Hukumat BBCdan "o‘ziga xoslik" talab qilmoqda

Image copyright PA

Britaniya madaniyat vaziri Jon Uittingdeyl "boshqalardan ajralib turadigan mazmun-mundarija" BBC faoliyatining markazida bo‘lishi kerak", deb aytgan.

Bu haqda u britan parlamentidagi chiqishida gapirgan.

Payshanba kuni Uittingdeyl "Oq kitob" deb atalgan BBCdagi islohotlarning yakuniy rejasini taqdim etgan.

Britaniyadagi byurokratiya tilida "yakuniy nusha" mazmunini anglatuvchi "Oq kitob" parlamentda muhokama qilinadi, ammo ovozga qo‘yilmaydi.

Ushbu hujjat BBC faoliyatining asosiy tamoyillarini ishlb chiquvchi Qirollik Xartiyasiga asos qilib olinadi.

Unda shuningdek, BBCni moliyalash mexanizmi hamda boshqaruv tizimi ham belgilanadi.

Joriy Qirollik Xartiyasi 2016 yil oxiriga qadar amal qiladi.

Yangi Xartiya 11 yilga mo‘ljallangan.

Britan madaniyat vaziri urg‘u bergan "o‘ziga xoslik" BBCning yangi missiyasida ham aks etadi.

Ushbu missiya "Jamoatchilik manfaatlari yo‘lida amal qilish, barcha auditoriyalarga xolis va yuqori sifatli mediakontent berish, xabar va ma‘rifat tarqatish hamda ularning vaqtini chog‘ qilish" dan iborat bo‘ladi.

"Yangi dasturlarga g‘oyalarni muhokama qilgan payt, muharrirlar faqat reting haqidagina o‘ylamasdan, qanday qilsak novatorlik asosidagi va yuksak sifatli mahsulotga ega bo‘lamiz, degan savolni berishlari kerak", deb aytgan hukumat mulozimi.

"Dushmanona munosabat"

Keng ko‘lamli o‘zgarishlar BBCning boshqaruv tizimiga ham ta‘sir ko‘rsatadi.

Jumladan, BBCning yuqori nazorat idorasi bo‘lgan BBC Trust tugatiladi, uning vazifasi britan ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga soluvchi Ofcom ga yuklatiladi.

Image copyright Reuters
Image caption Madaniyat vaziri Jon Uittingdeyl

Ayni paytda yangi boshqaruv kengashi ham tashkil etiladi.

Uning bir qism a‘zolari hukumat tomonidan tayinlanadi, ammo a‘zolarining kamida yarmi BBC tomonidan tayinlanishi kerak.

Yangi kengashning vazifasi "BBCning strategiya, faoliyati hamda mahsulotlari jamoatchilik manfaatlariga xizmat qilishi"ni ta‘minlashdan iborat bo‘ladi.

Yangi Xartiya amal qiladigan 11 yil davomida BBCni moliyalashning xonadonlardan olinadigan majburiy litsenziya to‘lovlari asosiga qurilgan amaldagi tizimi saqlanib qoladi.

Hozirda ushbu to‘lov bir yilda 145 yarim million funt-sterling (taqriban 226 million AQSh dollari)ni tashkil qiladi.

BBC Jahon Xizmatining yillik byudjeti kelasi 5 yilda 254 million funt-sterlingni tashkil etadi.

Bundan tashqari, Jahon Xizmati britan hukumatidan 2020 yilga qadar 289 million funt-sterling qo‘shimcha mablag‘ oladi.

BBC yulduzlarga to‘lanadigan haq, agar yiliga 450 ming funt-sterlingdan ko‘p bo‘lsa, bu haqda jamoatchilikka ma‘lumot berish majburiyatini oladi.

Uittingdeylning bayonotiga javoban parlamentda chiqish qilgan leyboristlarning madaniyat so‘zchisi Mariya Igl vazirni BBCga nisbatan dushmanlikda ayblagan.

"Bilamizki, vazir Bi-bisiga nisbatan dushmanona munosabatda, shuning uchun ham uni kichraytirmoqchi", deb aytgan muxolifatdagi leyboristlarning "soya hukumati"dagi madaniyat vaziri.

BBC bosh direktori Toni Xollning aytishicha, "Oq kitob" "jamoatchilik ishonadigan kuchli va ijodiy BBC uchun mandat beradi".

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring