni bilan birga fashizm ustidan G‘alabaning 71 yilligi deb ataganiga e‘tibor qaratganlar.

Image copyright bbc
Image caption Urush ko‘rganlar

Bu urushning eng dahshatli hodisalaridan biri fashistlar tomonidan Leningrad, hozirda Sankt Peterburg deya yuritilayotgan shaharning qariyib uch yil mobaynida tashqi dunyodan uzib qo‘yilganidir. (Leningrad qamali 1941 yil sentyabr oyidan 1944 yil yanvar oyiga qadar davom etgan).

Qamal mobaynida shahar yashovchilari to‘xtovsiz havo va artilleriya hujumlari ostida o‘lim va ochlik bilan kurashib yashaganlar. Ulardan biri hozirda O‘zbekistonda yashayotgan Zaytuna Muratova.

O‘sha vaqtda 7 yoshli qizaloq bo‘lgan Zaytuna Muratova biz bilan suhbatda o‘sha kunlarni shunday xotiradi:

Zaytuna Muratova: Bizning o‘qituvchilarimiz qishda maktabga yaqin ko‘chalardagi ko‘p qavatli uylardan birining adresini berishardi. Biz o‘sha uydagi kvartiralarni borib, tekshirib chiqishimiz kerak edi. Kvartiralar hammasi kommunal kvartira edi, bir necha oila bitta kvartirada yashashardi. O‘sha kvartiradagi har bir xonaga kirib chiqib, o‘lganlar yoki chala o‘liklar bormi yo‘qligini ko‘rib, qayd qilishimiz kerak edi. O‘lik bor bo‘lgan manzilni yozib olib, o‘qituvchimizga keltirib berishimiz kerak edi.

BBC: Siz yetti-sakkiz yoshli bola shu ish bilan shug‘ullangan edingizmi?

Zaytuna Muratova: Ha, lekin har kuni emas. Bundan tashqari Nevskiy prospekt bilan Fontanka ko‘chasining burchagida joylashgan Pionerlar Uyini shifoxonalar yetishmaganligi uchun gospitalga aylantirishgandi. O‘sha gospitalga borib, hamshiralarga yordam berardik. Qo‘limiz steril toza bo‘lmagani uchun nima qilardik....Jarohatlangan askarlar yarasini bog‘lash uchun ishlatilgan bog‘ichlarni yechib, yuvib, qayta ishlatishardi. 5-6 metrlik yuvilgan bog‘ichlarni o‘rama qilib taxlab berardik. Bintlarni o‘rayotgan vaqtimiz, jarohat bilan yotgan askarlarga she‘r , qo‘shiq aytib, ularning ham ko‘nglini chog‘lardik. Ana shu bizning frontga yordamimiz edi.

BBC: Bu hodisalarni hozirda birovga aytib bersangiz, ishonishlari qiyin bo‘lsa kerak.

Zaytuna Muratova: Kimgadir qiziq, kimdir ishonmaydi, ertak bu, o‘ylab chiqilgan hodisa bularning hammasi deydi. Kimgadir o‘ylab chiqilgan bo‘lib ko‘rinar, lekin men uchun bu mening real hayotim. Leningradlik yaqinlarim necha marotaba aytishdi, qayta qol, O‘zbekistonni tashla endi, deb. Lekin men ketishni istamayman. U yerga borib nima qilaman, qizim bilan kuyovimga cho‘ri bo‘laymi yoki o‘g‘lim bilan kelinimga uy qo‘riqchisi? Men hech kimga tobe bo‘lishni istamayman. Menga bu kerak emas.

BBC: O‘sha blokada vaqtidagi hayotingizni eslash juda og‘riqli bo‘lsa kerak...Eng dahshatli onlar qanday bo‘lgan?

Zaytuna Muratova: Urushdan keyin yozuvchi, shoirlar uyma-uy yurib xotiralarni yozib olishardi. Onam gapira olmasdi, urush vaqti haqida so‘z ochishi bilan yig‘lashni boshlardi. Buvim ham gapira olmasdi. Men yosh qiz bo‘lib, tinmay gapirib berardim. Eng dahshatlisi, men sizga aytsam...Bir tomondan dahshatli, lekin boshqa tomondan men uchun o‘ta qiziqarli edi...Yosh bola bo‘lib, uyma-uy yurish va o‘liklar yoda chala o‘liklarni qidirish men uchun juda qiziq edi. Kommunal kvartirlarning birontasi qulflangan bo‘lmasdi. Xonalar bo‘m-bo‘sh. Masalan biz yashagan kvartirada 8 oila, 32 kishi yashardik. Hamma uchun bittagina radio - oshxonada, devorga osilgan bo‘lardi. 32 kishiga bitta hojatxona, bitta yuvinish uchun rakovina. Issiq suv yo‘q. Men boshqa kvartiralarga borib, u yerda odamlar qanday yashayotganini ko‘rishga qiziqardim. Mana bu uy, mana bu qavatda, mana bu xonada jasad bor, deb yozardik.

BBC: Bu juda qo‘rqinchli bo‘lsa kerak?

Zaytuna Muratova: Albatta qo‘rqinchli. Yo‘laklarda chiroq yo‘q. Qorong‘u. Kvartiralar ochiq, bizni u yerda nima kutayotganini bilmasdik. Lekin bizni nima kutardi. Oyoq ostida, qog‘oz, lattaga o‘ralgan najaslar. Oqava tizimi ishlamaydi, odamlarning ko‘chaga chiqishga holi yo‘q, yozilib, qog‘ozga o‘rab zinaga tashlab qo‘yaverishgan. Yoki derazadan pastga uloqtirishgan... Buvim bormagin, deb urishardi. O‘qituvchimiz aytdi, derdim. Gospitalga bemalol jo‘natardi, lekin uyma-uy yursam urishardi. Bularning hammasini maktabdan keyin qilardik. Bomba hujumidan keyin bombaxonalarni yig‘ishtirishga ham buvimga yordam berardim. U farrosh edi, odamlar ketgandan keyin u yerni ham yig‘ishtirish kerak edi. Bolalagimiz shunday bo‘lgan.

BBC: Yosha bola bo‘la turib qayta-qayta jasadga duch kelish dahshatli bo‘lsa kerak?

Zaytuna Muratova: Jasadning nimasidan qo‘rqasiz. Xuddi uxlab yotgan odamga o‘xshaydi. Ko‘rpa tagida yotibdi, deylik. Biz uni ushlab ko‘rsak, muzdek. Ochib qaramas ham edik, ayolmi, erkakmi, yoshi nechada. Faqat qayd qilardik. Mana bu kvartira, mana bu qavat, kommunal kvartiradagi dahlizning chap yoki o‘n tomonidagi ikkinchi yoki uchinchi eshikdaga xonada o‘lik bor, deb yozardik, tamom. Nimaga o‘likdan qo‘rqishimiz kerak. O‘lik senga hech nima qilmaydi. Tiriklardan qo‘rqish kerak edi. Chunki och-nahor tirik insonlar, yarim tundan erta tongga qadar navbatda turib, olgan kundalik norma - 125 noningni qo‘lingdan tortib olib ketishlari mumkin edi.

Yaralar bitmaydi...

Albatta hozirda kam sonli hayot bo‘lgan urush faxriylariga naqadar g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmasin, fashizm ustidan g‘alaba uchun berilgan qurbonliklarning o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydi...

Lekin Toshkentda yashovchi va urush davrida besh yil Avstriyadagi kontslagerda o‘tkazgan Fedor Bolbas ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan qoniqishini aytadi.

"Ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan shikoyat qilmayman. Bizni hurmat qilishadi. Oziq-ovqat bilan yordam berishadi, moliyaviy yordam qilishadi", deydi u.

Oxirgi vaqtlarda Georgiy lentasi kabi nishonlarni taqib yurish-kerakmi, kerakmasmi, "O‘lmas polk", degan ko‘ngilli tashabbus asosida boshlangan amallarni o‘tkazish lozimmi degan bahslar haqida gapirar ekan Fedor Bolbasning aytishicha, turli nishonlar taqalishiga u qadar e‘tibor bermaydi.

"Gap bunda emas. Urush vaqtida hammamiz birga kurashganmiz! O‘zbekistonliklar ham, Sovet Ittifoqida yashagan hamma xalqlar. Hammamiz birga edik, hozir ham ajratib o‘tirishning keragi yo‘q", deydi u.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq