Tojikiston: Konstitutsiyaga o‘zgartishlar "ma‘qullandi"

Image copyright RIA Novosti
Image caption Muxolifatga ko‘ra, referendumdan maqsad Imomali Rahmonning shaxsiy hokimiyatini mustahkamlash bo‘lgan

Tojikiston Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, mamlakatning aksar aholisi prezident Rahmonga umrbod saylanish huquqini beruvchi konstitutsiyaga o‘zgartishlarni ma‘qullab ovoz bergan.

Rasmiylarga ko‘ra, yakshanba kungi umumxalq referendumida 3 million 814 ishi yoki 94,5 foiz odam "ha" deb javob bergan.

MSK raisi Baxtiyor Xudoyorzodaning ma‘lum qilishicha, umumxalq ovoz berishida ja‘mi 92 foiz yoki 4 million 38 ming odam qatnashgan.

Amaldagi konstitutsiyaga o‘zgartishlar joriy prezident Imomali Rahmonga cheksiz muddatga saylanish huquqini beradi, shuningdek, prezidentlikka nomzodlar yoshini 35dan 30 ga tushiradi.

Bu esa prezident Rahmonning katta o‘g‘li-Rustam Imomaliga 2020 yildagi saylovlarda o‘z nomzodini ilgari surish imkonini beradi.

Albatta, agar otasi prezidentlikdan ketishga qaror qilsa.

Image caption Tojikistonliklar konstitutsiyaga kiritilayotgan 40 ta o‘zgartishga "ha" yoki "yo‘q" deb javob berishlari kerak edi

Umumxalq referendumida tojikistonliklar konstitutsiyaga kiritilayotgan 40 ta o‘zgartishga "ha" yoki "yo‘q" deb javob berishlari kerak edi.

Ulardan ikkitasi muhim o‘zgartish, qolganlari esa texnik xarakterdagi juz‘iy o‘zgartishlardir.

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi konstitutsiya diniy va milliy belgilar bo‘yicha siyosiy partiyalar tuzishni taqiqlaydi.

Saylovlarni 7 mingdan ortiq mahalliy va 120 nafar MDH, ShHT kuzatuvchilari hamda Tojikistondagi diplomatik korpus vakillari kuzatishgan.

Tojik ommaviy axborot vositalari referendumoldi targ‘ibotlarida kun tartibiga qo‘yilgan masalalarning mohiyati emas, balki referendumda qatnashishning muhimligiga e‘tibor qaratishgan.

Tojik muxolifati konstitutsiyaga navbatdagi o‘zgartishlardan maqsad Imomali Rahmonning shaxsiy hokimiyatini mustahkamlash ekanini aytgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq