O‘zbekiston: "Quloq"lik tajribasi ommalashtiriladimi?

Image copyright anons.uz
Image caption Elmira Bositxonovaning Farg‘ona vodiysiga safari mahalla fuqarolar yig‘inlariga saylovlar o‘tayotgan paytga to‘g‘ri kelgan

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari va Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova oilalar ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirgan.

Bu haqda Bositxonova xonim chorshanba kuni Farg‘ona viloyatida o‘tgan mahalla maslahatchilari bilan uchrashuv chog‘ida gapirgan.

Uchrashuvda qatnashgan faollardan birining BBCga bildirishicha, O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi bu borada Toshkentning Chilonzor dahasidagi mahalla inspektorlaridan birining tajribasini ommalashtirish haqida qaror qabul qilgan.

Nomi tilga olinmagan nozir, mamlakat xotin-qizlari rahbarining aytishicha, keksa onaxonlardan birini o‘ziga yordamchi qilib olgan.

Nozir har kuni bu onaxonga qo‘ng‘iroq qilib, "mahallada kimning uyida notinchlik bo‘lganligini, kimning farzandi ikki kundan buyon uyga kelmayotganligini, yana kimning uyiga qanaqa mehmonlar kelganligini" aniqlab oladi.

Ismi oshkor etilishini istamagan faolning BBCga aytishicha, Bositxonova xonim mahalla profilaktika nozirlariga "har bir mahalladan bir nafardan keksa onaxonlarni o‘zlariga vakil qilib olish" haqida buyruq bergan.

"Har bir mahalladan bir nafardan keksa onaxonlarni o‘zlaringizga vakil qilib olinglar. Har kuni o‘sha mahalladagi vakilingizga qo‘ng‘iroq qilib, mahallada kimning uyida notinchlik bo‘lganligini, kimning farzandi ikki kundan buyon uyga kelmayotganligini, yana kimning uyiga qanaqa mehmonlar kelganligini so‘rab oling. Toshkentning Chilonzor dahasidagi bir mahalla inspektori xuddi shunday qilar ekan, o‘sha inspektorning ishini respublikada ommalashtirmoqchimiz", deya Bositxonovaning so‘zlaridan iqtibos keltiradi BBC manbasi.

"Cho‘rilikdan koordinatorlikka"

Bosh vazir o‘rinbosari o‘z so‘zida mahallalarning diniy ma‘rifat va ma‘naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi shaxsan Prezident tomonidan joriy etilgani ta‘kidlagan.

U shuningdek, mahalla faollariga o‘zlariga biriktirilgan "ichki ishlar xodimi, o‘qituvchi, mehnat vazirligi vakili, tibbiyot hamshira"larining xizmatidan unumli foydalanishni maslahat bergan.

"Sizlar endi cho‘rilikdan, yugurdaklikdan, bo‘zchining mokkisidek yugurishdan koordinatorlikka o‘tinglar", deya maslahat bergan Bositxonova xonim.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisasi avvalroq mamlakat bo‘ylab ayollar uchun maxsus basseynlar qurish va "milliy ich-kiyimlar yaratish" tashabbusi bilan chiqqandi.

Uning Farg‘ona vodiysiga safari mahalla fuqarolar yig‘inlariga saylovlar o‘tayotgan paytga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbekiston hukumati mahallani "muhim o‘z-o‘zini boshqaruv instituti" deya taqdim etib keladi.

Ammo inson haqlari faollarining aytishlaricha, mahalla fuqarolar yig‘inlari amalda hukumat, huquq-tartibot idoralari va xususan, Milliy Xavfsizlik Xizmatining joylardagi ko‘zi va qulog‘i vazifasini bajaradi.

2004 yilda Hyuman Rayts Votch tashkiloti o‘zbek hukumati amalda mahallalarni repressiv boshqaruv apparatining bir qismiga aylantirgani haqida hisobot chop etgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring