Qanday qilib Prezident Rahmon qudratni o‘z qo‘lida jamladi?

Image copyright Getty

22 may kuni tojikistonliklar Prezident Rahmonni umrbod prezidentga aylantiradigan Tojikiston konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish referendumida ovoz beradilar.

Bu qonun janob Rahmon rasman ataladigan "Millat peshvosi" uchun prezidentlik muddati cheklovini olib tashlaydi. Hozir u o‘zining to‘rtinchi prezidentlik muddatini o‘tamoqda, u bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezident bo‘lishini taqiqlaydigan konstitutsiyaviy o‘zgarishlardan foydalanyapti deb ko‘riladi.

Janob Rahmonning oxirgi muddati bo‘lishi kerak bo‘lgan joriy muddati 2020 yili nihoyasiga yetadi. Ammo mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritiladigan bo‘lsa, u o‘zi xohlaganicha prezidentlik lavozimida qolishi mumkin.

Xalqaro kuzatuvchilar Tojikistondagi aksar saylovlarning demokratik standartlarga mos kelmaganini aytsalar-da, janob Rahmon uchun qayta saylanishda biror bir mushkullik yo‘q.

Imomali Rahmon 1992 yildan buyon qudratda va siyosiy muxoliflariga bosim o‘tkazish hamda so‘z erkinligini bo‘g‘ish evaziga o‘z qudratini oshirishning uddasidan chiqib kelmoqda.

Uni aholining salmoqli qismi dastaklaydi, janob Rahmonning ulkan fotosuratlari butun Tojikiston bo‘ylab osilganini ko‘rish mumkin.

Odamlar unga madhiyalar kuylaydilar, unga bag‘ishlab she‘rlar yozadilar. Va prezident ishtirokidagi tadbirlarda yirik sondagi olomon ishtirok etadi. O‘z navbatida bu ishtirokchilar qatnashishga majbur etilgan davlat idora-tashkilotlarining xodimlari ekanini ham eslatib o‘tish joiz.

Janob Rahmonning dastaklovchilari 1990 yillardagi fuqarolar urushiga chek qo‘yilganidan minnatdorlar. Biroq hayot aksar tojikistonliklar uchun oson emas.

Xalqi qashshoq, rahbarlari boy mamlakat

Image copyright mfa.tj

Tojikiston sobiq Sovet davlatlari orasida eng qashshoqlaridan biridir, mamlakat aholisining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i qashshoqlik chizig‘idan past darajada yashaydi.

Ko‘plab tojiklar ishlab pul topish uchun Rossiyaga o‘xshash mamlakatlarga ketishga majbur bo‘lganlar. Ularning yuborib turgan pul jo‘natmalari Tojikiston yillik Yalpi Ichki mahsulotining qariyb yarmini tashkil etadi.

Bu manzaraga zid ravishda prezident oilasining a‘zolari va yaqin qarindoshlari Tojikistonning eng boy-badavlat odamlaridan hisoblanadilar. Ular hukumatdagi eng yuqori lavozimlarni egallaganlar, mamlakatdagi asosiy bizneslarga egalik qiladilar.

Janobi Oliy Rahmonning qizi Ozoda yaqinda prezident ma‘muriyatining rahbari etib tayinlandi, o‘g‘li Rustam Imomali aksilkorruptsiya agentligi direktori lavozimida ishlaydi.

Image copyright AFP
Image caption Tojikiston aholisining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i qashshoqlik chizig‘idan past darajada yashaydi

Ko‘pchilik, Rustam otasining siyosiy vorisi etib tayyorlanayapti, deb ishonadi hamda bu nuqtai nazarni yaqinlashib kelayotgan referendum ham mustahkamlayotgandek.

Ilgari surilayotgan taxminlardan biri shuki, referendumda prezidentlik nomzodi uchun talab qilinadigan yosh cheklovini 35 yoshdan 30 yoshga tushirish taklif etilmoqda. Bu degani, hozir 29 yoshda bo‘lgan Rustam Imomali agar lozim bo‘lsa, 2020 yilda kutilayotgan prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini ilgari surishga haqli bo‘ladi.

Konstitutsiyaga o‘zgartishlarni hukumat va mahkamalar tomonidan dastaklangan.

Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Umed Davlatzod aytishicha, o‘zgarishlar "inson huquqlari va erkinliklar muhofazasini kafolatlaydi hamda yoshlarni siyosiy hayotiga jalb etadi".

Konstitutsiyaviy mahkamaga ko‘ra, taklif etilayotgan o‘zgartirishlar "konstitutsion rejimni mustahkamlaydi" va Tojik jamiyatidagi demokratik o‘zgarishlarni o‘zida aks ettiradi".

Image copyright AFP
Image caption Aksar tojikistonliklar ishlab pul topish uchun Rossiyaga ketishga majbur bo‘lganlar

Tanqidchilar esa konstitutsiyaga o‘zgartirishlar demokratik taraqqiyotga emas, yakkahukmronlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini aytmoqdalar.

Tojikistonni tark etishga majbur bo‘lgan muxolifatdagi asosiy Islom Uyg‘onish partiyasining rahbari Muhiddin Kabiriyning BBCga aytishicha, bu referendum qudratni bir kishining qo‘liga topshirishni nazarda tutar ekan, u demokratiya tamoyillariga ziddir.

"Elita o‘z boshqaruvi kelajagini kafolatlashni istaydi", deydi Muhiddin Kabiriy.

Uning aytishicha, o‘tgan yili Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasining faoliyati yopilgani sababi shuki, islomiy partiya "bir shaxs yoki bir oilaning davlatni boshqarishiga to‘siq qo‘yib kelgan" yagona guruh edi.

Image copyright AFP
Image caption Tojikistondagi 5 yillik fuqarolar urushida 20 ming inson halok bo‘lgan, 600 ming kishi yashab turgan joyini tashlab qochgan

Konstitutsiyaga o‘zgartirish dinga asoslangan har qanday partiyaga taqiq qo‘yishni taklif etadi, bu esa Islom Uyg‘onish partiyasini qonunga zid firqaga aylantiradi.

Bu esa 1997 yilda erishilgan tinchlik bitimiga nuqta qo‘yilganini anglatadi.

Qonli tarix

Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Tojikistonda turli guruhlar hokimiyat uchun kurashga kirishdilar, bu esa fuqarolar urushiga olib keldi.

Urush yakunida siyosiy firqalar hamda qudratli shaxslarning ittifoqidan tuzilgan Birlashgan Tojik muxolifati Prezident Rahmon bilan tinchlik kelishuvini imzoladilar. Bunda Islomiy Uyg‘onish partiyasini asosiy rolni o‘ynagandi.

Image copyright AFP
Image caption 1991 yili Sho‘rolar Ittifoqi parchalandi, qadriyatlar o‘zgardi

O‘sha kelishuvga binoan Islom Uyg‘onish partiyasi va boshqa muxolifat guruhlari qonuniy deb tan olingan hamda janob Rahmon ular bilan qudrat bo‘lashishga rozi bo‘lgan. Hukumatdagi o‘rinlarning uchdan bir qismi muxolifatga berilishi lozim edi.

Ammo vaqt o‘tishi bilan Birlashgan Tojik muxolifati a‘zolari hukumatdan siqib chiqarildilar.

Bosim va ta‘qiblardan qo‘rqqan muxolifatning yetakchi siyosatchilari mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldilar - lekin xorijda ham tahdidlarga duch keldilar.

Rossiyada bo‘lgan siyosatchi Mahmadro‘zi Iskandarov o‘z istagiga qarshi ravishda 2005 yili Tojikistonga olib borildi va terrorizmda ayblanib ozodlikdan mahrum etildi.

Yana bir faol Umarali Quvvatov noma‘lum shaxs tomonidan 2015 yili Turkiyada otib o‘ldirdi.

Prezidentga qarshi chiqqan boshqalar ham qator qiyinchiliklarga duch keldilar.

Image copyright AFP
Image caption Oynihol Bobonazarova 2013 yildagi prezidentlik poygasiga kirgan edi

Zayd Saidov sobiq sanoat vaziri va Tojikistondagi eng boy odamlardan biri edi. U 2013 yili yangi muxolif partiya faoliyatini boshlash rejasida ekanini e‘lon qilishidan ko‘p o‘tmay hibsga olindi.

2013 yilgi prezidentlik sayloviga muxolifatning yagona nomzodi sifatida ilgari surilgan va qudratdagi prezident uchun haqiqiy tahdidni paydo qilgan inson huquqlari himoyachisi Oynihol Bobonazarovaning aytishicha, uni prezidentlik poygasidan chiqib ketishga majbur etganlar.

Bobonazarova xonim o‘z nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yetarli imzo to‘play olmagan, bunda u politsiyani o‘z dastaklovchilari va kampaniyasi faollariga bosimlar qilishda ayblaydi.

Shunday qilib janob Rahmon hokimiyatni o‘g‘liga topshirgunicha umrbod prezident bo‘lib qoladimi?

Rasman Tojikiston demokratik mamlakat hisoblanadi va bu o‘zgarishlar kuchga kirishi uchun referendum talab qilinadi.

Ammo Tojikistondagi saylovlar va referendumlar kutilmagan natijalarni bermaydi. Shunday ekan, referendumga taklif etilayotgan o‘zgarishlar aholining "aksar qismi" tomonidan qo‘llab-quvvatlagani haqidagi taxmin to‘g‘ri chiqmasligiga kamdan-kam kuzatuvchilar ishonadilar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq