"Islomiy davlat" bayrog‘ini osgani uchun" qamaldi

Image copyright Getty

Tojikiston mahkamasi ikki dushanbelikni shahardagi tumanlardan birida "Islomiy davlat" jangari guruhi bayrog‘ini osgani uchun olti va to‘rt yillik qamoq jazolariga hukm etdi.

Mahkama 21 yoshli Davron Qurbonov va 17 yoshli Qudrat Nasrullayevni konstitutsion tizimni kuch bilan ag‘darishga chaqirganlikda aybdor deb topgan.

Jinoiy ishdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, Davron Qurbonov poytaxtdagi internet kafolardan birida ishlab kelgan va u yerda ID jangari guruhi tomonidan suratga olingan videoni tomosha qilgan.

Uning o‘zi IShIDning qora bayrog‘ini yasagan va 28dan 29 avgustga o‘tar kechasi Dushanbedagi ko‘priklarlardan biriga osgan, deyiladi ayblovda.

Tojikiston hukumatiga ko‘ra, Suriyadagi janglarda 500 dan 1000 nafargacha tojikistonlar ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, rasmiy xabarlarga binoan, 150 dan ortig‘i halok bo‘lgan.

Suriyada Assad kuchlariga qarshi harakatlarga qo‘shilish uchun Markaziy Osiyodan, xususan Tojikistondan ham fuqarolar ketayotgani, ularning asosan 19-45 yoshlar atrofida ekani aytiladi. Xavfli safarga ba‘zilar oilasi, xotin va bolalarini olib ketayotgani to‘g‘risida ham xabarlar chiqqan.

Ma‘lumotlarga qaraganda, Tojikiston fuqarolari Suriyaga Rossiya, Pokiston, Turkiya va Afg‘oniston hududi orqali yetib boradilar.

Ular Rossiya va qator davlatlarda taqiqlangan ID safiga kirmoqdalar, deyiladi rasmiy xabarda.

Keyingi paytlarda ID uchun odam yollovchilar Rossiyadagi mehnat muhojirlari orasidan yangi tarafdorlar topishga harakat qilayotgani aytiladi. Ushbu holat Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlarining xavotiriga, shuningdek, Afg‘oniston, Pokiston bilan chegaralarda xavfsizlik choralarini kuchaytirishga sabab bo‘lgan.

Tojikistonda oxirgi oylarda diniy, ekstremistik tashkilotlarga a‘zolik ayblovi bilan o‘nlab kishilar qamalgan.

Oldinroq Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Moskva va Dushanbeda 9 may tantanalari davomida qo‘poruvchilik amallarini rejalagan guruh qo‘lga olinganini bildirgandi.

Orada to‘rt kun o‘tib, Dushanbe aeroportida yana bir kishi IShIDga a‘zolikda gumon qilinib hibsga olingan.

Uning ko‘rsatmalariga binoan Qabodiyon tumanida yana uch kishi ushlangan.

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning bari IShID a‘zolari bo‘lishgan.

Kuzatuvchilar hech bir aybsiz kishilar diniy ayblovlar bilan qamalayotganini xavotir bilan ta‘kidlaydilar.

O‘tgan yil Tojikistondagi asosiy muxolif kuch bo‘lgan, rasman faoliyat qilib kelayotgan mo‘‘tadil Islom Uyg‘onish partiyasining “terrorchi” tashkilot qatoriga kiritilishi ortidan yuzlab kishilar qamoqqa tashlangan.

Shu bilan birga, ishsiz va istiqbolsiz yoshlar orasidan radikal oqimlarga kirib ketayotganlar soni ko‘payotgani ham bor gap.

Mustaqil jurnalistlar, mahalliy va xalqaro inson huquqlari tashkilotlarining faollariga ko‘ra, ayni qama-qamalar ortida asosan prezident Rahmonning muxoliflarini yo‘q qilish istagi turibdi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq