Muqaddas qadamjolarda ne hol? Yoxud ziyorat odobini bilamizmi?

1-qism

Qadim Turkiston tuproqlarida dunyoga dovruq taratgan, Islom madaniyati, ilmu-fan rivoji, insoniyat kamoloti uchun munosib hissa qo‘shgan aziz-avliyolar, olimu-ulamolar, so‘fiy shoirlar, shahidlarning xoki poklari bor.

Istiqlolning dastlabki yillarida, tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolarni obod qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Bundan xursand bo‘lgan xalq aziz-avliyolarning xoki poklarini ziyorat qilish uchun selday oqib kela boshladi. Ammo... Har bir hatti-harakatning, har bir niyatning bir ilmi, qoidasi, hikmati bor. Xususan, qabrlarni va avliyolarning muqaddas xoklarini ziyorat qilishning ham.

Ammo bugungi avlodlar botiniy ilmlardan-ku, deyarli xabarsiz, zohiriy ilmlar, xususan, oddiygina ziyorat qilish odobidan ham anchayin bexabar ekanligi achinarli holdir.

To‘rt besh yil muqaddam oilamiz bilan yurtimizdagi bir qator qadamjolarni ziyorat qilishga ahd qildik. Maqsad: farzandlarimizni kichik yoshdan boshlab allomalarning muborak qadamjolari, yurtning so‘lim manzarali maskanlari bilan tanishtirish edi. Dastlab Surxon vohasining Oltinsoy tumanidagi "Xo‘jaipok ota" ziyoratgohiga bordik. Ammo u yerda ko‘rganlarim bolaligimda ko‘rgan-kechirgan manzara-yu muhitga sira o‘xshamasdi...

Xo‘jaipok ota

Keragatog‘ etagidagi bu maskanda ulkan va sirli g‘or ichidan yaxtakkina zilol suv tinimsiz oqib turadi. Tib mutaxassislari g‘ordagi oltingugurt suvi o‘n beshga yaqin turdagi og‘ir, o‘tkir va yuqumli kasalliklardan forig‘ bo‘lishga yordam berishini ta‘kidlashadi.

Ikki yil muqaddam respublika gazetalaridan biri "Tabiatning betakror mo‘‘jizasi" sarlavhali maqolada: "...Ziyoratgohning Xo‘jaipok ota deb nomlanishiga kelsak, bu ism sahobalardan biri Hazrati Abdurahmon ibn Avfga tegishlidir", - degan jumlani keltirgan.

Ammo hazrat Abdurahmon ibn Avfga daxldor bo‘lgan qator tarixiy manbalarni ko‘zdan kechirib, mazkur jumlani dalillaydigan, quvvatlantiradigan birorta ma‘lumot topish mushkul. U kishining 655 yili Madinada vafot etgani aytilgan. Biroq, Keragatog‘, xususan, Surxon tomonlarga sayohat yo hijrat qilgani, bu yerlarda xilvat tutgani yoxud dafn etilgani haqida hozircha biror ilmiy dalilga ko‘zimiz tushmadi.

Balki ismu-sharifi Abdurahmon ibn Avf bilan bir xil bo‘lgan boshqa bir avliyoga daxldordir bu qadamjo?...

Ba‘zi og‘zaki manbalarda bu maskanni bir zamonlar xilvat tutgan avliyo ismini ataylab sir tutgani, avvalo so‘fiylik qoidasiga ko‘ra MENligidan voz kechgani, borlig‘i-hayotini Allohga baxshida etgani uchun, qolaversa, o‘z davrining fitnalaridan saqlanishi uchun shunday yo‘l tutgani, shu bois faqatgina Xo‘jai Pok nomi bilan atalishi haqida turfa rivoyatlar bor.

Hali o‘rganilishi, izlanishi, ba‘zi tarixiy xatolar, anglashilmovchiliklarga tuzatish kiritilishi, yozilishi kerak bo‘lgan sirlar, ilmlarni yuzaga chiqarish tadqiqotchi-olimlarga havola endi...

-Hukumatning muqaddas qadamjolarni ta‘mirlatgani yaxshi-yu, ammo diniy bilimlarni o‘rganishni chegaralab qo‘yishi chakki ish bo‘ldi-da, - deydi avzoim biroz mahzunlikka yo‘g‘rilganini payqagan ziyoratchi onaxonlarning biri. – Avvalgi kommunistik hukumatni-ku, dinimizning mag‘zini chaqa olmay ta‘qiqlab qo‘ydi, der edik. Bugun mustaqilmiz... lekin... zimdan choh qazish ko‘payib ketdi. Sirtdan qarasang, hukumat ham, xalq ham "musulmonmiz" deydi. Ammo amalda... Aksariyati bir-birini sotadi. Zig‘irday manfaat uchun yoki o‘z jonini qutqarib qolish uchun yoshlarni-ku yosh deysan, kap-katta odamlar vijdoni, iymonidan osongina voz kechib yuborayapti... Ezgu niyatlar bilan yo‘llagandik – sakkiz yoshli nevaram qo‘shnimizdan Qur‘oni karimni o‘qishni o‘rganayotgan edi. Birpasda chaqimchilar ham topila qoldi. Chekka bir qishloqda yashasak-da, ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘shnim ham qattiq nazorat ostiga olindi, biz ham...

-Axir bu ota-bobomiz amal qilgan din-ku. Yoz bo‘yi qishloqda parkka borib o‘ynab kel, deydigan sharoit bo‘lmasa, bekor yurgandan ko‘ra bolalikdan o‘z diniga ixlos qo‘yib, axloq-odob, pokizalik va to‘g‘riso‘zlikni, halol-harom, uvol-savobning ne ekanini bilib, ibo, hayo, iymon, ilmu ixlosga yo‘g‘rilib ulg‘aysa, buning nimasi yomon? – desam, "Katta bo‘lganda o‘rganadi", - deyishadi. Lekin kattaroqlarni ham diniy ta‘lim-tarbiya olishga qo‘yishmayotganini yon-verimizdan eshitayapmiz. Qolaversa, bolalikdan bo‘yin egmagan, katta bo‘lganda bo‘yin egarmidi? Ajdodlarimiz bejiz aytishmagan-ku, "Bolalikda olingan bilim-toshga o‘yilgan bitikdir" deb...

Onaxonning gaplarini yonida o‘tirgan turmush o‘rtog‘i – o‘zini oddiygina Hoji bobo deb tanishtirgan kishi ham ma‘qullaydi:

-Xolangiz to‘g‘ri aytayaptilar, qizim. Uzoq yillar o‘qituvchilik qildim. Siyosatchi yo bir amaldor bo‘lmasam ham uncha-muncha narsaga aqlim yetadi, shukr. Bosh Qomusimizda davlat va din ishlari bir-biridan ajratilganligi haqida yozilgan bo‘lsa-da, lekin amalda butunlay teskari ishlar bo‘layapti. Dinni ta‘qiqlashning ayanchli oqibatlari mana shundoqqina ko‘z o‘ngimizda kechayapti.

Bugun nafaqat erkaklar, balki ayollar ham "o‘z ixtiyorlari bilan" oila boqish ilinjida mardikorlik "fronti"ga otlanganlaridan aksariyat xonadonlar huvillab qolgan. Bolalar qarovsiz, mas‘uliyatsiz, tarbiyaga muhtoj... Poraxo‘rlik avjida, chuqur ildiz otgan korruptsiya tufayli izdan chiqqan ta‘lim tizimi bularni eplay olmayapti. Biz jon kuydirib o‘qitganimiz bilan oliy o‘quv yurtlariga pulsiz o‘qishga kirish mushkul. Kelajakka ishonch qolmagan. Hamma kun o‘tarini – shu bugunini o‘ylaydi...

Yoshlarning aksariyati na kattalarni hurmat qilishni, na bir-birini izzat-ikrom qilishni, na kichiklarga shafqat ko‘rsatishni biladi. Qizlarda ibo-hayo, yigitlarda or-nomus tushunchalari g‘ariblashib borayotir. Mana ko‘rib turganingizday, hatto oddiygina ziyorat odobini bilishmaydi. Baqir-chaqir, o‘yin-kulgi, o‘yinlaridan "o‘q" chiqib qolsa, janjal-to‘polon...

Suhbatdosh so‘zlarida davom etadi: - Bu hali hammasi emas. Hozirda maktablarda va restoranlarda bitirish kechasi o‘tkazishga yo‘l qo‘yishmayotgani bilan ba‘zi yoshlar ziyorat bahona mana shunday tog‘li joylardagi muqaddas qadamjolarda tong otar bazmu-jamshid o‘tkazishni odat qilishayapti. Vang‘illatib qo‘shiq qo‘yib, raqsga tushishayapti, hatto ba‘zilarining dasturxonlarida alkogol ichimliklari-yu va yana allambalolarning borligigacha qulog‘imga chalindi.

-Hoy, baraka topgurlar, shovqin solib, bu yerdagilarning ruhlariga ozor bermanglar. Qo‘lingizdan kelsa, duoi fotihangizni qiling-da, tinchgina keting. Ichkilikni-ku, umuman keltirmanglar bu yerga, raqsu-tomoshangizni uyingizga borib qiling", - deya ikki og‘iz nasihat qilsam, xijolat bo‘lish o‘rniga to‘rt-beshta mahmadanaroqlari jo‘rovoz bo‘lishib: "E, boboy, sizning nima ishingiz bor, bu yer sizning hovlingiz emas-ku. Xohlagan joyimizda o‘ynab-kulamiz. Ana, Prezidentimiz: "Yoshlar – bizning kelajagimiz, ular mening farzandlarim, hammasini bag‘rimga bosaman! Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kerak!" – deb bizga katta imkoniyatlar yaratib berayaptilar-u, siz qayoqdagi gaplarni gapirib, bizni xafa qilayapsiz", – deya chuvillashdi.

-Davlat senlarga katta imkoniyatlar berayotgan bo‘lsa, o‘tgan azizlarimizning hayot yo‘llarini, asarlarini o‘rgan, izlan, ularga iqtido qil, o‘qi, INSON bo‘l! – deb koyidim. "E, o‘qiganlar puli bo‘lmasa xor bo‘lishini, hayotda nimalar bo‘layotganligini bizdan yaxshi bilasiz-ku, boshimizni og‘ritib nima qilasiz? Qo‘ying, undan ko‘ra yoshligimizda o‘ynab-kulib qolaylik", - degan javobni eshitdim. Ko‘nglim juda qattiq og‘ridi...

E‘tibor qilyapsizmi, bu yoshlar bir vaqtning o‘zida bir yoqdan: "Bizga har tomonlama katta imkoniyatlar yaratib berilgan", deyapti-yu, ikkinchi yoqdan:"O‘qiganlar ham puli bo‘lmasa xor bo‘ladi", deya ta‘kidlashni-da unutishmayapti. Bu nimadan dalolat? Qarangki, yoshlar qog‘ozdagi shiorlardan emas, amaldagi voqea-hodisalardan yaxshigina xabardorlar va ulardan andoza olayotganliklarini o‘z og‘izlari bilan aytib turishibdi. O‘z ahvoli-ruhiyalarini o‘z tillari bilan tasdiqlab berishayapti..

Aslida bu yoshlarda ayb yo‘q. Ularni hozirdanoq hayot haqida shunday umidsiz va achchiq xulosalar chiqarish darajasiga olib kelib qo‘ygan mavjud tizim, xususan, biz – kattalar ham aybdormiz. To‘g‘ri, hech kim bolalarga "yomon bo‘lgin, yaxshi bo‘lma" deb tarbiya bermaydi: ota-ona ham, mahalla-ko‘y ham, davlat ham. Ammo tarbiyachining o‘zi tarbiyali bo‘lmasa, so‘zi bilan o‘zi bir bo‘lmasa-chi?.. Bolalar aytilayotgan chiroyli so‘zlarga emas, biz kattalarning hayotda voqe‘ aylayotgan amallarimizga ergashib "tarbiyalanayaptilar". Mana, fojeaning ildizi qayerda?

...Otaxon xuddi tomog‘iga xo‘rsiniq tiqilgandek, birdan so‘zlashdan to‘xtadi-da, boshini quyi solib, bir nuqtaga tikilgancha bir muddat sukut ichra qoldi. Biz-ku, yoshimizni yashadik. Ammo yoshlarga qarab achinib ketaman. Ertaga shular oila qurib, OTA, ONA bo‘lishadi. Bugun muqaddas qadamjolarga kelib, ko‘ngilxushlik qilayotgan, azizlar mozori qoshida raqs tushayotgan, bebaho YoShLIKni faqat o‘yin-kulgi uchun berilgan katta imkoniyat deb tushunayotgan bu yoshlar o‘z farzandlariga qanday tarbiya berishadi? Nimani o‘rgatishadi? Na diniy va na dunyoviy bilimlarni egallashga azmu shijoati, ishonchu ixlosi bo‘lmagan yoshlardan kelajakka qanday nasllar qoladi? "Yashasin-yashasin!... Ura-ura!..." shiorlari ostida yoshlarimizni bu qadar havoyi va yo bu qadar hafsalasiz qilib, nimaga erishmoqchimiz o‘zi? Bu davlat tepasida o‘tirganlar qayoqqa qarashayapti? Nimani rejalashtirishayapti? Biz faqir fuqarolarning ham dodini, istak-talablarini eshitadigan, inobatga oladigan rahbarlar qoldimikin?

...Keksa otaxonning gaplari o‘rinli edi. Yurtni so‘ragan, "yurtni tutib turgan" har bir sardor-rahbar uchun jiddiy o‘ylab ko‘radigan mulohazalar edi bu.

Ba‘zi faollarning kuyunchaklik bilan so‘zlashlariga qaraganda "Xo‘jaipok" mahallasida shu paytga qadar umumiy o‘rta ta‘lim maktabi ham yo‘q ekan. Bolalar yetti kilometr uzoqdagi maktabga qatnab o‘qisharkan. Ayniqsa, qish kunlarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining bunday uzoq yo‘l bosishlari qiyin kechishini sog‘lom avlod haqida jar solayotgan mutasaddilar nahotki hech o‘ylab ko‘rishmagan bo‘lsa?...

Deputatlar ham, hokim-to‘ralar ham quruq va‘dadan nari o‘tishmasa, muammolar o‘z-o‘zidan yechilib qolmaydi-ku, axir?

...Ziyoratgohda odamlar supachalar ustida, joy yetmaganlar esa tekis yerlarga gilam, ko‘rpachalar solib, oila-oila, davra-davra bo‘lib o‘tirishgan. Suhbatimizga zimdan quloq tutib o‘tirgan shekilli, yon supachada rafiqasi, farzandlari bilan o‘tirgan, o‘zini Shavkat deb tanishtirgan yigit gapga aralashdi:

– Chindan ham tog‘liklar, aksariyat qishloqliklar uchun televizorlarda ko‘rsatiladigan ko‘p qavatli, keng, yorug‘, zamonaviy texnik jihozlar bilan ta‘minlangan maktablarda o‘qish orzu bo‘lib qolayapti. Zamonaviy, dunyoviy, texnik bilimlarni-ku, bizning sharoitda chuqur egallash amri mahol. Jilla qursa, o‘z dinimizni emin-erkin o‘rgana olsak edi... Ilohiy bilimlar, siru sinoatlarning qadru qimmatini bilganlar, ko‘ngil ko‘zi ochiq, xislatli, fazilatli odamlar borgan sari kamayib bormoqda. Vaqt g‘animat, ilmu-odob o‘rganishimiz kerak biz yoshlar. Chindan ham o‘zimiz ololmagan bilimni farzandlarimizga qanday o‘rgatamiz?

- Bu qadamjoga respublikaning barcha viloyatlaridan ziyoratchilar kelishadi. Avvallari qo‘shni mamlakatlardan ham kelishardi, hozir yo‘llar yopiqligi uchunmi, negadir kamayib qolishgan. Hozirgina amakining ba‘zi bebosh yoshlar haqidagi gaplarini tinglab o‘tirib, bir voqea yodimga tushdi: Samarqandda, Kattaqo‘rg‘onda istiqomat qiladigan bir qarindoshimiz bor. Keksayib qolganlariga qaramay, har yili yozda kelib "Xo‘jaipok ota"ni ziyorat qilib ketardilar. Ba‘zida uch-to‘rt kun, ba‘zida hafta bo‘yi kechasi bilan shu yerda qolardilar. Ikki yil muqaddam ham tashrif buyurgandilar. "Bir gazetda, mazkur qadamjoda mehmonxona-yu, shifoxonalar qurilib, juda obod bo‘lib ketdi, deb yozishganiga ko‘zim tushdi. Bir ko‘rib kelay yana deb, havas qilib yo‘lga chiquvdim. Aslida unday emas ekan-ku... Aksincha, sanitariya qoidalariga rioya etilmagan - turfa chiqindilar, meva po‘choqlari issiq havoda aynib, atrofga qo‘lansa hid taratib yotibdi. Qurilishlar nomiga, ishlar o‘lda-jo‘lda, imoratlar yarmi bitib, yarmi bitmagan... Buning ustiga eshikdan kirishing bilan odam boshiga pul so‘rashadi. Avtoulov bilan kelsang, ungayam alohida pul. Bir parcha yerga o‘tirsang pul. G‘or suviga yuvinmoqchi bo‘lsang ham pul. Maqbaraning ichiga kirmoqchi bo‘lsang, yo‘lakda yana pul... Ilgarilari bunaqa emasdi, bemalol kelib-ketardik", – deya bu yerdagi betartiblikni, ba‘zilarning joy uchun talashish-tortishishlarini, ayniqsa, yoshlarning qiy-chuvlarini ko‘rib, biroz dillari xira bo‘lib ketdilar. Shu bilan boshqa kelmay qo‘ydilar.

...Eskidan ajdodlarimiz oddiy qabristonlarni ziyorat etib, duoi-salomlar yo‘llab, sukut ichra Allohni, oxiratni, o‘lim va hayot haqiqatlarini mushohada qilishgan. Umrning har lahzasini g‘animat bilib, ilm o‘rganishgan, savobli ishlar qilishgan. Aziz-avliyolar xoki poyini ziyorat qilish orqali esa, ruhiy kamolot kasb etishga jiddu jahd qilishgan.

Bugun-chi?...

Bu mavzuda batafsilroq