Iroqdagi ID rahbari o‘ldirilgan

Image copyright AP
Image caption Shokir Vohib nomi bilan tanilgan Abu Vahib Anbar viloyatida "ID amiri" bo‘lgan

AQSh Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Iroqning Anbar viloyatida Amerika boshchiligida xalqaro kuchlar amalga oshirgan havo hujumida "Islomiy davlat"ning asosiy rahbarlaridan biri o‘ldirilgan.

Qo‘shma Shtatlar Mudofaa vazirligi matbuot so‘zchisi Peter Kukga ko‘ra, 6 may kuni Rutba yaqinida ichida Abu Vahib bo‘lganiga ishonilgan avtomobil nishonga olinishi natijasida u doxil yana uch jangari halok etilgan.

"Shu kunlarda Iroq va Suriyada IShID rahbarlaridan bo‘lish xatarli", deb aytgan janob Kuk.

Abu Vahib bundan oldin ham bir necha bor o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgan, biroq keyin ular yolg‘on bo‘lib chiqqan.

Pentagon Shokir Vahib nomi bilan tanilgan Abu Vahibni Anbar viloyatida "ID kuchlari amiri" bo‘lgan deya ta‘riflaydi.

Jihodiy guruh 2014 yilda aholisining aksariyati sunniy arablardan iborat yirik Anbar viloyatini bosib olgan edi.

Kuzatuvchilarga binoan, 1986 yilda tug‘ilgan, sobiq kompyuter talabasi Abu Vahibga "Islomiy davlat" ning umidli rahbarlaridan biri deb qaralgan.

Iroqdagi Al-Qoidaning sobiq a‘zolaridan biri, so‘ngra ID safiga o‘tgan Abu Vahib AQSh harbiylari tomonidan 2006 yilda ushlanib, o‘limga hukm etilgan, biroq 2012 yil u qamoqdan qochishga muvaffaq bo‘lgan.

So‘ngra u Suriyadan Iroqqa qatnovchi yuk mashina haydovchilarini o‘ldirganligi bilan nom chiqargan.

Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Kukning aytishicha, Abu Vahib nafaqat Anbar viloyatining, balki butun "Islomiy davlat"ning nufuzli rahbarlari qatorida sanalgan.

Shu bois, uning o‘ldirilishi xalqaro kuchlarning oldinga katta qadami, deyish mumkin.

AQSh boshchiligida xalqaro kuchlar hujumlarida oxirgi paytda bir nechta IShID rahbarlari o‘ldirilgan, Abu Vahib ularning oxirgisidir.

Bundan oldin Iroqda Hoji Imom laqabi bilan mashhur Abdul Rahmon Mustafo al Qaduliy va Umar al-Shishaniy yoki "Umar chechen" nomi bilan tanilgan "urush vaziri" Tarxon Batirashvili o‘ldirilgan edi.

Xalqaro kuchlarning harbiy amaliyotlariga qaramasdan, "Islomiy davlat" jangari guruhi Iroqning Suriya bilan chegaradosh katta hududlarini nazorat qilib turibdi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq