O‘zbekistondan Hindistonga shifo izlab

Image caption O‘zbekistonliklarda oxirgi paytlarda hind jarrohlar tajribali, yaxshi va arzonga davolashadi, degan fikr shakllangan

Hindistonda tibbiy turizm tez o‘sayotgan sohalardan biri hisoblanadi. Sifatli tibbiy xizmat va soni ortib borayotgan xorijiy mijozlar uchun davolanishning past narxlari sohani rivojlantirish omillari deb qaralmoqda.

Ma‘lumotlarga qaraganda, 2005 yilda 150 ming tibbiy sayyoh Hindistonga kelgan bo‘lsa, 2008 yilda bu raqam 200 minggacha oshgan. 2015 yilga kelib xorijiy mijozlar soni 3 million 200 mingga yetgan.

Hindistondagi Brukins instituti hisobotiga ko‘ra, 2014 yilda xorijiy turistlarning qariyb 60 foizi Maldiva orollaridan, 16,5 foizi Afg‘onistondan tashrif buyurishgan. Shuningdek, sifatli va arzon meditsina xizmati qidirib Hindistonga kelganlar orasida Bangladesh, Nepal, Shri Lanka, Uganda, Nayrobi va pokistonliklar ham ko‘pchilikni tashkil qilgan.

Biroq e‘tiborli jihati shuki, oxirgi yillarda O‘zbekistondan davo istab Hind sari yuzlanganlar sezilarli tarzda ortgan.

"Bizda doim xorijiy mijozlar bo‘lgan. Ilgari asosan Pokiston, Afg‘oniston, Afrika mamlakatlari va Yaqin Sharqdan kelishgan bo‘lsa, so‘nggi vaqtda ular orasida o‘zbekistonliklarni ko‘plab uchratish mumkin. Ular yurak va ko‘z jarrohligi, saraton, tizza va bel suyaklari kasalliklarini davolatish uchun kelishmoqda", deydi Hindiston Tibbiyot fanlari akademiyasi vakili doktor Manoj.

O‘zbekistondagi sayyohlik shirkatlari uchun Hindistonda tibbiy turizm katta biznesga aylanib ulgurgan. Shu boisdan, O‘zbekistonda Hindistonda davolanishni reklama qilgan e‘lonlarni tez-tez uchratasiz.

"O‘zbekistonliklarning Hindistonga tibbiy maqsadlarda qiziqishiga sabab, AQSh va Britaniya kabi mamlakatlardagi sog‘liqni saqlash xizmatlari va yashash narxlari bilan solishtirganda bir necha barobar arzonligidir. Ular uchun Hindistonga kelish arzon va hind yurak jarrohlari, hatto tish va ko‘z shifokorlari tajribali, yaxshi davolashadi, degan fikr shakllangan", deb aytadi o‘zbekistonlik Ahmad.

Bir qancha kasalxonalarda hatto bepul tarjimonlarni ham topish mumkin, bu mijozlar uchun katta qulayliklardan biri, deya qo‘shimcha qiladi u.

Bundan oldin xorijda davolanishga qurbi yetgan aksariyat o‘zbekistonliklar Rossiya, Isroil, Olmoniya va Tailandga borgan bo‘lsalar, keyingi paytda Hindistonni tanlashlari bejizga emas.

Tibbiy turizmdan kelayotgan daromadning ortishi bilan Hindiston hukumati bu sohada xorijiy mijozlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish, imkoniyatlarni yaxshilash choralarini ko‘ra boshlagan. Jumladan, hukumat chet eldan davolanishga keluvchilar uchun viza muddatini cho‘zish tartibini ishlab chiqayotgani aytiladi.

Raqamlarga qaraganda, tibbiy turizmdan Hindiston 3 mlrd dollargacha daromad olmoqda. Bu oldingi yillarga nisbatan 20 foizga ko‘p deganidir. 2020 yilga borib Hindiston ushbu sohadan 8 mlrd dollar foyda olishi kutiladi, deydi hindistonlik jurnalist Amrita Sharma.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring