Xitoy Tolibonga bas keloladimi?

Image copyright Reuters

Xitoyning afg‘on mojarosida yangi mintaqaviy diplomatik vositachi bo‘lish tashabbusi durust-quruq ish bermay turib, yanada qonli zo‘ravonliklar ichida qolgan Afg‘oniston rasmiy Pekinga qayta yuz tutgan.

Afg‘oniston ijroiy raisi doktor Abdullo Abdullo Pekinga rasmiy tashrifi chog‘ida afg‘on mojarosiga siyosiy yo‘l bilan yechim topishga qaratilgan tinchlik muzokaralari ish berishi uchun Xitoydan o‘z qudratini ishga solib, mintaqa davlatlariga ta‘sir o‘tkazishini talab qilgan.

Xitoy dunyoning ikkita harbiy va iqtisodiy qudratidan bittasi bo‘lishi barobarida, xalqaro harbiy doiralarda har ikki Tolibon harakatiga katta ta‘sirga ega, deb ko‘riluvchi Pokistonning eng yaqin ittifoqchisi sanaladi.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, bundan tashqari, mintaqadagi boshqa bir qudratli o‘yinchi davlat - Hindistonga nisbatan munosabatda bu ikkovlonning geo-siyosiy manfaatlari va hamkorligi bir nuqtada birlashadi.

Afg‘onistonning yangi milliy birdamlik hukumati Xitoy bilan aloqalarining har qachongidan ko‘ra qizg‘in va mustahkam ekanini nazarda tutib, rasmiy Pekinning diqqati takroran qaratilsa, shu yil boshida ibtido olgan yana AQSh, Afg‘oniston va Pokistonni ham o‘z ichiga olgan to‘rt tomonlama yangi tinchlik muzokaralari amaliy natija berishiga umid qilmoqda.

Ammo, eng qizig‘i, Afg‘oniston ijroiy raisining Xitoydagi so‘nggi talabi prezident Muhammad Ashraf G‘aniyning afg‘on tuprog‘ida jang qilayotgan deyarli barcha qurolli guruhlarga nisbatan bir yarim yillik sulhu madora siyosatidan voz kechib, harbiy tanlovga asosiy urg‘u berilgan yangi strategiyasini e‘lon qilishidan qisqa vaqt o‘tmay kuzatilgan.

Katta sondagi G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining ommaviy safarbarligi ortidan kechgan o‘tgan bir yarim yil esa, Afg‘onistonda Tolibon tuzumi qulatilgan 2001 yildan buyon eng qonlilaridan biri bo‘lgandi.

Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘aniyning orada dunyoning qator manfaatdor davlatlari ko‘magi bilan toliblarni bevosita muzokaralar stoliga keltirish urinishlari biror bir samara bermay yakun topgandi.

Image copyright Getty

Afg‘oniston Tolibon harakati, yillarki, xorijiy qo‘shinlar afg‘on tuprog‘ini butkul tark etmas ekan, biror bir tomon bilan tinchlik muzokaralari olib bormasligini ta‘kidlab keladi.

Xitoy qanday fikrda?

Xitoydan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, rasmiy Pekin afg‘on hukumatining Tolibon harakati bilan tinchlik muzokaralarida vositachilik qilishga hozir ekanini yana bir bor bayon qilgan.

Bundan tashqari, Afg‘onistonda qayta tiklash loyihalarini amalga oshirishdan ham manfaatdor ekanini aytgan.

AQSh yetakchi mavqe‘ga ega o‘tgan 14 yil davomida esa, Xitoyning Afg‘onistondagi ishtiroki asosan iqtisodiy va moliyaviy dastak shaklida bo‘lgan.

Xitoy shirkatlari butun Afg‘oniston bo‘ylab turli loyihalar, ayniqsa, kon sohasidagisiga katta miqdorda sarmoya kiritishgan.

O‘tgan oy esa, Xitoy ilk bor Afg‘oniston bilan harbiy hamkorligini ham kuchaytirish istagida ekanini bayon qilgandi.

Xitoy yana prezident Barak Obamaning asosiy urg‘u Osiyo – Tinch ummoni havzasiga berilgan yangi tashqi siyosatiga muvofiq, AQSh qadamining o‘z chegaralariga yaqinlashishi istiqbolidan ham tinchini yo‘qotgan.

Amerikalik siyosatshunoslar esa, 21-asrning siyosiy va iqtisodiy tarixi asosan ayni shu jo‘g‘rofiy hududda yaratiladi va yoziladi, degan ishonchda.

Image copyright Getty

Mamlakati qayta zo‘ravonliklar girdobiga botib borarkan, Xitoy Afg‘onistonning yangi prezidenti Ashraf G‘ani Tolibon bilan tinchlik muzokaralarida dastagini so‘rab, birinchilardan bo‘lib safar qilgan dunyoning ikkita davlatidan bittasi bo‘lgandi.

Prezident G‘ani bu masalada eng avvalo rasmiy Pekinning Islomobodga bo‘lgan katta ta‘siri va yirik iqtisodiy qudratiga ko‘z tikkandi.

O‘z navbatida, ham harbiy va ham iqtisodiy jihatdan qanchalik qudratli bo‘lmasin, shundoq biqinidagi Afg‘onistondagi vaziyatning qanday tus olishi, yillarki, qolgan aksariyat mintaqa davlatlari kabi Xitoyning ham diqqat-e‘tiboridagi asosiy masalalardan biri bo‘lib keladi.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, rasmiy Pekin chegaraosha arzon afyun oqimi va uyg‘ur islomiy bo‘lginchiligining yanada kuchayib, Xitoy milliy xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligidan jiddiy xavotirda.

Biroq, bugun dunyoda egallab turgan iqtisodiy va harbiy qudratiga qaramay, bu masalada Xitoyning nimalarga qodir bo‘lishini savol ostiga olayotgan tahlilchilar ham yo‘q emas.

Jumladan, mintaqaviy tahlilchi Ahmad Rashid o‘zining yaqinda BBC uchun yozgan so‘nggi tahliliy maqolalaridan birida Xitoyning shu paytgacha hech qachon o‘zining chegarasidan tashqarisidagi mojarolarda vositachi bo‘lib ko‘rmaganiga diqqat qaratgandi.

"Achchiq tajriba"

Boshqa tahlilchilar esa, o‘tgan 13 yil davomida Afg‘oniston Tolibon harakati bilan tinchlik muzokaralarida vositachi bo‘lishga uringan Yaponiyadan tortib, Shveytsariya, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Qatar davlatlarning "achchiq" tajribasini misol qilib keltirishadi.

Ustiga ustak, ular shuncha qudrati va Afg‘onistonda hozir o‘n minglab harbiylari bilan G‘arb va qator mintaqa davlatlarining bu yo‘ldagi urinishlari ham besamar ketgani, ularning natijasi Tolibon harakati bu kabi muzokaralarni o‘z maqsadlari yo‘lida suiiste‘foda etishini ko‘rsatganini aytishadi.

O‘z navbatida, tahlilchilarga ko‘ra, ayniqsa, Pokiston Tolibon harakati saflarining qanchalar tarqoqligi ham bu masalada vositachi davlatlarga pand bermay qolmaydi va xuddi shu voqe‘lik rasmiy Islomobodning ularga ta‘siri darajasini ham belgilaydi. Ya‘ni, saflari parokandalikka yuz tutgan harakatni bugun hech kim nazorat qila olmaydi.

"Harakat endi paydo bo‘lgandagi markazlashuv hozir mavjud emas. Mulla Muhammad Umarning o‘limi ortidan qudratga kelgan liderlari bugungi kunda harakatni to‘laqonli nazorat qila olishmaydi. U yerda ham mafkuraviy, ham iqtisodiy va ham mintaqaviy manfaatlar to‘qnashgan. Juda ham kuchli to‘qnashgan", - deydi, jumladan, BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

"1996 yilda paydo bo‘lgan toliblar, bugunga kelib, birgina Pokistonning o‘zida bitta harakatdan 50 ga yaqin guruhga aylandi. Bu guruhlarning hammasi Tolibon brendi astida faoliyat yuritadi. Ammo ularning orasidagi koordinatsiya ancha zaif va o‘rtada ziddiyatlar ham bor. Shu bois ham, bu masalada rasmiy Islomobodning rolini mutlaqlashtirish, Pokiston afg‘on mojarosini hal qila oladi deyish bu - vaziyatni juda ham soddalashtirish bo‘ladi".

Image copyright Reuters

Tahlilchilarning nazdlarida yana Xitoy o‘z rejayu tashabbuslarida samimiy bo‘lishi mumkin, ammo Tolibonga katta ta‘sirga ega Pokistonga o‘xshash mintaqa davlatlarining bunga qanchalik sidqidildan hozir ekanliklari bu o‘rinda muhim o‘rin tutadi.

Pokiston tomoni esa, hozircha, so‘nggi yangilikka biror bir rasmiy munosabat bildirmagan.

Ammo o‘tgan yil Pokiston Tashqi ishlar vazirligi oshkora bayonot bilan chiqib, Afg‘oniston tomonini uchinchi bir davlat vositasida o‘zlariga bosim o‘tkazishga harakat qilmaslik bilan ogohlantirgandi.

Eng so‘nggida shuni ham e‘tirof etish joizki, shuncha davlatning Afg‘onistondagi shuncha yillik "tajribasi"dan kelib chiqib, bugun ham mintaqaviy va ham xalqaro tahlilchilar orasida 35 yillik afg‘on mojarosining yechimi qanday bo‘lishini hozir hech kim bilmasligiga oid xulosaga kelib bo‘lganlari ham oz emas.

Ustiga ustak, mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, yaqin-yaqingacha jangari guruhlar bilan sulhu madora istagida ekanini oshkora va rasman bayon etib kelayotganiga qaramay, Afg‘oniston yangi milliy birdamlik hukumati orada tuzuk-quruq tinchlik rejasini ilgari surmagan.

Tolibon harakatiga katta ta‘sirga ega, deb ko‘riluvchi Pokiston hukumati, Josuslik Xizmati va hatto, Xitoy ham afg‘on hukumatining shaxsan o‘zi bu kabi reja bilan chiqqan taqdirdagina, tinchlik muzokaralari masalasida Afg‘onistonni qo‘llashga va‘da berishgandi.

Ammo Xitoy...

Image copyright AFP

Rasmiy Pekin Tolibon muammosiga yechim topish istagini 2014 yil noyabr oyida oshkora bayon qilarkan, oradan qisqa vaqt o‘tmay, harakat maxsus hay‘atining Xitoyda bo‘lganiga oid xabarlar olingandi.

Agar, toliblarning o‘z so‘zlariga tayanilsa, o‘z safarlari davomida Xitoy tomoniga faqat "Islomiy Amirlikning mavqe‘ini tushuntirib qo‘yishgan", xolos.

Ammo Pekinda tomonlar aynan nimalarni muhokama etishgani va qanday qarorga kelishgani tafsilotlari shu paytga qadar ma‘lum emas.

O‘zining afg‘on mojarosiga yangi mintaqaviy diplomatik vositachi bo‘lish istagini izhor etarkan, rasmiy Pekin bu yo‘lda iqtisodiy qudratini ham ishga solishini bayon qilgan.

Afg‘oniston, Pokiston va Tolibon harakatini muzokaralar stoliga keltirish uchun mintaqada qiymati 100 milliard dollardan ortiq loyihalarga qo‘l urish rejasida ekanini ham bildirgandi.

Tolibonning mafkuraviy harakat ekaniga diqqat qaratarkan, Frantsiyadan siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz Kamoliddin Rabbimov xuddi shu omil bu masalada Xitoyga pand bermay qolmasligini ta‘kidlaydi.

"Toliblarning Xitoyga nisbatan ishonchsizligi boshqa davlatlar bilan solishtirganda yuqori. Ya‘ni, bu yerda Uyg‘uriston masalasi - toliblarning tafakkurida jiddiy bir omil bo‘lib xizmat qiladi. Ular bu masalani ha, deganda tilga olishmasa-da, doimo yodda tutishadi. Shuning uchun ham, ular Xitoyning afg‘on mojarosidagi diplomatik roliga kuchli ishonch bilan qarashadi, deb o‘ylamayman. Ya‘ni, Xitoyning Afg‘oniston masalasidagi roli iqtisodiy va moliyaviy nuqtai nazardan qanchalik ahamiyatli bo‘lmasin, lekin toliblarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki Pokiston orqali ta‘sir ko‘rsatish imkoniyatlari, albatta, cheklangan", - deydi tahlilchi suhbatdoshimiz.

Image copyright AP

Shu yil boshida ilk bor qudratli Xitoyni ham o‘z ichiga oluvchi va afg‘on mojarosiga yechim topishga qaratilgan AQSh, Afg‘oniston ham Pokiston ishtirokida yangi to‘rt tomonlama muzokaralar boshlangan.

Bir necha oy tanaffus bilan bo‘lib o‘tgan ikki davra muzokaralar ortidan, yaqinda Tolibon harakati va afg‘on hukumati o‘rtasida yuzma-yuz muloqotlarga zamin hozirlangan.

Ammo ham Pokiston va ham Afg‘onistonda birdek kuzatilgan qonli zo‘ravonliklar bu rejaning ham chippakka chiqishiga sabab bo‘lgandi.

Tahlilchi Kamoliddin Rabbimov Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘aniyning afg‘on mojarosiga oid yaqinda ochiqlagan yangi strategiyasining amalda qanchalik ish berishini ham shubha ostiga oladi.

"Biz bilamizki, 2001-2005 yillar oralig‘ida toliblarga nisbatan faqat qurol-kuch ishlatish yo‘li bilan munosabatda bo‘lindi. Butun G‘arb boshchiligidagi koalitsiya ishga solindi. Vashington bilan Islomobodning hamkorligi ancha bir yuqori darajaga chiqdi. Mana shunday bir paytda harbiy yo‘l bilan toliblar butkul mahv etilmadiki, endi, albatta, yo‘q qilib bo‘lmaydi", - deydi u.

Suhbatdoshimiz nazdida, afg‘on mojarosi, toliblar muammosi bundan buyog‘iga ham ana shunday ziddiyatli, nizoli bir ko‘rinishda davom etaveradi.

"Tafakkuri nazarda tutilsa, toliblarning tinch yo‘l orqali siyosatda ishtirok etishga moyillik bildirishlariga ishonish qiyin. Bu - birinchi muammo. Ikkinchidan, ularni harbiy yo‘l bilan yo‘q qilish mumkin emas. Chunki toliblar jamiyatdan oziqlanadi. Uchinchi omil shundaki, Afg‘onistondagi asosiy ziddiyat chizig‘i bu - din va dunyoviylik emas, bu - etnik to‘qnashuvlar aslida. Ya‘ni, toliblar pushtun millatining manfaatchisi sifatida, baribir, siyosiy maydonda qolaveradi. Ularning zehniyatida juda yashirin bo‘lsa-da, boshqa millatlarga nisbatan ishonchsizlik hissi nihoyatda kuchli shakllangan".

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq