O‘sh: Kecha solingan yo‘l bugun buzilmoqda

O‘tgan yili O‘sh shahrida 125 million so‘mga ta‘mirlangan yo‘l bir yilga yetmay yaroqsiz holatga kela boshlagan. Qizil-Qiya shahar hokimligi soldirayotgan yo‘llarda ham ishlar yakuniga yetmasdanoq yamoqlar paydo bo‘lgan.

2015 yilda O‘sh shahridagi ichki yo‘llarni ta‘mirlash uchun respublika xazinasidan 125 million so‘m ajratilgan. Transport vazirligi bu pulga shahardagi Abuqodirov, Navoi va Masaliyev ko‘chalarini to‘liq ta‘mirdan chiqarishni rejalashtirgan. Tender e‘lon qilinib, qurulish kompaniyalarini tanlash, ta‘mir ishlarini nazorat qilishni transport vazirligi bajargan. Biroq yangi solingan yo‘llar allaqachon ta‘mirga muhtoj bo‘lib qolgan.

"Bu yo‘llarni Transport vazirligi ta‘mirlatgan. Qaysi kompaniyalar bu ishni bajarishini o‘zlari tanlagan. Texnik nazoratni ham o‘zlari olib borgan. Biz bu ishlarga aralashganimiz yo‘q. Biz o‘sha yo‘llarning loyihalarinigina taklif qilganmiz. Hozir yo‘llarning birini ham qabul qilmadik. Sababi ko‘p kamchiliklar mavjud. Biz yaqinda vazirlikka borib, yo‘lning sifati bo‘yicha o‘z talablarimizni aytdik. Ular kamchiliklarini bo‘yinlariga olib, to‘g‘rilaydigan bo‘ldi" – deydi O‘sh shahar yo‘llar boshqarmasi rahbari Arzibek Junusov.

Botken viloyatiga qarashli Qizil-Qiya shahrida ham xuddi shunday ko‘rinish. Kichik shaharchaning ichki yo‘llari mustaqillik yillardan beri birinchi marotaba to‘liq ta‘mirlangan, biroq bu yo‘llarning ko‘p qismi oz vaqtda ishdan chiqqan.

O‘sh viloyatining Novqat tumaniga qarashli Qulatov qishlog‘iga to‘rt yarim kilometr yangi to‘shalgan asfalt bir yil xizmat qilmagan. Bu yo‘lga Qulatov qishloq xizinasidan 18 million so‘m sarflangan. Hozirda qishloq hukumati "Montajnik" yo‘l qurish kompaniyasi bilan sudlashmoqda.

"Mengacha bo‘lgan qishloq hukumati davrida O‘shdagi "Montajnik" degan xususiy kompaniya bizning qishloqdagi to‘rt yarim kilometr yo‘lni 18 million so‘mga qo‘rib bergan. Biroq bu yo‘l bir yilga yetmadi. Sobiq qishloq boshchisi ham u yo‘llarni qabul qilgan emas. Men hozir o‘sha ishni nochor bajarilgani yuzasidan O‘sh viloyati prokuraturasiga murojaat qildim. Prokuratura tergov qilib, ishni sudga o‘tkazib berdi. Hozir ham sudlashayapmiz. Keyingi yo‘llarga ham bu firmani yaqinlantganimiz yo‘q. Shuningdek, yo‘l qurilishi uchun sarflanadigan pullarni 10 foizini kompaniyalarga o‘tqazmasdan, bir yil o‘zimizda saqlab turayapmiz. Bu qurilish kompaniyalarining ma‘suliyatlarini talab qilishning bir yo‘li qatori qilinmoqda" – deydi Novqat tumanining Qulatov qishloq rahbari Nurdin Madmarov.

Mutaxasislar yo‘l quruvchi kompaniyalar ma‘suliyatini oshirib, ulardan yo‘lning sifati uchun 7-8 yilga kafolot talab qilish kerak deyishmoqda.

Jo‘g‘o‘rqu Kengash deputati Abduvaxap Nurbayev maxalliy rasmiylarning poraxo‘rligi sabab bu kabi muammolar kelib chiqayotganini aytadi.

"Agar yanglishmasam, yangi qurilgan yo‘llarga 7-8 yil kafolot beriladi. Qonun shunday muddatni talab qiladi. Yo‘l solinganidan bir yil o‘tib, qurilish kopmpaniyalari barcha ma‘suliyatlardan qutiladi degan qoida yo‘q. Buyurtmachi ijrochidan talab qilishi kerak. Ish boshlanganidan keyin har bir harakat nazorat qilinishi kerak. Bunday xolatlarda buyurtmachilar o‘zlari noto‘g‘ri ishlarga aralashib qoladilar-da, keyin ijrochilarga hech nima deya olmasdan yuraveradi. Agar ishlar qonun doirasida bajarilsa, sifatli yo‘llar qurilar edi" – deydi deputat Abduvahap Nurbayev.

Odatda "boy" qishloq hukumatlari va shaharlar yil sayin yo‘l qurish yoki uni ta‘mirlash uchun xazinaning 30 foizini sarflaydilar. Bu ishlarning bajarilishini prokuratura bilan birgalikda qator idoralar nazorat qiladi. Lekin, shunga qaramay millionlab pullar safrlangan yo‘llar bir yilga yetmay yaroqsiz xolga kelib qolishi odatiy holga aylangan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq