Braziliyada Rusef iste‘fosi uchun ovoz berildi

Image copyright AP

Braziliya parlamenti yuqori palatasi mamlakat prezidenti Dilma Rusef iste‘fosi jarayoni boshlanishi uchun ovoz bergan.

Impichmentni 55 deputat yoqlagan, 22 tasi qarshi chiqqan. Dilma Rusef impichment jarayoni vaqtida o‘z vazifasidan zudlikda chetlashtiriladi.

Senat majlisi uzoq davom etgan marafonga aylanib ketgan. Ovoz berish oldi o‘tkazilgan debatlarda aksariyat senatorlar, 81 tadan 70 tasi qatnashgan.

Deyarli barcha so‘zga chiqqanlar prezident iste‘fosini yoqlab gapirganlar, biroq Rusefning Ishchilar partiyasidagi safdoshlari voqealarni soxta deb ataganlar va prezidentni quvvatlaganlar.

Senatdagi ovoz berish arafasida Dilma Rusef o‘zining hokimiyatdan chetlashtirilishiga qarshi so‘nggi bor urinib ko‘rgan, biroq Oliy mahkama uning impichmentga to‘siq qo‘yish so‘roviga rad javobi bergan.

Shundan so‘ng prezident senat qarorini kutib o‘tirmay, o‘ziga tegishli narsalarni olib ish xonasini tark etgani aytiladi.

Senatning impichment to‘g‘risidagi qarori Braziliya parlamenti yuqori palatasida prezidentni hokimiyatdan chetlashtirish ishi bo‘yicha eshituv o‘tkazilishini anglatadi. Bu vaqtda u o‘zining prezidentlik vazifalarini bajarmaydi.

Image copyright EPA
Image caption Dilma Rusef iste‘fosi talab qilingan noroziliklar

Dilma Rusefni 2014 yil saylov kampaniyasi paytida mamlakat byudjetidagi haqiqiy defitsitni yashirganlikda ayblamoqdalar.

Bu bilan bir vaqtda Braziliyada 2014 yildan davlat nazoratida bo‘lgan Petrobras shirkatidagi korruptsion tizimlarni tekshirish davom etayapti.

Rusef xonimning o‘zi ayblovlarni inkor qiladi va o‘z raqiblarini siyosiy tovlamachilikda ayblaydi. Shuningdek, u iste‘foga chiqmasligini yana bir bor ta‘kidladi.

"Bu fikr mening xayolimga hech qachon kelmagan", dedi Rusef xonim.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq