Islomiy Taraqqiyot banki Rossiyaga yordam bermoqchi

Islomiy Taraqqiyot banki Rossiya hukumatiga islomiy bank faoliyatiga doir qonunlarni ishlab chiqishda yordam berishga tayyorligini bildirgan.

Bu haqda Islomiy Taraqqiyot bankining prezidenti Ahmad Muhammad Ali al-Madaniy aytgan.

"Islomiy banking sizning iqtisodiyotingizda yanada samaraliroq rol o‘ynashi uchun Islom Taraqqiyot banki amaldagi Rossiya qonunchiligiga o‘zgartirishlarni kiritishda ko‘mak berishga tayyor. Hozir Rossiyaning yetakchi banklari islomiy bankingning imkoniyatlari, xususan, o‘zaro manfaatli sarmoyalar, tavakkallarni bo‘lishishga doir imkoniyatlaridan foydalanishga harakat qilmoqdalar", deb aytgan Ahmad Muhammad Ali al-Madaniy.

Islomiy Taraqqiyot banki rahbari so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning bir necha shirkatlari islomiy sug‘urtaga ham qiziqish bildirmoqdalar.

Janob al-Madaniy bu so‘zlarini Tatariston poytaxti Qozonda bo‘lib o‘tgan "Rossiya-Islom dunyosi" deb nomlangan anjumanda aytgan.

Bu anjumanda dunyoning 30 mamlakati vakillari qatnashganlar.

Shuningdek, bir necha kun oldin Qozonda "Rossiya - Islom dunyosi: KazanSummit" deb nomlangan an‘anaviy yillik forumning navbatdagisi bo‘lib o‘tgan.

Bu forum doirasida islomiy moliya, biznes yuritish, halol mahsulotlar sanoatiga bag‘ishlangan konferentsiya va boshqa tadbirlar uyushtirilgan.

Forumda islomiy banking butun dunyo bo‘ylab tez rivojlanib borayotgani ta‘kidlangan.

Jahonda musulmon aholining soni ortib borar ekan, Islom dini talablariga mos savdo-sotiq qilish, moliyani shariat asosida yuritish amallari ham kengayib borayotgani aytilgan.

"Har yili musulmonlar islomiy banklarga 1,8 trillion dollar sarmoya qo‘ymoqdalar. Bu islomiy bankingning rivojlantirish istiqboli yuqori ekanidan dalolat beradi", deb aytgan Birlashgan Arab amirliklari iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Abdulloh as-Solih.

Janob Solih so‘zlariga ko‘ra, islomiy banking bo‘yicha faoliyat yuritayotgan musulmon davlatlar orasida Birlashgan Arab amirliklari Malayziyadan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallaydi.

Dunyoda birinchi islomiy bank 1975 yili Dubayda o‘z faoliyatini boshlagan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq