Ob-havoni oldindan bashorat qilish qanchalar mushkul ish?

Image caption Ob-havo bashoratini oldindan aytish uchun atmosfera jarayonlarining mahalliy xarakterini inobatga olish o‘ta muhim

Shu kunlarda Pokiston va Hindiston may oyidagi eng issiq havo haroratiga duch kelgan.

Hindistondagi Tselsiy shkalasi bo‘yicha 56,7 daraja issiq 1956 yildan buyon eng issig‘i bo‘lgan, mamlakat janubida 80 dan ortiq inson jazirama tufayli hayotdan ko‘z yumgan.

O‘zbekistonda ham allaqachon yoz jaziramasi boshlangan va shu kunlarda havo harorati 31, 33 darajaga chiqib bormoqda.

Qirg‘izistonlik ob-havo mutaxassisining BBCga aytishicha, butun mintaqa mamlakatlari ob-havo prognozini hamon Toshkentdagi gidrometereologiya markazidan oladilar, boshqa respublikalarda ob-havoni oldindan bashorat qilish uchun yetarli texnik uskunalarga ega emaslar.

"Bizda metodika-uslubiyat yo‘q, atmosferani zondlashtirish yo‘q butun Markaziy Osiyoda respublikalarida. Uzoq muddatli, qisqa muddatli ob-havo ma‘lumotlarni aytishga imkonimiz yo‘q shuning uchun. Ma‘lumotlarni Toshkentdan olamiz va solishtirib xabar beramiz", deb aytadi qirg‘izistonlik ob-havoni oldindan aytish idorasi xodimi.

Ammo Toshkent sinoptiklarining prognozlari ham har doim ham to‘g‘ri chiqmaydi.

Xo‘sh, ob-havoni oldindan bashorat qilish qanchalar murakkab?

BBC ushbu savol bilan bir paytlar butun Sho‘ro mamlakatlarini mutaxassis bilan ta‘minlagan Sankt-Peterburg Gidrometeorologiya universitetining Ob-havo byurosi rahbari Yuriy Kutkevichga murojaat qildi.

Yuriy Kutkevich: O‘rta muddat deb ataladigan bir hafta, 10 kunga mo‘ljallangan ob-havoni bashorat qilishda sinoptiklar gidrodinamik prognozlarga tayanadilar. Mutaxassislarda atmosfera jarayonlarining o‘zgarishiga doir gidrodinamik modellari bor. Bunday modellarning turlari ko‘p. Bu modellar orasida eng taniqlilari, eng muvaffaqiyatlilari bor. Bu model ichida ob-havoning havo bosimi, harorat, namlik darajasi va boshqa muhim unsurlari o‘rin olgan. Ob-havoni oldindan aytuvchi sinoptik ana shu unsurlarga oid so‘nggi ma‘lumotlarni yig‘adi va tahlil qiladi. So‘ng kelayotgan kunlarda ob-havo qanday bo‘lishini bashorat qiladi. Buni o‘rta muddatga mo‘ljallangan prognoz deb ataymiz. Ammo bunday usulda ob-havoni eng uzog‘i bilan ikki haftagacha bashorat qilish mumkin, undan ortig‘ini emas. Shuning uchun 1 oy yoki undan ham ko‘proq vaqtdan keyingi ob-havoni oldindan bashorat qilish uchun boshqa usullardan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Bunday usullarning eng eskisi - statistika analogi deb nomlanadi. Bunda sinoptik oldingi yillardagi, misol uchun, mayning falon kunidagi muayyan mintaqadagi ob-havo ko‘rsatkichlariga nazar tashlaydi. Va bundan oldingi yillarda kuzatilgan xuddi hozirgidek ko‘rsatkichlarni, ayni jarayonlarning rivojlanish suratini qidirib topadi. Imkoni boricha bu manzara bir emas, bir necha yillik manzaraga to‘g‘ri kelsa, aniqlik bilan prognoz berish oson bo‘ladi. Hozirga paytda ob-havoni qayd etish manzaralari 100 yilni tashkil etadi. Arxivdan o‘xshash ob-havoni topib mutaxassis kelayotgan kunlarga doir prognozini aytadi. Hozir 1 oydan ko‘proq vaqtga mo‘ljallangan gidrodinamik prognozlarni ham e‘lon qilishayapti. Lekin hali bu prognozlarni unacha aniq deb aytib bo‘lmaydi.

BBC: Bugun xohlagan odam qo‘lidagi mobil telefoniga ob-havo ma‘lumotini oldindan aytadigan saytni o‘rnatib olishi mumkin va kimdir aytishi mumkin: telefonim Amerika sun‘iy yo‘ldoshidan olayotgan ma‘lumotga asoslanib dunyoning xohlagan burchagidagi ob-havoni menga aytishi mumkin. Shunday bir holatda menga, misol uchun, Toshkent sinoptiklarining prognozi nimaga kerak, deb aytishlari mumkin...

Yuriy Kutkevich: Amerika modellari bo‘yicha prognozlar yaxshi. Lekin har bir mintaqaning o‘zining sinoptigi, ayniqsa, u uzoq yillar shu yerda ishlagan va tajribali bo‘lsa, o‘sha hududning shart-sharoitini boshqalarga nisbatan yaxshiroq biladi. Bir, ikki yoki uch kunga mo‘ljallangan ob-havo bashoratini oldindan aytish uchun atmosfera jarayonlarining mahalliy xarakterini inobatga olish o‘ta muhim. Ana shu paytda Toshkent yoki boshqa joyda ishlayotgan sinoptikning o‘rnini hech narsa bosolmaydi.

BBC: O‘zbekistonda ob-havo mavzusi askiya va latifalarga ham sabab bo‘lgan va oxirgi yillarda odamlar ko‘chadagi termometr 60 darajani ko‘rsatgan paytda ob-havoni kuzatish markazi haroratni 40 dan yuqori deb aytdi, deyishdi. Ob-havo bashoratining to‘g‘ri kelmasligi dunyoning boshqa joylarida ham kuzatiladi. Prognozlarni qanchalar aniq, to‘g‘ri oldindan aytish mumkin?

Yuriy Kutkevich: Bu yerda nimaga e‘tibor qaratish kerak? Bu oddiy odamlarning deraza oynasiga o‘rnatilgan haroratni o‘lchagich bilan ob-havo mutaxassislarining ilmiy asoslangan termometrlari qayerda o‘rnatilganiga bog‘liq. Hamma yaxshi biladiki, maishiy termometrlarni har xil shirkat ishlab chiqarishi mumkin va aniqlik darajasi har xil bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, bu termometr qayerda osilgan? Ko‘chadami? Uyning qanday joyida? Quyosh nuri to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushayaptimi yoki yo‘q? Ob-havo ma‘lumotini berayotgan gidromet markazining termometri maxsus jihozlangan joyda, quyosh nuri to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushmaydigan joyda, shamol yo‘nalishidan to‘silmagan bo‘lishi talab qilinadi. Bu havo haroratini to‘g‘ri o‘lchash yo‘li hisoblanadi. Shuning uchun rasmiy ob-havo ma‘lumotlariga tayanish to‘g‘riroq bo‘ladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq