Obama Xirosimaga borgan ilk AQSh prezidenti bo‘ldi

Image copyright AFP

1945 yil 6 avgustida Amerika atom bombasi vayron etgan Yaponiyaning Xirosima shahriga ilk bor AQShning amaldagi prezidenti tashrif buyurdi.

Insoniyat tarixida ilk bor ishga solingan atom bombasi AQSh harbiy uchog‘idan Xirosimaga tashlangan, shu zahoti minglab insonlarni halok qilgan edi.

Portlashdan keyingi oylarda 140 mingcha inson hayotdan ko‘z yumgan deb ko‘riladi.

9 avgust kuni esa Yaponiyaning Nagasaki shahriga ikkinchi atom bombasi tashlangan, 6 kundan keyin Yaponiya Ikkinchi Jahon urushida mag‘lub bo‘lganini rasman e‘lon qilgan edi.

Image copyright AFP

Nagasaki portlashi 74 ming insonning umriga zomin bo‘lgan.

AQSh Prezidenti Barak Obamaning Xirosimaga tashrifida Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe hamrohlik qildi.

Prezident Obama Xirosimadagi atom bombasi qurbonlariga tashkil qilingan Xotira bog‘iga bordi.

Qurbonlar xotirasiga o‘rnatilgan haykalga oq gullardan tuzilgan gulchambar qo‘ygan.

Image copyright Getty

"71 yil oldin osmondan o‘lim tushdi va dunyo o‘zgardi", deb aytgan Prezident Obama Xirosimada qilgan nutqida.

Prezident Obama so‘zlariga ko‘ra, atom bombasi uloqtirilgani insoniyat o‘zini-o‘zi halok qilishga qodir ekanini namoyish etadi.

AQSh prezidenti Xirosima portlashining tirik qolgan qurbonlari bilan ko‘rishgan.

Atom bombasi tashlangan paytida go‘dak bo‘lgan va hozir 73 yoshda bo‘lib saratonning uch turidan azob chekayotgan Eiji Xattori Prezident Obamaning tashrifini kechirim so‘rash deb qabul qilganini aytgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq