"Muhojirlar kontrabandasi 5-6 milliard foyda keltirgan"

Image copyright AP

Ovro‘po Ittifoqi hududiga noqonuniy muhojirlarni olib kirish xalqaro biznesga aylanib, daromad salmog‘i yiliga olti milliard dollarni tashkil qilishi mumkin, deyiladi "Ovro‘pol"ning yangi hisobotida.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, Ovro‘poga kelayotgan muhojirlarning 90 foizi o‘z safarlari davomida bu tarmoq a‘zolari xizmatidan foydalanishlariga to‘g‘ri keladi.

2015 yilning o‘zida Ovro‘poga qariyb bir millionga yaqin noqonuniy muhojirlar kirishgan, ularning aksariyatiga qonunbuzar tashkilotlar yordam berganlar. Noqonuniy muhojirlar bu xizmatlar evaziga 3,2 ming dollardan 6,5 ming dollargacha to‘laganlar. Shu tariqa bu tijoratning o‘rtacha daromadi 6 milliardga aylanadi, deya hisoblaydi "Ovro‘pol".

Ko‘p hollarda bu pullar muhojir Ovro‘poga yetib kelganida yoki bo‘lmasa yo‘lning o‘zidayoq to‘lanadi.

Shu bilan birga, politsiya bu kabi tarmoqlarning mijozlari oshishi ehtimolini aytadi. Boisi, ko‘p mamlakatlar qochqinlar va muhojirlarning kirib kelishiga cheklovlar joriy etishi orqasidan, odamlar Ovro‘poga kirib olish uchun qonuniy yo‘llarni aylanib o‘tuvchi jinoiy tizimlar xizmatiga ko‘proq murojaat qiladilar.

Jinoyatchilar chegarada nafaqat noqonuniy odam tashish bilan shug‘ullanadilar, balki muhojirlarga soxta hujjatlar ham tayyorlab beradilar. Ulvrning faoliyati korruptsiyani o‘sishiga olib keladi. Bundan tashqari, muhojirlarni noqonuniy tashish odatda giyohvand moddalarni olib o‘tish kabi boshqa jinoyatlar bilan birga kuzatiladi.

Jinoiy tarmoq jug‘rofiyasi

Hozircha bu kabi guruhlar ancha tarqoq. Bunday tashkilotlar dunyoning qariyb 100 mamlakatida bo‘lib, ular ichida Ovro‘po davlatlari ham bor. Har bir guruh o‘z yo‘nalishi hududini nazorat qiladi.

"Ovro‘pol" noqonuniy muhojirlik yo‘nalishlarini aniqlashga harakat qilgan. Hozir ular asosan chegara nazorati, ob havo sharoitlari va boshqa faktorlarga bog‘liqdirlar.

O‘rta Yer dengizining g‘arbiy qismi orqali yo‘nalish Ispaniya va Portugaliyadan o‘tadi. U yerdagi noqonuniy muhojir tashuvchilar 10 yildan ortiq vaqtdan beri faoliyat olib boradi. Ularning xizmatiga eng ko‘p Jazoir, Marokko va gvineyaliklar murojaat qilishadi.

Liviyaliklar Ovro‘poga asosan Italiya orqali o‘tishadi. Shuningdek, Afrikaning boshqa davlatlaridan ham kelishadi. 2015 yilda bu yo‘ldan qariyb 154 ming noqonuniylar foydalanib, Ovro‘poga kirib olganlar.

"Ovro‘pol"ning qayd etishicha, Yunoniston va Bolgariya orqali o‘tadigan Janubiy Ovro‘po yo‘nalishi, Rossiya, Ukraina, Moldova va Belorus orqali Sharqiy yo‘nalish, Rossiya hududidan Norvegiya yoki Finlandiyaga boradigan Shimoliy yo‘nalishlardan foydalangan jami 889 ming muhojir Ovro‘poga kirishgan.

Bu jinoiy guruhlarning tashkilotchilari ham ovro‘poliklar bo‘lmay, ko‘p hollarda mijozlari ta‘luqli mamlakatlardan kelib chiqqanlardir. Ba‘zan ular o‘z marshrutlari markazlarida restoran yoki avtomobilni ijaraga berish kabi kichikroq tijoratga ega bo‘ladilar.Bu idoralar orqali ular pullarini yuvadilar.

Politsiya ishonishicha, chegara nazoratini kuchaytirish choralari ortidan, muhojirlarni olib o‘tishni tashkillashtiruvchi guruhlar yana boshqa yo‘nalishlarni taklif qiladilar.

---------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBCUZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq