Xitoy O‘zbekistonda sarmoya bo‘yicha Rossiyaga yetib oldi

Image caption Xitoy asosan O‘zbekistonning energetika sohasiga sarmoya kiritgan

Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalari miqdori bo‘yicha Rossiyaga yetib olgan.

Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I ma‘lum qilgan.

Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi chog‘ida jurnalistlarga gapirgan janob Vanga ko‘ra, Pekin hozirga qadar o‘zbek iqtisodiga 6 milliard dollar sarmoya kiritgan.

"Xitoy bizning Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz uchun eng yirik sarmoyadorlardan biriga aylanmoqda", - degan Xitoy Tashqi ishlar vaziri.

U Xitoy sarmoyalarini Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri solishtirmagan.

Pekin avvalroq Markaziy Osiyo gazini Xitoyga yetkazib beruvchi quvur loyihasi bilan mintaqadagi iqtisodiy faolligini kuchaytirgandi.

Xitoy shuningdek, mintaqaning boshqa davlatlari-Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikistonning ham yirik savdo sherigi va sarmoyadori hisoblanadi.

Mintaqa davlatlari orasida faqat Qozog‘iston g‘arb shirkatlarining ham salmoqli sarmoyalarini jalb eta olgan.

Xitoy va Rossiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoyalari masalasi har ikki davlat Tashqi ishlar vazirlarining seshanba kuni Prezident Islom Karimov bilan muzokaralari kun tartibida bo‘lgan.

Janob Karimovning Van I bilan uchrashuv chog‘ida ma‘lum qilishicha, mamlakat iqtisodiyotiga Xitoy kiritgan sarmoyalar miqdori 6,5 milliard dollardan oshadi.

"2015 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,1 milliard dollarni tashkil etdi", - degan prezident Karimov.

Janob Karimovning Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvi chog‘ida tomonlar iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishninng 2015-2019 yillarga mo‘ljallangan rejasi doirasida yangi sarmoya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqlashgan.

23-24 iyun kunlari Toshkent ShHT ga a‘zo davlatlar rahbarlarining oliymaqom uchrashuviga mezbonlik qiladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq