Moskva qabristonidagi mushtlashuv bo‘yicha 12 kishi hibsga olingan

Image copyright RIA Novosti

Moskva mahkamasi 14 maydagi Xovanskoye qabristonidagi ommaviy mushtlashuv yuzasidan yana uch kishini hibsga olish qarorini qabul qilgan.

Shu bilan qabristondagi zo‘ravonlik sabab qo‘lga olinganlarning soni 12 ga yetgan.

Bundan oldin to‘qqiz kishi hibsga olingan, ular orasida yo‘l-patrul xizmatining sobiq xodimi ham borligi xabar qilingan.

Xovanskoye qabristonida dafn marosimlarini tashkillashtirish xizmatlarini ko‘rsatgan "Ritual" shirkati bo‘limi rahbari Yuriy Chabuyev o‘z lavozimidan bo‘shatilib, uning ushbu mushtlashuvni tashkillashtirishga aloqadorligi o‘rganilayotganini aytishgan tergov organlari xodimlari.

Yuriy Chabuyevga ayblov ilgari surib hibsga olish yoki erkinlikda qoldirish qarorini shu kunlarda mahkama qabul qilishi kutilmoqda.

Rossiya Tergov qo‘mitasi qonli hodisa yuzasidan uchta band bo‘yicha jinoyat ishi ochgan.

Bular - guruh bo‘lib ikki yoki undan ortiq insonni o‘ldirish, noqonuniy qurol olib yurish va guruh bo‘lib bezorilik qilish bandlari.

O‘tgan shanba kuni Moskvaning Xovanskoye qabristonida ko‘p sondagi insonlar ishtirokida mushtlashuv yuz bergan.

Ayrim xabarlarda to‘qnashuv ishtirokchilari soni 200 tacha bo‘lgan.

To‘qnashuvda o‘qotar qurollardan ham, to‘qmoq va armatura tayoqlaridan ham foydalanilgan.

Oqibatda uch inson halok bo‘lgan, 30 dan ortiq kishi jarohat olgan.

Hodisa joyiga yetib borgan politsiya 90 kishini hibsga olgan.

Image copyright RIA Novosti

Rossiya Ichki ishlar vazirligi xabar qilishicha, mushtlashuvda qabristonda ishga yollangan noqonuniy muhojirlar qatnashgan.

Ayrim xabarlarda esa qabristondagi xizmat ko‘rsatish hududlarini taqsimlab olish masalasida kelisholmagan migrantlar o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqani aytilgan.

Rossiya matbuotining esa huquq-tartibot organlaridagi manbalarga tayanib xabar qilishlaricha, uyushgan jinoiy guruh a‘zolari qabristonda ishlaydigan ishchilardan o‘z daromadlarining bir qismini berishni talab qilgan, bu talab rad etilishi ortidan to‘qnashuv kelib chiqqan.

Bu to‘qnashuvni Rossiya Internet fazosi va matbuotda "Kavkaz mafiyasi bilan gastarbayterlarning" mushtlashuvi deb ta‘riflashgan.

O‘zining Twitterdagi sahifasida Rossiya Tergov Qo‘mitasi vakili Vladimir Markin, "gap millatda emas, kriminal biznesning jo‘n bo‘lib olinishida", deb yozgan.

Xovanskoye qabristonida ishlab pul topib kelganlarning aksari Markaziy osiyoliklar bo‘lganlar.

Shanba kungi hodisada halok bo‘lgan uch insonning Tojikistonda tug‘ilib o‘sgani xabar qilingan.

Tojikiston parlamenti hay‘ati Moskvaga borib Rossiya rasmiylari bilan muzokara o‘tkazishni maqsad qilgan.

Matbuotda qabristondagi qonli to‘qnashuv ro‘y bermasligi mumkin edi, degan maqolalar e‘lon qilinmoqda, O‘zbek va o‘zbekistonliklarning Butunrossiya kongressi tarqatgan bayonotida ham aytilishicha, Rossiya hududida qonuniy ishga yollanish bunday ko‘ngilsiz hodisalar oldini oladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq