Petitsiya: Toshkent - dunyodagi eng xavfsiz shaharlardan biri

O‘zbekiston poytaxtini dunyoning hayot sifati eng past shaharlari ro‘yxatidan chiqarib tashlash talabi bilan onlayn-petitsiya boshlangan.

21 may kuni Britaniyada nashr etiladigan "Independent" ro‘znomasi Mercer shirkatining jahon shaharlaridagi yashash sifati indeksi asosida maqola e‘lon qildi.

Toshkentni dunyoning hayot sifati eng yomon shaharlari ro‘yxatiga kiritdilar

Bu maqolada 230 mamlakatdagi 33 shahar yashash uchun eng yomon shaharlar deb topilgani xabar qilingan.

Ana shu 33 shahar ichiga Qozog‘istondan tashqari barcha Markaziy Osiyo respublikalari poytaxtlari kiritilgan.

33 yomon shahar orasidan Toshkentga 26-o‘rin berilgan.

"Markaziy Osiyo markazidagi poytaxt so‘nggi yilda terrorizm o‘chog‘iga aylandi. 2015 yili Toshkentdagi AQSh elchiligi so‘nggi 11 yil mobaynida birinchi marta hujumga uchradi va hukumat o‘sib borayotgan islomiy ekstremizmga qarshi kurashishga harakat qilib kelmoqda", deyiladi Mercerning O‘zbekiston poytaxtiga bergan ta‘rifida.

Onlayn-petitsiya tashkilotchilari "Independent" ro‘znomasi va Mercer shirkatiga murojaat bilan chiqqanlar, Toshkentni dunyoning hayot sifati past shaharlari ro‘yxatidan olib tashlashni talab qilganlar.

Onlayn-petitsiyani boshlagan Sherzod Shermatov shunday yozgan:

"Toshkent xorijiy mehmonlar uchun dunyodagi eng xavfsiz shaharlardan biridir. Shunga qaramasdan, ularning aksari shahardagi xavfsizlik haqida haddan ziyod noxolis nuqtai-nazarga duch keladilar va bu ahvolni xolislik bilan tekshirishni o‘ziga ep ko‘rmasdan yomon xabarni tarqatishga harakat qilayotgan Mercerga o‘xshagan konsalting shirkatlarining turli reytinglari va Independentga o‘xshagan matbuotning yuzaki tahlilari oqibatidir. Shu sababli Toshkentdagi xavfsizlik haqidagi haqiqatni tarqatishga ko‘maklashing hamda bu shirkatlarni o‘z reytingida zarur o‘zgarishlarni yasashlarini talab qiling!", deyiladi murojaatda.

23 may kuni kechga yaqin petitsiyani qariyb 400 kishi qo‘llab-quvvatlagan.

Ammo ayrimlar "Toshkentni yashash yaxshi shahar deb bo‘ladimi?", degan savolni ham ko‘targanlar.

Petitsiya ostida o‘z munosabatini qoldirgan Murod Bayev shunday yozadi:

"propiska" deb nomlangan tizim sababli bu yerda qonunan yashay olmayotgan mintaqalardagi yuz minglab O‘zbeklardan so‘rab ko‘ring. Ular xuddi jinoyatchidek yoki ikkinchi darajali fuqarodek shahardan haydab chiqariladilar va muntazam bosim bilan yuzma-yuz keladilar. Bu haqiqiy uyat”.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq

Aloqador internet sahifalari

BBC tashqi internet sahifalar uchun mas'ul emas