Yirik yettilik Rossiyaga qarshi sanktsiyalarni uzaytirishga kelishgan

Image copyright Getty

Yaponiyada bo‘lib o‘tgan dunyoning sanoati rivojlangan yetti mamlakati rahbarlari Rossiyaga nisbatan joriy etilgan jazo choralari muddatini yana cho‘zishga kelishib olganlar.

Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeronning "Yirik yettilik" sammiti yakunida aytishicha, Rossiyaga nisbatan sanktsiyalarning yanada uzaytirilishi "hal qiluvchi ahamiyatga ega"dir.

"Ettilik" rahbarlari shu fikrdalarki, Minsk kelishuvi to‘la ijro etilmagunicha joriy sanktsiyalar kuchda qolishi lozim", deb aytgan Britaniya bosh vaziri.

Xuddi shu mazmundaki bayonot bilan Ovro‘po Kengashi rahbari Donald Tusk ham chiqqan.

"Ovro‘po Ittifoqi Rossiya Federatsiyasiga nisbatan joriy siyosatini, jumladan, iqtisodiy jazo choralari siyosatini davom ettiradi. Ovro‘po Ittifoqining bunday mavqe‘i Minsk kelishuvlari to‘la bajarilishini taqozo etadi", deb aytgan Donald Tusk.

"Yirik yettilik"ning Rossiyaga nisbatan sanktsiyalarini 2016 yilning iyunidan uzaytirishga kelishilgan.

2014 yil martida Rossiya Qrim yarim orolini anneksiya qilgani hamda Ukraina sharqidagi qurolli maojarodagi ishtiroki uchun Rossiyaga nisbatan sanktsiyalar joriy qilingan edi.

Rossiya Ukrainaning sobiq Donetsk va Lugansk viloyatlariga qo‘shin kiritganini rad etib keladi, u yerda Ukraina qurolli kuchlariga qarshi jang qilayotganlar Rossiyadan o‘z ixtiyori bilan borgan ko‘ngillilar ekanini aytadi.

G‘arbning jazo choralariga qaarshi Rossiya ham sanktsiyalar kiritdi, xususan G‘arb shirkatlari ishlab chiqargan oziq-ovqat mahsulotlarining Rossiya hududiga olib kirilishini taqiqladi.

Rossiyaga nisbatan sanktsiyalar to‘la olib tashlanishi uchun Rossiya Minsk kelishuvining barcha bandlarini bajarishi lozim, deyilmoqda.

AQShga ko‘ra, ukrainalik harbiy uchuvchi Nadejda Savchenkoni ozod etish bilan Rossiya Minsk bitimining muhim bandini bajargan, biroq hali Ukraina sharqida o‘t ochish butkul to‘xtatilmagan, u yerdan xorijy qo‘shinlar, yollanma jangarilar va harbiy texnika olib chiqib ketilmagan.

Shuningdek, Minsk shartnomasida Ukrainaga o‘zining hududi ustidan to‘la nazoratni topshirish, Ukraina sharqida mamlakat qonunchiligi va Ovro‘poda Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti standartlariga to‘la mos keladigan erkin saylovlar o‘tkazish talablari ham kiritilgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq