Kreml Putinning kuyovi haqidagi maqola uchun bosim o‘tkazyaptimi?

Oxirgi vaqtlarda Rossiya matbuotida RBK va u tegishli Mixail Proxorovga Kreml tomonidan bosimlar o‘tkazilayotgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgan. Kreml buni rad qiladi.

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Proxorovning ONEKESIM shirkati tizimlaridagi tintuvlar va RBKga aloqador tekshiruvni nashrga bosim sifatida bog‘lamaslikka chaqirgan.

"Hech qanday bosim o‘tkazilmayapti, agar shirkatga nisbatan qandaydir tekshiruv harakatlari amalga oshirilgan bo‘lsa, bu savolni aynan shu tekshiruvlarni o‘tkazayotgan vazirlik yoki surishtiruv idoralariga berish kerak", deb aytgan janob Peskov.

Peskovga ko‘ra, Prezident Putin bilan ONEKSIM rahbari Mixail Proxorov bilan uchrashuvdan uning xabari yo‘q. Aniqrog‘i, bunday uchrashuv bo‘lib o‘tmagan.

Oldinroq, Rambler News Service xabar berishicha, IIV ning Moskva bo‘limi tergovchilari 29 aprelda RBK mediaxolding ustidan tovlamachilik bo‘yicha jinoiy ish ochganlar. Jurnalistlar bunga dalil sifatida idora qarori nusxasini ilova keltirishgan.

Agentlikka ko‘ra, jinoiy ish RBK xoldingi tarkibidagi "Bayt-Telekom" sobiq hissadori Panov arizasiga ko‘ra ochilgan. Panov va uning hamkori Karetskiy "Bayt-Telekom" sotuvi natijasida 25 foiz aktsiyalari yoki 13,4 milliona dollar yo‘qotganini aytgan.

Aytilishicha, jinoiy ishda xoldingning top menejerlari, jumladan RBK direktori Nikolay Molibog ham bor.

IIV ning Moskva bo‘limi boshqarmasi shirkatning 25 foiz aktsiyalari o‘g‘irlangani borasida jinoiy ish ochilganini tasdiqlagan. Biroq gumonlanuvchilar shaxslari hozircha ma‘lum emasligini bildirgan.

O‘z o‘rnida RBK ma‘muriyati shirkat sha‘niga salbiy ta‘sir qilganligi uchun Rambler agentligi va Panovni mahkamaga berishini aytmoqda.

Oxirgi vaqtlarda RBK va u tarkibida bo‘lgan Proxorov xoldingiga qarshi bosimlar kuchaygani haqida xabarlar chiqqan. Jumladan, "Dojd" telekanaliga ko‘ra, 14 aprelda Proxorovning ONEKSIM shirkati ofislarida tintuvlar bo‘lgan. Manbalarning aytishicha, Proxorov bosimlar orqasidan mediaxoldingni sotishga majbur bo‘lishi mumkin.

"Dojd" va "Vedomosti" RBK egasini o‘zgartirish yuqoridan buyruq, degan fikrni ilgari surgan.

Image copyright Reuters
Image caption Katerina Tixonova Putinning qizi ekani aytiladi. Kreml bu haqda izohlamagan

Bosimlar aynan Kreml tomonidan ko‘rsatilganini qayd etgan Dojd telekanali. Hukumat RBKdagi maqolalar, xususan Vladimir Putinning qizi ekani taxmin qilingan Yekaterina Tixonova va uning turmush o‘rtog‘i deb ko‘rilgan Kirill Shamalov to‘g‘risidagi ma‘lumotlar yozilganidan norozi bo‘lgan. Maqolada Kirill Shamalovning daromadlari to‘g‘risida so‘z borgan. Mediaxolding xo‘jayinini o‘zgartirish topshirig‘i eng yuqori darajada berilgan va xavotirga tushgan amaldorlar uni so‘zsiz bajarishlari lozim bo‘ladi, deb aytgan manba.

Gazeta "Vedomosti"ro‘znomasi ham Proxorovga RBKning muharriyat siyosati uchun bosimlar o‘tkazilayotganini yozgan. Bundan oldin Proxorovga qarashli nashrlar Putinga yaqin shaxslar haqida tekshiruvlarni chop etishgan.

RBK xodimi Bosh Prokuratura kichik hissalar uchun shunchalik tez sur‘atlar bilan tekshiruvlar boshlaganidan hayratda ekani, lekin xulosa qilishga ertaligini aytgan "Vedomosti" jurnalistiga.

Image copyright RIA Novosti

Vladimir Putinning ikki qizi va oilasi haqida juda kam ma‘lumotlar ma‘lum. Ayniqsa uning qizlarining bugungi faoliyati, qayerda ekanligi qattiq sir tutiladi.

2012 yil martida oilasi haqidagi savollardan biriga javob berarkan, Putin janoblari rafiqasi va qizlarini tinch qo‘yishni so‘ragandi.

"Oilam a‘zolari siyosat bilan ham, biznes bilan ham shug‘ullanishayotgani yo‘q, hech qayerga burunlarini suqishmayapti ham va men hamma ularni tinch qo‘yishini istardim. Bu ularning shaxsiy xotirjamligi va xavfsizligi bilan bog‘liq", deb aytgan Vladimir Putin xorijiy matbuot bosh muharrirlaridan biri bilan uchrashuvi chog‘i.

Bundan bir necha yil oldin Vladimir Putining sobiq gimnastikachi Alina Kabayeva bilan yaqin munosabatlari haqida yozgan ro‘znoma ham yopilgan edi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq