"Dotsent" haykalini o‘g‘irlagan o‘zbeklar qamaldi

Image copyright RIA Novosti

Moskvadagi mahkama mashhur aktyor Yevgeniy Leonovning "Dotsent" rolidagi haykalini o‘g‘irlab metallolomga topshirgani uchun 7 o‘zbekistonlikni ikki yarim yillik qamoq jazolariga hukm etgan.

Moskvaning Nikulin tuman mahkamasi matbuot xizmati xabar qilishicha, mahkama Abduhalim Rafiyev, Behzod To‘rayev, Usmonjon Umarov, Sardor Rafiqaliyev, Asqarbek Abduhalilov, Bekzod To‘ychiboyev va Fazliddin Shermatovni haykalni o‘g‘irlashda aybdor deb topgan va har birini 2 yil 6 oy ozodlikdan mahrum etish haqida qaror qabul qilgan.

Haykalning na moddiy, na ma‘naviy qadrini tushungan to‘daning a‘zolari o‘z jinoyatini 2015 yil 15 oktyabrdan 16 oktyabrga o‘tar kechasi sodir etganlar.

Moskvaning Mosfilmovskaya ko‘chasidagi "Yulduzlar xiyoboni"da o‘rnatilgan Yevgeniy Leonovning bronzadan yasalgan haykalini qo‘porib avtomobilga ortganlar.

Ertasi kuni metallolom qabul qilish punktiga haykalni topshirib 39000 rubl olganlar.

Mahkamada aytilishicha, jinoyatchilar metallolom qabul qilish idorasi xodimini chalg‘itib, haykalni arralatishga muvaffaq bo‘lganlar.

Politsiyaga ko‘ra, haykalning haqiqiy bahosi 160 ming rubldan ziyodni tashkil qiladi.

Endi metallolom qabul qilish punkti rahbari va xodimlariga nisbatan "jinoiy yo‘lda topilgani aniq bo‘lgan boylikni qabul qilish va sotish" bandi bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atishga qaror qilingan.

Taniqli sovet aktyori Yevgeniy Leonovning "Omadli jentlmenlar" komediyasidagi "Dotsent" laqabli o‘g‘riboshi rolidagi haykali 2001 yili o‘rnatilgan edi.

O‘zbekistonlik jinoyatchilar haykalni qo‘porganlarining ertasi kuni qo‘lga olingan edilar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring