Qozog‘istonliklar nega Xitoydan buncha qo‘rqadilar?

Qozog‘istonning bir necha shaharlarida Yer kodeksidagi o‘zgartirishlarga qarshi shanba kuni bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari yuzlab odamlarning hibsga olinishi bilan yakun topdi.

Odamlarning noroziligiga asosiy sabab Yer kodeksining xorijliklarga mamlakatdagi hosildor yerlarni 25 yilga ijaraga berish ruxsati edi.

Ushbu qonun o‘tgan yili noyabr oyida qabul qilingan va 2016 yil iyulidan kuchga kirishi ko‘zda tutilgan edi.

Norozi qozog‘istonliklarning asosiy xavotiri Xitoy kabi qo‘shni mamlakatlardan sarmoyachilar kelib, yerlarni sotib olishlaridir.

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev 5 may kuni Yer kodeksining to‘rt bandiga moratoriy joriy etgani haqida e‘lon qilgandi.

"Men qaror qabul qildim: Yer kodeksining jamoatchilik rezonansiga sabab bo‘lgan qator normalari, aniqrog‘i, o‘tgan yili qabul qilingan to‘rt normasi kuchga kirishiga keyingi yilgacha moratoriy qo‘yiladi", - deb aytgandi Prezident Nazarboyev.

Ammo, bu noroziliklarni so‘ndira olmadi. Undan tashqari, qozog‘istondagi tahlilchilarga ko‘ra, xalq orasida hukumatdagi mansabdor shaxslarning poraxo‘rligi, "Panama qog‘ozlari" fosh qilgan korruptsion ishlarga aralashgani va neft narxining tushib ketishi orqali yuzaga kelgan qiyin iqtisodiy ahvoldan noroziliklar kuchaygandi.

BBC asli olmotilik, hozirda Ostonada ishlayotgan mustaqil jurnalist Dina Jansag‘imovadan avvalo bugungi kayfiyat haqida so‘radi.

Jansag‘imova: Ostonaning o‘ziga xos kayfiyati bor, chunki bu poytaxt, davlat boshqaruvi mana shu yerda amalga oshiriladi. Bugun mana to‘liq ish kuni, odamlar dam olish kunlari bo‘lgan xavotirlarni biroz unutishdi. Noroziliklar asosan Olmoti va Qozog‘istonning boshqa shaharlaridagi jamoatchilikni ko‘chalarga olib chiqdi. Poytaxtda esa, aniq raqamlarni aytolmayman-u, lekin 50 foiz aholi yo davlat organlarida yoki davlat bilan yaqindan ishlovchi xususiy sektorda ishlaydilar. Qolgan aholi esa uzoq ovullardan kelgan odamlar, ular xizmat ko‘rsatish bilan kun ko‘radilar. Umuman aytganda, hukumatga qarshi emaslar. Ostonada shanba kuni ancha tinch kun bo‘lgan bo‘lsa-da, odamlar juda bezovta bo‘lishayotgandi. Chunki ular mintaqamizda va umuman dunyoda bo‘layotgan voqelardan xabardor bo‘la turib, o‘zimizning Qozog‘istonda ham qandaydir inqilob yoki davlat to‘ntarishi yuz berishi, notinchliklar yuzaga kelishidan juda-juda qo‘rqadilar. Shuning uchun, Ostonada ham, va asosan Olmotida juda qattiq xavfsizlik choralari ko‘rildi. Umuman olganda, odamlar qandaydir namoyishga chiqish u yoqda tursin, hatto o‘z shaxsiy muammolarini yechishga juda qo‘rqadilar. Kim bilandir janjal qilish kerakmikan, deb yetti marta o‘ylab ko‘radilar.

BBC: Lekin, ayni damda Olmotida ko‘chalarga chiqqan odamlarning o‘zlarini qanday tutganlariga qarasak, ularning hech nimadan qo‘rqmayotganlari namoyon bo‘ladi. Hatto ayollar militsiya bilan olishib, janjallashishdi. Militsiyadan qo‘rqmay ming nafarcha odam ko‘chaga chiqdi. Nimaga bunchalar qizigan edi bu odamlarning hissiyotlari?

Jansag‘imova: Olmoti bu mamlakatning ijtimoiy va siyosiy hayotidagi umuman boshqacha bir manzara. Jamoatchilik masalalariga kelganda, olmotiliklar juda faol xalq. Olmotiliklar orasida erkinlikka ishtiyoq kuchli, o‘z xavfsizligi yoki ish joyidan xavotirga tushish keng tarqalmagan. Olmotida odamlarning ko‘chaga chiqqanlari juda muhim voqea bo‘ldi. Chunki bu bilan burilish nuqtasi yuz berdi. Gap shundaki, Yer kodeksiga o‘zgarishlar bir necha oy oldin kiritilgandi. O‘tgan shanba kuni yuz bergan namoyishlar esa faqat Yer kodeksiga bog‘liq emas edi. Yer kodeksi shundoq ham xalq orasida tomchilab-tomchilab yig‘ilib kelayotgan norozilikka turtki bo‘ldi, xolos. Aslida Olmotida bo‘lgan namoyishlardan hech kim hayron bo‘lmadi, aksincha, ko‘plar hursand bo‘lishdi. Yana bir hursand qilgan jihati shu bo‘ldiki, biz hukumat kuchlari tomonidan yanada qattiqqo‘lroq reaktsiya bo‘lishini kutgandik, lekin bu yuz bermadi. Bu namoyishlarni uchinchi tomon uyushtirdi degan qarashlar noto‘g‘ri, aslida bu haqiqiy xalq noroziligi edi.

BBC: Aynan qanday uchinchi tomon haqida gap ketyapti?

Jansag‘imova: Hukumatga xayrixoh matbuot juda faollik bilan davlat to‘ntaruviga tayyorgarliklar bo‘lgani haqidagi iddaolarga dalil-isbotni topishga kirishgan. Go‘yoki Olmotidagi kanalizatsiya quvurlarida militsiya portlovchi moddalar, Molotov kokteyllari, armaturlarni topgani haqida xabar tarqatildi. Lekin, aksariyat xalq bunga ishonmaydi. Uchinchi kuch borligiga ham ishonmaydi. Chunki Qozog‘istonning o‘zidagi muammolar yig‘ilib qolgan va ana shu muammolar yechimi talab qilinyapti. Albattaki, bu fursatdan foydalanib qoluvchi uchinchi tomon ham ishga tushishi mumkin, lekin men hozir mavjud bo‘lgan jamoatchilik fikrini sizga aytadigan bo‘lsam, odamlarning ko‘pchiligi hech qanday uchinchi kuchlar haqidagi gaplarga ishonishmaydi.

BBC: Xitoyga qarshi bo‘lgan his-tuyg‘ularga kelsak. Ko‘p namoyishchilar Xitoyga qarshi shiorlar aytishayapti, militsiyani "Xitoy malaylari" deb haqorat qilyapti. Umuman, Qozog‘iston xalqi Xitoydan shunchalar qo‘rqadimi? Nega bu kabi yovqarash mavjud?

Jansag‘imova: Ha, bu bor narsa. Gap shundaki, bu yovqarash Yer kodeksi tufayli emas, balki oxirgi o‘n yillar davomida shakllangan. Qozoqlar ongida Xitoydek qudratli mamlakat bilan qo‘shni bo‘lish xavfli narsa deb ko‘riladi. Hamma bizda biladi, Xitoy tinch davlat, uning yirik iqtisodi bizga ham juda katta imkoniyatlar yaratadi. Salohiyat juda katta, va bu salohiyat hozirda sarmoyalar va savdo bilan hayotga tadbiq ham etilyapti. Ammo, shunga qaramay, Xitoydan qo‘rquv xissi qozoqlarga ona suti bilan kirib, singib ketgan. Men BBCning qozoq xizmatida ishlaganimda, eslayman, Xitoyning Qozog‘istonga ta‘siri haqida dastur tayyorlagandik. Qozog‘istonning har bir burchagi, Ostonadan tortib eng chekka hududlarida ham odamlar orasida Xitoydan qo‘rquv borligiga guvoh bo‘lgandik. Xavotir shuki, Xitoy o‘zining yirik sonli aholisi, ustivor texnologiyasi, tarixiy va madaniy ustivorligi bilan Qozog‘iston rivojiga putur yetkazishi mumkin. Xitoyning ustivorligini inkor etib bo‘lmaydi, va agar Qozog‘istonga kirib kelishni xohlasa, bemalol kirib keladi, va kirib kelib bo‘ldi ham. Lekin, bu hamkorlik ikki tomonlama shartnomalar asosida qilinmoqda. Xalq orasida esa, baribir, xavotir mavjud.

BBC: Prezident Nazarboyev va uning atrofidagilar xalq ongidagi mana shu xavotirdan xabardormi? Agar xabardor bo‘lsa, buni bila turib, nega uni hisobga olmaydi? Agar Yer kodeksiga o‘zgartirishlar xalqqa yoqmasa, nega ularni butunlay bekor qilmaydi?

Jansag‘imova: Gap shundaki, Yer kodeksida xorijliklarga, yoki aynan xitoyliklarga yer sotilishi ko‘zda tutilmagan. Tahlilchilar va iqtisodchilar Yer kodeksiga kiritilgan bu o‘zgarishlarni asosli deb biladilar. Ularning fikrida, yerni ijaraga berib bozorga chiqarish normal narsa, chunki bundan davlat g‘aznasi foyda ko‘radi. Hukumat xalq xavotirlarini biladi, chunki shu qonun tashabbusi bilan chiqqan hukumatdagi odamlar ham shu xalq orasidan chiqqan. Lekin, ayni damda ular omma fikrini oldindan to‘g‘ri baholay olmadilar. Bu yaqqol ko‘zga tashlanyapti. Prezidentning o‘zi ham o‘z chiqishlarida aytdiki, qonunga o‘zgartirishlar matbuot orqali jamoatchilikka to‘g‘ri tushuntirib berilmadi. Bir ovoza bo‘lib ketgan gap shu bo‘ldiki, "yigitlar, qaranglar, yerlarimizni juda uzoq muddatga chet elliklarga ijaraga berisharkan!" Va tabiiyki, birinchi o‘rinda odamlarning ko‘z oldiga xitoylik yer egalari, tadbirkorlar va sarmoyadorlar keldi. Mana shu asno vahima paydo bo‘ldi. Yer masalasi Qozog‘istonda juda murakkab masala hisoblanadi. U juda ko‘p janjallarning sababi bo‘lishi salohiyatiga ega. Shuning uchun ham u jamoatchilik orasida keskin munosabatga sabab bo‘ldi va boshqa masalalar, xususan hukumatning korruptsiyalashganiga qarshi noroziliklarni ham yuzaga olib chiqdi.

BBC: Ayni damda aftidan qozoq jamoatchiligini ichida ham ba‘zi bo‘linishlar ko‘zga tashlanyapti, u ham bo‘lsa "nag‘iz qozoqlar" va ruslashgan qozoqlar orasidagi farqlar. Ba‘zi shaharliklar namoyishchilarni "qishloqlardan kelgan, o‘qimagan" qozoqlar deya yerga urishayapti. Sizning ko‘zingizga tashlandimi bu kabi bo‘linishlar?

Jansag‘imova: Afsuski, ha. Bu sir emas. Ostona va Olmoti asosan rusiyzabon shaharlar, va ular viloyatlardan madaniy jihatdan ajralib turadilar. "Nag‘iz" degani haqiqiy, asl degani, ya‘ni haqiqiy milliy qozoqlar nazarda tutilyapti. Shaharlik va rusiyzabon qozoqlarni esa "asfalt qozoqlari" deb tamg‘alashgan, ya‘ni go‘yoki ular o‘z millati ildizi va yeridan ajralib qolgan va go‘yoki ular millatning og‘rig‘ini yetarlicha sezmaydilar, milliy merosimiz ustida paydo bo‘lgan xavfni anglab yetmaydilar. Janubiy va g‘arbiy viloyatlardagi qozoqlar uchun milliy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar birinchi o‘rinda turadi. Lekin, oxirgi namoyishlarga faqat viloyatdan kelganlar yoki "o‘qimagan" qozoqlar chiqdi, deyish noto‘g‘ri. Aralash edi.

BBC: Sizningcha, oxirgi hibslar norozi odamlarni tinchita oladimi yoki noroziklar hali davom etadimi?

Jansag‘imova: Xalq aslida o‘z ichida yig‘ilib qolgan g‘azabni bir nafas bilan tashqariga chiqarib oldi. Chunki 21 maygacha ham ko‘p namoyishlar bo‘ldi, aprelda ham bo‘lib o‘tdi. Bu namoyishlar orqali ular g‘azablarini chiqarish bilan bir vaqtda ruhan o‘zlarini ko‘tarib ham olishdi. Ular angladilarki, o‘z muammolari haqida ochiq gapirmay, oldinga siljib bo‘lmaydi. Shu jihatdan bu ijobiy narsa bo‘ldi, chunki endi xalq yanada chuqurroq xabardor bo‘ladi va yanada ko‘proq muhokamalar yuzaga keladi. Muhokama va bahs bo‘lgan joyda taraqqiyot bo‘ladi. Yagona xavotir shuki, hukumat keragidan ortiq kuch ishlatmasin. Agar hukumat unday yo‘l tutsa, oxiri nima bo‘lishini bashorat qilish juda qiyin bo‘ladi. Shaxsan men siyosiy tahlilchi emasman, shunday ekan, bashorat qilishim mushkul. Fikrimcha, norozi odamlar vaqtincha biroz tinchlanishadi, lekin bu bilan jarayon to‘xtab qoldi, deb o‘ylamaslik kerak. Aksincha, bu jarayon juda kuchli rag‘bat oldi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring