Islomiy matn "o‘qimoqlik" yo "bo‘lishlik" degani emas

Oldinlari diniy mavzudagi va‘zxon kishining og‘zaki nutqida ko‘p uchragan xatolarning bugun o‘zbek jurnalistikasi matnlariga ham tobora ko‘p kirib borayotgani til jonkuyarlarining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Bunday xatolar, misol uchun, "o‘qish" so‘zining o‘rniga "o‘qimoqlik", "bo‘lish" o‘rniga "bo‘lishlik" so‘zini qo‘llash kabi misollarda ko‘p uchrayapti.

Birgina "lik" affiksi qo‘llanishining o‘zi matnning O‘zbek adabiy tilidan uzoqlashganini anglatadi.

Ammo o‘rni bo‘lsa-bo‘lmasa "lik" affiksidan foydalanayotgan ijodkorlar, shu yo‘l bilan "o‘zimning matnimga "pardoz", diniy ulug‘vorlik berayapman", degan fikrdalar.

Tilimizda fe‘lning majhul shakllari "bo‘lish" yoki "bo‘lmoq" tarzida yasalishi barchamizga ma‘lum va matnda bu ikki shakldan foydalanishning hech zarari yo‘q.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston Xalq shoiri, Qur‘oni Karim ma‘nolarini o‘zbek tiliga she‘riy tarjima qilgan Jamol Kamol fikricha, fe‘lning qancha ko‘p shaklidan foydalanilsa, shuncha yaxshi, bundan matn boyiydi, xolos.

Biroq oxirgi paytda "bo‘lmoq" fe‘li "bo‘lmoqlik" yoki "bo‘lishlik" shaklida maqola yoki xabar matnlariga ham ko‘chib borayotganini kuzatish mumkin.

Mana fe‘lning majhul shakli o‘rinsiz qo‘llangan bitta maqoladagi misollar: "erta turmoqlik", "kamroq yemoqlik", "sekin ovqatlanmoq", "suvni kam ichmoqlik", "iste‘mol qilmoqlik", "jismoniy faol bo‘lishlik".

Diniy matn mualliflaridan, nega oddiygina qilib "jismoniy faol bo‘lish" deb yozish mumkin emas, deb so‘ragingiz keladi.

Qator tillarni mukammal biladigan, Shekspir asarlarini ingliz tilidan o‘zbek tiliga o‘girgan ustoz adib Jamol Kamol, O‘zbekiston islomiy ta‘lim muassasalarining o‘quv programmalariga o‘zbek tili va adabiyoti darslarini kiritish lozim, deb hisoblaydi.

Fe‘lning “moqlik” shaklini qo‘llash me‘yoridan ortiq uchrayotgani haqida o‘zbek tilining jonkuyari, rahmatli adib Ahmad A‘zam ham bir necha yil oldin o‘zining Feysbukdagi sahifasida yozgan edi.

O‘shanda bu taniqli hofiz, rahmatli Orif Alimahsumovning O‘zbekiston televideniyesida “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuviga boshlovchilik qilganining ta‘siri ekani eslatilgandi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

1990-yillarda Orif Alimahsumov teleekranda qog‘ozga qaramasdan ta‘sirli so‘zlar, pand-nasihatlar qilar, diniy misollar keltirardilar.

Keksa san‘atkorning “bo‘lishlik” yoki “qilmoqlik” deb so‘zlashi o‘ziga yarashar, u kishining boshlovchiligi bois “Otalar so‘zi”ning mashhurligi ham oshgan edi.

Ammo, aftidan shundan keyin ko‘pchilik, diniy mavzuda so‘zlaydigan bo‘lsam, albatta, “bo‘lish” o‘rniga “bo‘lishlik”, “qilish” o‘rniga “qilishlik” deb qo‘llashim kerak, degan fikrga keldi.

Qator diniy adabiyotlarni tarjima qilgan va "Hidoyat" diniy jurnaliga 14 yillik bosh muharrirlik qilgan yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon, bunday nutq oddiy ibodatchining qalbiga yetib bormaydi, deydi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring