Qirg‘iziston Orolni qutqarish loyihasidan chiqadi

Qirg‘iziston Orolni qutqarish xalqaro fondi va uning idoralari faoliyatida o‘zining ishtirokini to‘xtatadi, deb aytgan mamlakat rasmiylari.

Qirg‘iziston Bosh vazir o‘rinbosari Dinara Kamolovaning fikricha, fond ishida Markaziy Osiyodagi ba‘zi respublikalarning suvdan foydalanish tomonlari va ehtiyojlari e‘tiborga olinmagan.

"Qirg‘iziston Orolni qutqarish xalqaro fondi faoliyatida qatnashish istiqbollarini ko‘rmayapti", deb aytgan Kamolova xonim 18 mayda Bryusselda o‘tgan Ovroittifoq-Markaziy Osiyo muzokaralari majlisida.

Qirg‘iziston Tashqi Ishlar vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, mintaqaviy hamkorlik borasida Kamalova Markaziy Osiyoda suv-energetika hamkorligidagi muammolarga e‘tibor qaratib, Orolni qutqarish fondi faoliyatida "Markaziy Osiyodagi alohida davlatlarning suvdan foydalanish va ehtiyojlari bo‘yicha gidroenergetik nuqtalar hisobga olinmagan"ini aytgan.

Uning aytishicha, Qirg‘iziston tomonidan bir necha bor taklif qilingan islohotlar amalga oshirilmagan. Shu boisdan, Qirg‘iziston Orolni qutqarish fondidagi faoliyatini muzlatish qaroriga kelgan.

Image copyright none

Qirg‘iz tomoniga ko‘ra, islohotlar o‘tkazilmasa, o‘zining ishtirokini qayta boshlashning kelajagini ko‘rmaydi.

Kamalova xonim shuningdek, energetik loyihalar, xususan SASA -1000 mintaqaviy loyihasini rivojlantirish masalalariga to‘xtalgan.

CASA-1000 elektr energiyasini Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyoga eksport qilishni maqsad qilgan loyihadir.

Yangi elektr quvvatini uzatish tarmog‘i Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston va Pokistonni bir-biriga bog‘laydi.

Sobiq ittifoq tarqagach, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida suv, chegara, gaz muammolari bo‘yicha kelishmovchiliklar kelib chiqqan. Ular bahsli hududlar va boshqa sabablar bahonasida tez-tez qo‘zg‘alib turadi.

Ba‘zi kuzatuvchilar Qirg‘izistonning Orolni qutqarish fondi tarkibidan chiqishini Markaziy Osiyo respublikalardagi ushbu muammolarning saqlanib qolayotgani, o‘zaro munosabatlarning sovuqligi bilan, shuningdek, Qirg‘iziston bundan keyin suv resurslarini yangi CASA-1000loyihasiga qaratmoqchi ekani bilan izohlashgan.

Orolni qutqarish

Orolni qutqarish fondi 1992 yil yanvarida O‘zbekistonning Nukus shahrida tashkil qilingan.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Orolni qutqarish fondi tashkilotchilari va a‘zolari hisoblanishadi.

Fond faoliyati Orol fojeasi ta‘sir qilgan hududlarda ekologik sog‘lomlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yechish, ekologik loyihalarni ishlab chiqish va moliyalashtirish ishlariga qaratilishi ko‘zda tutilgan.

2008 yil dekabridan boshlab fondga BMT Bosh assambleyasida kuzatuvchi maqomi berilgan. Xalqaro fond a‘zolarining loyihani amalga oshirish uchun 2003-2010 yillarda qo‘shgan hissalari 2 mlrd dollarni tashkil qilgan.

O‘tgan yili Orolni asrash bo‘yicha 2011-2015 yillarga mo‘ljallangan uchinchi loyiha xalqaro fondning BMTga tegishli tashkilotlar, Jahon banki, Osiyo Taraqqiyot banki, Ovro‘po Ittifoqi va qator donor-mamlakatlar bilan hamkorligida hayotga tadbiq etilishi aytilgandi.

Dastur uchun taxminan 8,5 mlrd dollardan ortiq mablag‘ kerak bo‘ladi.

Biroq tahlilchilarda bunday loyihalarga ishonchsizlik bilan qarash mavjud. Boisi, yillar davomida Orolni qutqarish bo‘yicha qator anjumanlar Urganchda, Ashxobodda, Qozog‘istonda o‘tkazilgan, hujjatlar imzolangan, mablag‘lar ajratilishi aytilgan. Lekin bu bilan Orol to‘lib qolgani yo‘q. Aksincha mintaqadagi ekologik fojea yildan-yilga kuchayib borayotganligi misol keltirishadi kuzatuvchilar.

Bundan oldin Qozog‘iston hukumati va Jahon Banki kichik ko‘lga aylanib qolgan Orolning shimoliy qismida aksar O‘zbekistonda qolayotgan va deyarli qurib bitgan Buyuk Oroldan ajratish uchun to‘g‘on tiklashgandi.

Shundan so‘ng Orol dengizi shimolidagi Kichik Orol kelasi chorak asr davomida o‘zining eski sohillariga qaytishi mumkin degan bashoratlar bildirildi.

Dengizning qaytishi mumkinligi Orol bo‘yida yashovchi insonlarda umid uyg‘otgan.

Biroq 2014 Sentyabr oyida AQShning NASA agentligi Orolning fazodan tasvirga olingan eng so‘nggi fotosuratini e‘lon qildi.

NASAning Earth Observatory saytidagi fotosuratlarda Janubiy Orol dengizining sharqiy qismi to‘liq qurib qolgani aks etgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring