"Bu hayotda nimadan zavqlansak bo‘ladi o‘zi?"

O‘zbekiston Xalq ta‘limi vazirligi maktablarda bitiruv kechalari o‘tkazilishini taqiqladi. Bu haqida mamlakatning qator ahborot vositalari habar tarqatdi.

Jumladan Uz24 web sahifasida aytilishicha, muallim va direktorlardan bitiruv kechalarini o‘tkazmaslik haqida "kafolat xatlari" yig‘ib olinmoqda. Maqolada ta‘kidlanishicha, ta‘lim vazirligi 9-sinf bitiruvchilaridan imtihon, muallim va direktorlarga sovg‘a uchun pul yig‘ishni ham to‘xtatadi.

O‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari bu holatga turlicha munosabat bildirishdi.

"Chilonzor tumanida joylashgan bizning 168-maktabda bekor qilishmadi, 4-sinf o‘quvchilaridan imtihonlar uchun 58,000 so‘mdan yig‘ib olishdi, agarda bermasak imtihonlardan yiqitisharmish. Berishga majbur bo‘ldik. Balki bu hodisa kimnidir qiziqtirar, yoki befoydamikin?" - deb so‘raydi Uz24 saytida sharh qoldirgan kishi.

"Sergeli tumanidagi 2-maktabda esa 9-sinf o‘quvchilaridan imtihon va muallimlar uchun sovg‘alarga 100,000 so‘mdan yig‘ishyapti", - deydi ayni saytda sharh yozgan yana bir kishi.

"Nahotki??? Mening bolam 9-sinfni bitiradi va ota-onalarni 'sog‘ish' allaqachon boshlandi. Imtihonlar, bitiruv kechasi va vinetka uchun shu kungacha 250,000 so‘m berdim", - deydi Madina Umarova.

Nilufar Turaeva esa ota-onalar o‘z tashabbuslari bilan pul yig‘ishlariga ishora qilgan: "Buni o‘qituvchilar emas, ota-onalar o‘zlari tashabbus qilib pul yig‘ish va bitiruv kechalarini o‘tkazish haqida gap ochishadi", - deydi u.

Ta‘lim vazirligi mulozimlarining bu kabi chiqishlari yildan-yilga kuzatilib kelinmoqda, ammo natija yo‘q. Ota-onalar ham bunday qarorlarga ishonmay qolishgan ko‘rinadi.

Svetlana Shayxutdinova: "Bo‘lmagan gap!!!!!!! Yildan-yilga bitta gapni chaynaysizlar. Haqiqatda esa hech vaqo o‘zgarmaydi!''

"Bekorga qog‘ozni isrof qilishdan boshqa ishlari yo‘q. Mening o‘g‘lim ketidan qizim bitirganida ham huddi shunday deyishgan edi. Lekin, baribir bitiruv kechasi ham bo‘lgan, pulni ham yig‘ishgan", - deydi Nilufar Yunusova.

Oybek Kuchkarov ham vazirlikning urinishlari navf keltirishga shubha qilgan: "Qancha harakat qilishmasin, baribir foydasi yo‘q, pul yig‘ishda davom etaverishadi", - deydi u.

Ayrim foydalanuvchilar fikriga ko‘ra, bitiruv kechasini o‘tkazish yo o‘tkazmaslik bu bitiruvchi va ota-onalarning shaxsiy istaklaridir va bu holatni hech kim taqiqlashga haqqi yo‘q.

Foydalanuvchi Mukaddas Hally: "Bitiruv kechasi - bu har bir o‘quvchi va ota-onaning shaxsiy ishidir", - deb yozgan.

"Farzandlarimiz uchun qanday bayram qoldi o‘zi? Yangi yil mumkinmas, oxirgi qo‘ng‘iroq uchun 1 soat ajratilgan!!! Umr mobaynida bir marotaba bo‘ladigan bitiruv kechasiniyam taqiqlashyapti. Bu hayotda nimadan zavqlansak bo‘ladi o‘zi? Axir bolalar bayram o‘tkazish uchun tayorgarlik ko‘rishgan-ku!" - deydi ismsiz sharhlovchi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring