Turkmaniston prezidentiga arz qilgan ayolga kislota sepishdi

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovga adolat istab xat yozgan ayol noma‘lum shaxslar tomonidan kaltaklangan va yuziga kislota sepilgan. Ayol og‘ir ahvolda kasalxonada qolmoqda, deb xabar beradi "Xronika Turkmenistana" web-sayti.

Toshhovuz shahrining Gurbansulton Eje posyolkasi yashovchisi Umida Jumaboyeva bir necha kun oldin ikki kishi tomonidan ko‘chada ushlanib, qattiq kaltaklanadi va ular ayolning yuziga kislota sepib, voqea joyidan yashirinishadi.

Ayol miya chayqalishi, yuz va badanida jiddiy kuyish jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Politsiya hodisa tafsilotlarini o‘rganishni boshlagan. Biroq mustaqil muxbirlarning aytishicha, politsiya hodisani maishiy jinoyat sifatida yopti-yopdi qilmoqchi.

Buning bois, voqeaga Turkmanistonning yuqori lavozimli mulozimlari, aniqrog‘i Mudofaa vazirligi xodimlari aralashgan, deb ko‘rilmoqda.

Umida Jumaboyevaning o‘g‘li yengil atletika bo‘yicha qator musobaqalar sovrindori, mamlakat terma jamoasi a‘zoligiga nomzod Rahim Boboyev o‘tgan yil bahorida qurolli kuchlar safiga xizmat qilishga chaqiriladi.

Rahimning trenerlari va sport qo‘mitasi rasmiylari u sport rotada xizmat qilishiga shubha qilmaganlar. Sport rota maxsus harbiy bo‘linma bo‘lib, professional sportchilar harbiy xizmat davomida o‘zlarining mahoratlarini oshiradilar.

Biroq Rahimning ota-onasidan uni maxsus rotaga joylashtirish uchun ikki ming dollar pul so‘rashadi. Rahimning ota-onasi pora berishni xohlashmaydi. Rahim Boboyev Kerkidagi boshqa harbiy bo‘linmaga tushadi va u yerda komandiri tomonidan muntazam kaltaklanishi natijasida, kasalxonaga yotqiziladi.

Umida Jumaboyeva bu voqealar orqasidan mamlakat prezidentiga, mudofaa vazirligi va boshqa davlat huquq tashkilotlariga xat yozadi.

Mudofaa vazirligi Jo‘raboyevaning o‘g‘li sport rotada xizmat qilishiga asos yo‘q, qabilida javob xati yo‘llaydi.

Jumaboyeva shundan so‘ng haqiqatni tiklashni so‘rab, yana prezidentga murojaat qilishga ahd qilgach, noma‘lum kishilar tomonidan shafqatsizlarcha jazolanadi.

Huquq faollariga ko‘ra, kasalxonada og‘ir ahvolda yotgan ayol armiyadagi o‘g‘lining xavfsizligidan xavotirda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq