Gorbachyov: Putinning o‘rnida men ham shunday qilardim

Image copyright AP

Sobiq Ittifoqning birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachyov Sunday Times ro‘znomasiga bergan intervyusida Rossiyaning Qrimni anneksiya qilishini yoqlagan.

Uning so‘zlashicha, Putinning o‘rnida o‘zi bo‘lganida u ham aynan shunday qilgan bo‘lar edi. "Men har doim xalqning irodasi tomondaman, Qrimdagi aksariyat Rossiyaga qo‘shilishni xohlagan edi", deb aytgan Gorbachyov.

"Faqat bir sabab bilan men Putin kabi harakat qilmagan bo‘lardim, agar hokimiyatda bo‘lsam, Sovet Ittifoqi mavjud va Qrim uning tarkibida hisoblanganida", deb izohlaydi janob Gorbachyov.

Sunday Times muxbiriga ko‘ra, Sho‘rolar Ittifoqining birinchi prezidenti hanuz uning parchalanganidan afsuslanadi.

Gorbachevning aytishicha, "ulkan boyliklari va imkoniyatlari bo‘lgan buyuk davlat g‘oyib bo‘ldi".

"Ko‘pchilik rossiyaliklar men kabi fikrdalar: ular SSSRni qaytarishni xohlashmaydi, lekin u vayron bo‘lganidan chuqur afsuslanishadi", deb qayd etgan sobiq prezident.

Rossiyadagi bir qancha siyosatchilar Sovet Ittifoqining parchalanishi buyuk geopolitik fojea bo‘lgani va unda Gorbachyovning roli kattaligini urg‘ulab, hatto uni mahkamaga tortish chaqiriqlari bilan chiqqandilar.

Gorbachevning o‘zi uni sudlashga chaqiriqlar "aqlsizlikdan boshqa narsa emas" deb aytgan.

Jurnalistning Putin bilan munosabatlari haqida bergan savoliga Gorbachyov, "bizda har doim normal munosabatlar bo‘lgan. Lekin hozir uni qoniqarli deb ayta olmayman. Bizda hozir hech qanday aloqa yo‘q", deb javob bergan.

Bundan oldin Putinning ichki va tashqi siyosatini bir necha bor tanqid qilgan Gorbachyov Qrimning qo‘shib olinishi haqida ijobiy fikr bildirgandi.

"Men xursandman qo‘shiluvdan. Qrim referendumi Sovet davri xatosini tuzatdi. Bu vaziyatda shundan kelib chiqib gapirish kerakki, odamlar o‘z xohishlariga qarshi Ukraina hududida bo‘lib qolishgandi. Buning hammasi ularning xohishlariga qarshi qilingan. Ular albatta Nikita Xrushyov nega bunday qilganiga javob berisholmasdi.

Muammo bo‘lgan va har doim o‘sib kelgan. Referendum Qrimdagi odamlarning fikrlarini oydinlashtirish uchun o‘tkazildi. Bu ularning huquqi. Referendumlar bizda ko‘p joyda o‘tkaziladi. O‘tkazishdi. Aniq bo‘lishicha, Qrimdagi ruslar Rossiyaga qaytishni istashadi. Balki, referendum o‘zining natijalari bilan hammani hayratga solgan bo‘lsa kerak. 90 foizdan ortiq aholi qo‘shilishga rozi. Bu hammaning ko‘z o‘ngida ochiq jarayon bo‘ldi, hech bir ko‘zbo‘yamachilik bo‘lmadi. Bu bilan hisoblashish lozim. Endi biz do‘stona hayot kechirishimiz kerak. Biz endi Ukraina bilan bir-birimizni quvvatlashimiz, rivojlanishimiz kerak", deb aytgandi sobiq prezident.

Dunyodagi qator davlatlar Qrimni anneksiya qilishi ortidan Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanktsiyalar kiritganlar. Ukrainaga nisbatan siyosati bois Rossiya yirik sakkizlik tarkibidan ham chiqarilgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq