Ramzan Qodirovdan shikoyatning bahosi qancha?

Image copyright RIA Novosti

Chechen qishlog‘i kenxilik Ramazon Jaloliddinovning Ramzan Qodirov ustidan Prezident Putinga arz qilishi Checheniston uchun noodatiy holdir.

Mahalliy hukumatdagilarning bunga munosabati esa, aksincha butunlay xos, kutilganidek bo‘ldi- shikoyatchini to‘g‘ri bo‘lmagan xabar tarqatishda ayblashdi va omma oldida aybdorga chiqarishdi. Biroq voqea shu bilan tugagani yo‘q, Jaloliddinov bilan bog‘liq tarix davom etdi.

Checheniston rahbari kutilmaganda nafaqat kexinliklar hayoti uchun g‘amxo‘rlik qilish, balki butun tuman haqida qayg‘urish qaroriga kelib, 2016 yilni "Sharoy tumani yili" deb e‘lon qildi. Bu esa, tumanda yo‘llarni ta‘mirlash, aloqa tizimlarini yaxshilash va boshqa turli qurilishlar bo‘lishini anglatadi.

Umuman olganda, oddiy fuqaroning shikoyati nafaqat butun tuman bo‘ylab keng miqyosdagi o‘zgarishlar uchun turtki bo‘ldi. Chechenistonda hamma ham o‘zida chechen kuch ishlatar tizimlari va davlat matbuotining bosimlarini sinab ko‘rishga jur‘at qilavermasligi tushunarli bo‘lsada, Jaloliddinov misoli qanchalik ta‘sirli bo‘lishi mumkin?

Bunga o‘xshash hodisa Chechenistonda o‘tgan yil dekabr oyida ham yuz bergan, Nadterechniy tuman fuqarosi Oysha Inayevaning amaldorlar zo‘ravonliklaridan shikoyati Ramzanga emas, Putinga yo‘naltirilgan edi. Natijada ayolni deyarli barcha gunohlarda ayblab, uni omma oldida tovba qilishga majburlashgan. Hamqishloqlari bir ovozdan ayolni odobsizlikda ayblaganlar, shu bilan birga Ramzan Qodirovdan bitta ayol uchun butun tumanga kek saqlamaslikni iltimos qilganlar.

Image copyright RIA Novosti

Jaloliddinov bilan sal boshqacha bo‘ldi. Birinchidan, u mahalliy "podshoh"ga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezident Putinga murojaat qildi. Ikkinchidan, etnik avar bo‘lgan Jaloliddinov o‘z qishlog‘idan Dog‘istonga ketib, yuz berishi mumkin ko‘ngilsizliklardan qutilib qoldi. Uchinchidan, hamqishloqlari uni ham ommaviy, televizor orqali qoralashgan bo‘lsalarda, Putinga murojaat bu safar ta‘sirsiz qolmadi.

Ramzan Qodirov boshida vaziyatni o‘rganishni o‘zining ma‘muriyati rahbari Islom Qodirovga topshirdi, so‘ngra o‘zi ham qishloqni borib ko‘rdi va muammo borligiga shaxsan guvoh bo‘larkan, tantanali ravishda chechenistonliklar uchun "Sharoy tumani yili" deb e‘lon qilib yubordi. Endi hukumatdagilarga ishoniladigan bo‘lsa, yaqin ikki-uch oy ichida Sharoyning Kenxi doxil boshqa qishloqlarini ham katta o‘zgarishlar kutadi.

Ramzan Qodirov o‘zini yagona xo‘jayin va boshqaruvchi deb hisoblar ekan, Jaloliddinovning Putinga Qodirov hukumatini tanqidi ko‘p mahalliy kishilar tomonidan adolatga erishmoqchi bo‘lgan kishining ilojsizligi sifatida, shu bilan birga, jasoratli qadam deya qabul qilinmoqda.

"Men Jaloliddinovning Putinga murojaatini ko‘rdim. Bu insonning jasoratiga qoyil qolish kerak, chunki u hamma biladigan, lekin aytishga qo‘rqadigan narsalar haqida ochiqchasiga ayta oldi. Misol uchun poraxo‘rlik va maoshlarning berilmasligi, ushlab qolinishi. Bu nafaqat Kenxi, balki boshqa shahar, qishloqlarda ham shunday. Qodirovning o‘sha qishloqqa borgani va qurilishlar hamqishloqlari kamera orqali so‘kkan aynan Jaloliddinovning xizmati bo‘ladi. Uni urishish emas, balki rahmat aytish kerak edi",- deb hisoblaydi chechenistonlik Imron.

Ba‘zilar esa shikoyatchi osongina qutulib qoldi, deyishadi.

Image copyright RIA Novosti

"Jaloliddinovning omadi bor ekan. U Dog‘istonda bo‘lgan qarindoshlarining oldiga ketdi. Faqat shu uni jazodan saqlab qoldi. Men va boshqalar ham unday qila olmasdi. Mening maoshimni har oy bilmayman nima uchun bir qismini ushlab qolishadi. Urushda yo‘qotilgan uy, mol-mulklarim uchun tovon puli olmaganman. Chunki qo‘shimcha pul berganim yo‘q. Biroq men bu muammolarni ayta olmayman yoki oshxonada do‘stlarim bilan gurunglashaman xolos. Biroq oilam, o‘zim uchun ochiq aytishga qo‘rqaman. Bu oddiy qishloqlik ishchi qila oldi. Buning uchun rahmat unga", deydi vazirliklarning birida ishlaydigan xodim.

Chechenistonliklarning ko‘pchiligi Jamoliddinovning qishlog‘iga qaytmasligini maslahat berishadi. Uning normal yashashiga baribir yo‘l berishmaydi. Chunki hozirgi hukumat uchun u dushmanga aylandi, deydi ular.

Biroq kenxiliklar Jamoliddinovga Dog‘istonda ham oson bo‘lmasligi, kuch ishlatar tizim xodimlari kenxiliklardan uning turar joyi haqida ma‘lumot berishni talab qilganlarini aytishgan. Guvohlarga ko‘ra, Dog‘istondagi masjidlardan biriga kirib ketayotgan Jamoliddinovni o‘g‘irlamoqchi ham bo‘lganlar.

Kenxida esa uning uyi noma‘lum kishilar tomonidan yoqib yuborilgan. Rasmiy ma‘lumotlar bo‘yicha- texnik nosozlik tufayli yong‘in kelib chiqqan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonb
  • bcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq