Erdo‘g‘on: tug‘ilishni nazorat qilmaslik kerak!

Image copyright hurriyet.com.tr

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on tug‘ilishni nazorat qilishga qarshi chiqqan.

Janob Erdo‘g‘on homilaning oldini oladigan vositalardan voz kechib, musulmon aholiga payg‘ambar da‘vat qilganidek, bolalarni ko‘paytirishni maslahat bergan.

Hurriyat ro‘znomasining yozishicha, Erdo‘g‘on xalqqa murojaat qilib, "Ochiq bildiraman: biz tug‘ilishni ko‘taramiz, biz aholi sonini oshiramiz. Birorta ham musulmon oilasi tug‘ilishni nazorat qilish, oilani rejalashtirish bilan shug‘ullanmasligi kerak", deb aytgan.

Kontratseptivlardan voz kechish va tug‘ilishni oshirishga chaqiriqlar Yoshlar va ta‘lim fondining 20 yilligi munosabati bilan Istanbulda o‘tgan marosimda yangragan. Prezidentning so‘zlari bilan aytganda, oilani rejalashtirish Turkiya aholi soni oshishiga to‘sqinlik qiladi.

Image caption Turkiya Prezidenti va rafiqasi suriyalik qochqinlar jamlog‘ida. Suriyalik chaqaloqlarga Erdo‘g‘on sharafiga Rajab, Toyib, Erdo‘g‘on ismlari berilgan.

Assoshieyted press agentligiga ko‘ra, bundan oldin Erdo‘g‘onning ayollar erkaklar bilan teng emas va har bir ayol kamida uch farzand dunyoga keltirishi kerak, degan gaplari ba‘zi ayollar tashkilotlarining noroziligiga sabab bo‘lgandi.

Turkiya Prezidenti ilgari ham homilani oldini olishga qaratilgan vositalarga qarshi gapirgan. 2014 yilgi chiqishlaridan birida janob Erdo‘g‘on kontratseptivlardan foydalanishni davlatga xiyonat qilishga, abortni qatliomning bir turiga tenglashtirgan va uni taqiqlashga chaqirgan. Shuningdek, zinoni qattiq qoralagandi.

Turkiyaning o‘zida Erdo‘g‘onning siyosatini yoqlovchilar ko‘p. "O‘n besh yil oldin universitetlarda o‘qigan va ijtimoiy sektorda ishlagan ayollar juda kam edi. Davlat tuzulmalarida xizmat qilgan ayollar ro‘mol o‘rashlari ta‘qiqlangandi. Turk ayollari hayotlari yuz foiz yaxshi tomonga o‘zgaryapti. Ayollar katta orzu- havaslar va umidlarni qo‘rayapti, hayot ayollar uchun ham yaxshilanyapti, ham yengillashib boryapti", deb hisoblovchilar bilan birga, Erdo‘g‘onni tanqid qiluvchilar ham yo‘q emas.

Ba‘zi inson huquqlari guruhlari esa prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘on hukmronligida ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari dramatik tarzda oshganidan ogohlantirishadi.

2014 yili mamlakatning ilk bor saylangan prezidenti bo‘lgan Erdo‘g‘on ayollarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlikni Turkiyaning qonab turgan ochiq yarasi deb aytgan va bu illatni yo‘q qilish uchun yangi harakatlarni boshlashga va‘da bergandi.

Image caption Turkiyaning birinchi xonimining haramlar haqidagi gapi ham bahslarga sabab bo‘lgandi.

Biroq shu bilan birga ayollar tashkilotlari yig‘ilgan anjumanda gapirgan Erdo‘g‘on “ayollar erkaklarga teng ekanliklariga ishonmasligi”ni va “ayol taqdirini xudo belgilagan”ini, ularni himoya qilish kerakligini ham qayd etgandi.

Erdo‘g‘onning ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni qoralab chiqib, erkaklar ayollar uchun javobgarlar, ularni himoya qilishlari kerak, degani ayollar orasida norozilik ham o‘yg‘otgan, "biz hech kimning moli emasmiz, biz insonlarmiz va o‘z haq-huquqlarimizga egamiz”, deyishgan teng huquqlikni yoqlagan ayollar.

Turkiyada Ayolar va Oila vazirligi- Oila va Ijtimoiy siyosat vazirligiga o‘zgargani, ayollar o‘z huquqlarini alohida urg‘ulayotgan guruhdan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan guruhlarning biriga aylangani tanqid qilinadi faollar tomonidan.

Erdo‘g‘on ayollarni avlodning davomiyligini ta‘minlovchi kuch deydi. Ayol birinchi navbatda ona rolini bajarishi kerak va shuning uchun ayol millatni ko‘paytirish mas‘uliyatiga ega, deb ta‘kidlaydi Turkiya Prezidenti.

Bundan oldin Turkiyaning birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘onning ham "Usmoniylar saltanati davridagi haramlar Turkiya tarixida ijobiy rol o‘ynagan, mamlakat ayollari va saltanat vakillari uchun o‘ziga xos hayot maktabi vazifasini o‘tagan"i haqidagi gaplari jahon ommaviy axborot vositalarining e‘tiborini tortgan, ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlarni uyg‘otgandi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring