Walk Free Foundation: Rossiyada 1 milliondan ortiq qul bor

Image copyright AFP

Walk Free Foundation tashkiloti navbatdagi Global qullik indeksini e‘lon qilgan.

Yangi hisobotga ko‘ra, Rossiyada u yoki bu shakldagi qullikda 1 milliondan ortiq inson saqlanmoqda.

Walk Free Foundation jamg‘armasi hisob-kitoblariga qaraganda, dunyo bo‘ylab 45 million 800 ming kishi qullikda qolmoqda va ularning 58 foizi Hindiston, Pokiston, Xitoy, Bangladesh va O‘zbekistondadir.

Jamg‘arma o‘zining yangi hisoboti rasmiy statistik ma‘lumotlar, nohukumat tashkilotlarining hisobotlari hamda zamonaviy qullik qurboniga aylangan insonlar bilan intervyular asosida tuzilgan.

Ekspertlar zamonaviy qul deb biror bir faoliyat turi bilan shug‘ullanishga majbur etilgan, o‘zi ixtiyoriga qarshi ish qilishi uchun tahdid qilingan, jismoniy zo‘rlik qo‘llangan va yoki boshqa majburlash shakllaridan foydalanilgan insonlarni tushunadilar.

Shuningdek, uydagi qullik yoki o‘z ixtiyoriga qarshi turmush qurish ham zamonaviy qullik shakli deb ko‘riladi.

Hisobot mualliflari zamonaviy qullar barcha huquqlaridan mahrum etilishlarini aytadilar.

Bunga misol qilib Rossiya yoki boshqa mamlakatda tushib qolgan ko‘plab o‘zbekistonliklar taqdirini keltirish mumkin: boshqa mamlakatga kelgan insonning pasportini olib qo‘yadilar, o‘ziga tahdid qilib ishlashga majbur etadilar.

Walk Free Foundation jamg‘armasiga ko‘ra, Rossiyadagi qullarning soni aholi soniga solishtirganda uncha ko‘p emas: tashkilot bu raqamni 0,7 foiz deb hisoblaydi.

Aholisining soniga qiyoslangan ro‘yxatda Walk Free Foundation O‘zbekistonni Shimoliy Koreyadan keyingi 2-o‘ringa qo‘ygan.

Tashkilot O‘zbekiston aholisini 31 million 125 ming deb olgan va jami aholining 3,9 foizi zamonaviy qullik qurboniga aylangan deb ko‘radi.

Bu 1 million 236600 o‘zbekistonlik zamonaviy qullikda qolmoqda deganidir.

Walk Free Foundation O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va Ukrainani fuqarolarining ijtimoiy muhofazasi past mamlakatlar qatoriga kiritgan.

Bu degani bu mamlakatlar fuqarolarining qullikka tushib qolish ehtimoli kattadir.

Bundan oldingi yillarda ham O‘zbekiston hukumati o‘z xalqini qul qilayotgani xabar qilingan edi.

"O‘zbekiston o‘z xalqini qul qilmoqda"

O‘zbekiston hukumati mamlakatda majburiy mehnatga qarshi kurashga kirishilganini ta‘kidlab keladi, biroq so‘nggi yillardagi paxta yig‘im-terim mavsumlari hamon davlat o‘z fuqarolarini paxta xomashyosini terib olishga majburlayotganini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekistonda qullik paxta ishlab chiqarishda keng tarqalgan, deb hisoblaydi Walk Free Foundation.

Shu kecha-kunduzda O‘zbekistondan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, yana davlat byudjetidan moliyalanadigan idora-tashkilotlarning xodimlari g‘o‘za chopig‘iga majburlanmoqdalar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq

Aloqador internet sahifalari

BBC tashqi internet sahifalar uchun mas'ul emas