Ukraina Qrim tatarlari surgunini xotirlamoqda

Image copyright epa
Image caption 1944 yil 18-20 may kunlari 183 mingdan ziyod qrim tatarlari vatanlaridan badarg‘a qilingandi

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko qrim tatarlariga vatanlaridan badarg‘a qilinganlarining 72-sanasi munosabati bilan hamdardlik izhor qilgan.

"Qrim tatarlarining Qrimdan deportatsiya qilinishi 1944 yil 18 mayida boshlangan edi. Bu bizning umumiy qayg‘umiz", degan Ukraina rahbari.

Ijtimoiy tarmoqlarda ukrainaliklar ayni sana bilan bog‘liq barcha ma‘lumotlar joylashtirilgan #SaveCrimeanTatars ("Qrim tatarlarini qutqaring") xeshtegini tashkil qilishgan.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Qrimni anneksiya qilishi ortidan qrim tatarlari yana bosim va qo‘rqitishlarga duch kelayotganliklarini aytgan.

"Rossiyaning Qrimni ishg‘oli va noqonuniy anneksiyasi 70 yildan ko‘proq vaqt muqaddam yuz bergan deportatsiya yaralarini yangidan ochdi. O‘tmishda adolatsizliklar, jabr va kurashlarni ko‘p ko‘rgan qrim tatarlari bugun yana bosim va qo‘rqitish siyosatiga duchor bo‘lmoqdalar", deya Tashqi ishlar vazirligining bayonotidan iqtibos keltirgan Turkiyaning "Onado‘lu" xabar agentligi.

Turkiya hukumati Rossiyaning qrim tatarlari rahbarlarining yarim orolga kirishlariga qo‘ygan taqiqini qoralagan.

"Vatandan quvilish"

Deportatsiyaning navbatdagi sanasi arafasida Rossiya qrim tatarlarining oliy vakillik organi bo‘lgan Majlis faoliyatini taqiqlagan.

Rossiya Adliya vazirligining 18 aprelda chiqargan qaroriga ko‘ra, Qrim Tatarlari Majlisi faoliyati rasmiy tarzda to‘xtatilgan.

Image caption Rossiya qrim tatarlari rahbarlari Mustafo Jamilev va Refat Chubarovlarning Qrimga kirishlarini taqiqlagan

Qrim Oliy mahkamasi Qrim Tatarlari majlisini ekstremistik tashkilot deb tan olgan va butun Rossiya bo‘ylab faoliyatini taqiqlagan.

Qrim anneksiyasidan ko‘p o‘tmay, Qrim Tatarlari Majlisining raisi Refat Chubarov va Milliy harakat rahbari Mustafo Jamilovlarning Rossiyaga kirishi rasman taqiqlangan edi.

Ovro‘po parlamenti Majlisning taqiqlanishini "qrim tatarlarining vatanlaridan quvilishi"ga tenglashtirgan.

1944 yil 18 maydan 20 maygacha yarim Qrim Tatarlari majburan o‘zlarining yashab turgan vatanidan ko‘chirilganlar.

Sho‘rolarning maxfiy politsiyasi - NKVD tomonidan o‘tkazilgan maxsus amaliyot natijasida 183 ming 155 nafar qrim tatarlari vatanidan badarg‘a qilingan.

Amaliyot 18 may kuni erta soatlarda boshlab, 20 may kuni soat 16 da nihoyasiga yetgan.

Image copyright archive
Image caption 1974 yilda Londonda qrim tatarlari deportatsiyasiga qarshi o‘tgan namoyish

Stalin buyrug‘iga, go‘yoki qrim tatarlarining nemis-fashistlari bilan hamkorlik qilgani, sabab bo‘lgan.

Odamlarga qo‘liga ilingan narsani olishga bir necha daqiqadan bir necha soatgacha fursat berilgan.

Vagonlarga chiqarilib, O‘zbekiston, Qozog‘iston janubi, Tojikiston va Ural mintaqasiga olib ketilganlar.

Ularning aksariyati -151 ming 136 kishi O‘zbekistonda panoh topgan.

Noinsoniy sharoit tufayli o‘n minglab insonlar yo‘lda nobud bo‘lganlar.

Image copyright Ukrinform
Image caption Qrim tatarlarining aksariyati O‘zbekistonda panoh topgan

Keyingi yillardagi qiyinchiliklar tufayli yana o‘n minglab qrim tatarlari halok bo‘lgan.

Stalinning o‘limidan so‘ng repressiya qilingan odamlarning bir qismiga vatanlariga qaytishga ruxsat etilgan, ammo bu qrim tatarlariga taalluqli emas edi.

Qrim tatarlari rasman 1974 yilga qadar, amalda 1989 yil, Gorbachev qayta qurishining oxiriga qadar vatanlariga qaytish huquqidan mahrum etildi.

1989 yilda sobiq SSSR Oliy Kengashi qrim tatarlari deportatsiyasini "noqonuniy va jinoiy" deb topgan.

2015 yilning 12 noyabrida Ukraina parlamenti qrim tatarlari deportatsiyasini "genotsid" deb tan olgan va 18 mayni "Qrim tatar xalqiga qarshi genotsid qurbonlarini xotirlash kuni" deb e‘lon qilgan.

Image copyright AFP
Image caption Jamala qrim tatarlarining fojiasini qo‘shiq qilgan

O‘tgan shanba qrim tatarlarning vatandan badarg‘a qilinishi haqidagi "1944" qo‘shig‘ini kuylagan ukrainalik qo‘shiqchi Jamala "Ovro‘nigoh-2016" tanlovi g‘olibi deb topilgan.

Rossiyalik siyosatchilar hakamlarning qarorida siyosiy tagmazmunni ko‘rishgan va kelasi yil Ukrainada o‘tadigan tanlovni boykot qilishga chaqirganlar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring