Ruslanning raqibi kamaridan mosuvo etildi

Ikkinchi doping sinovidan ham o‘ta olmagani bois, Jahon Boks Uyushmasi(WBA) avstraliyalik bokschi Lukas Braunni jahon chempionligi kamaridan mosuvo etdi va olti oyga boksdan chetlatdi.

37 yoshli Lukas Braun shu yilning 5 mart kuni professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida jahon chempionligi uchun bo‘lib o‘tgan jangda o‘zbekistonlik nomdor bokschi Ruslan Chagayevni mag‘lub etgan.

Checheniston poytaxti Grozniyda kechgan ana shu jang ortidan Lukas Braun Avstraliya tarixida o‘z vazn toifasida birinchi jahon chempioniga aylangandi.

Ammo jang ortidanoq uning peshobidan taqiqlangan klenbuterol preparati nishonalari aniqlangandi.

Jahon Boks Uyushmasining rasmiy web sahifasida yozilishicha, ikkinchi doping sinovi natijalarini kutib, birinchisi ortidan avstraliyalik bokschiga nisbatan orada biror bir chora ko‘rilmagan.

Ammo so‘nggi tekshiruv xulosalari ham dastlabkisini tasdiqlashi ortidan, Jahon Boks Uyushmasi maxsus qo‘mitasi o‘z tartib-qoidalariga muvofiq, Lukas Braunni jahon chempionligi kamaridan mosuvo etish va uni olti oyga boksdan chetlatishga qaror qilgan.

Uyushmaning bu xususdagi rasmiy xabari 12 may sanasi ostida chop etilgan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, ringga qaytish yoki qaytmaslik niyatiga qarab, yarim yillik taqiqdan so‘ng Braunning mavqei qayta ko‘rib chiqiladi.

Ruslan Chagayev-Fres Okendo

Image copyright AP

Jahon Boks Uyushmasining so‘nggi qarori ortidan esa, Ruslan Chagayev o‘zining sobiq raqibi Fres Okendo bilan qayta muzokaralarini boshlashi mumkin bo‘ladi va unga buning uchun 120 kun muhlat beriladi.

Joriy paytda asli puerto-rikalik bokschi professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida muvaqqat jahon chempioni Luis Ortiz va Aleksandr Ustinov o‘rtasidagi jang g‘olibi bilan ringga chiqishga asosiy rasmiy da‘vogar sanaladi.

Eslatib o‘tish joiz, o‘zbekistonlik taniqli bokschi o‘zining professional karerasidagi ikkinchi jahon chempionligi kamarini 2014 yilning iyul oyida Grozniyda bo‘lib o‘tgan jangda aynan Fres Okendoni mag‘lub etib, qo‘lga kiritgandi.

Ruslan Chagayev-Fres Okendo o‘rtasidagi revansh jangi esa, o‘tgan yilning 17 oktyabr kuniga rejalangan.

Biroq Ruslan raqibining yelkasidan olgan jarohati sabab, Olmoniyaning Kil shahrida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan jang bekor bo‘lgandi.

Buning ortidan amaldagi jahon chempioni Ruslan Chagayev o‘z kamarini himoya qilish uchun avstraliyalik Lukas Braunga qarshi ringga tushgan va asosan o‘zining ustunligi bilan kechgan jangni eng so‘nggiga kelib raqibiga boy bergandi.

Lukas Braun

Image copyright RIA Novosti

O‘zining jahon chempionlik kamaridan mosuvo etilishiga oid Jahon Boks Uyushmasining so‘nggi qaroriga, hozircha, avstraliyalik bokschining munosabati ma‘lum emas.

Ammo dastlabki doping sinovi natijalari ma‘lum bo‘lishi ortidan, Lukas Braun bundan o‘z hayronligini izhor etgan.

Vada tomonidan bu sinovning o‘tkazilishini o‘zlari istaganliklarini aytgandi.

Qanday qilib eng og‘ir vazn toifasidagi bokschi ozdiruvchi preparat qo‘llashi mumkin, deya taajjublangandi.

Bunga yegan nimadir narsasi sabab bo‘lgani ehtimolini ilgari surgandi.

Ammo Jahon Boks Uyushmasi Lukas Braun da‘volarini biror bir yo‘lda aniqlashning imkoni yo‘qligini aytgan.

Yeyishmi, ichishmi va yoki boshqa yo‘l bilan, bokschining jismiga kirgan har qanday narsa uchun uning o‘zi va jamlog‘i mas‘ul ekanini bayon qilgandi.

Lukas Braun esa, "nomini oqlash uchun qancha lozim bo‘lsa, shuncha jang qilishi, o‘zidek vazni og‘ir bokschining bu kabi preparat qo‘llashi juda kulguli ekanini" aytgandi.

"Men va jamlog‘im amaldagi chempionga qarshi jang olib borish uchun Chechenistondek joyga borishning turli xavfu xatarlardan xoli bo‘lmasligini avvaldek anglab yetgan. Bunga qarshi lozim darajada ehtiyot choralarini ko‘rganimizga ham ishongan edik", - degandi.

Orada esa, Ruslan Chagayev va Lukas Braun shu yilning avgust oyida revansh jangi o‘tkazishlari mumkinligiga oid xabarlar ham o‘rtaga chiqqandi.

Klenbuterol

Image copyright PA

Klenbuterol astma xastaligiga qarshi qo‘llanuvchi eng kuchli preparat hisoblanadi.

U mushak paydo qilib, badandagi yog‘ni kuydirish xislatiga ham ega.

O‘stiruvchi xususiyati sabab, klenbuteroldan Xitoy va meksikalik chorvador-fermerlar ham qo‘llanishadi.

Bundan avval bu preparatning mol go‘shti orqali inson tanasiga kirganiga oid xabarlar o‘z tasdig‘ini topgan.

Bu esa, doping tartib-qoidalarini o‘zgartirish kerakligiga oid bahsu munozaralarga ham sabab bo‘lgandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq