"Professional bokschilarda ham armon qolmasin"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekistonlik nomdor bokschi Muhammadqodir Abdullayevga ko‘ra, professional bokschilarning ham havaskorlari qatorida Braziliyadagi Yozgi Olimpiada O‘yinlarida bellashishlariga izn berilishi ko‘p ma‘qul qaror bo‘lgan.

Bu haqdagi qarorni Xalqaro Havaskor Bokschilar uyushmasi (AIBA) Shveytsariyada bo‘lib o‘tgan oliymaqom yig‘ini ortidan bergan.

Uyushma qaroriga muvofiq, professional boksning bir necha tasnifida o‘z vazn toifasida amaldagi jahon chempioni bo‘lgan Tayson Fyuriga o‘xshash bokschilar ham endi bemalol Rio-de-Janeyroda Olimpiada chempionligi uchun ringga chiqishlari mumkin bo‘ladi.

Ammo O‘yinlarga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi uchun 40 yoshgacha bo‘lgan istagan professional bokschi Venesueladagi saralash bosqich bellashuvlarida ishtirok etishi kerak bo‘ladi.

Bu galgi Yozgi Olimpiada O‘yinlari shu yilning 5 avgust kuni start oladi.

Xalqaro uyushma qaroriga munosabat bildirarkan:

Image copyright Reuters

"Mana, deylik, "Menni" Pakyao dunyoda eng tengsiz bokschi. Ammo u inson Olimpiada chempioni bo‘lmagan. Uning orzusi – Olimpiada chempioni bo‘lish. Mana, shuning uchun ham, bu qaror professional bokschilarga ham katta imkoniyat beradi. Kim kuchli bo‘lsa, havaskor boks bo‘yicha ham Olimpiadada ishtirok etib, o‘zini kuchini bir sinab ko‘rsa...ajabmas...", - deydi o‘zi boks bo‘yicha Sidney Yozgi Olimpiada O‘yinlarining oltin medali sohibi bo‘lgan suhbatdoshimiz.

Muhammadqodir Abdullayevning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, agar, yoshi izn berganida, shaxsan o‘zi ham albatta bu imkoniyatdan jon, deb foydalangan va yana bir oltin kamarni O‘zbekistonga keltirgan bo‘lardi.

Image copyright Getty

Bundan avval ukrainalik dongdor bokschi, yaqin-yaqingacha professional boks "qiroli", deb sanalib kelingan Vladimir Klichko ham xuddi shunday istakni izhor etgandi.

Ammo Xalqaro Havaskor Bokschilar uyushmasining so‘nggi qarori barcha professional bokschilar tomonidan ham bir xilda qarshi olinmagan.

Ulardan biriga ko‘ra, bu – professional ringda pishib yetilgan bokschi bilan havaskor g‘o‘ri o‘rtasidagi xavfli qarama-qarshilik bo‘ladi.

Yana boshqasining aytishicha, xalqaro uyushmaning qarori mantiqsizlikdan boshqa narsa emas.

Image copyright Reuters

"Bu – xuddi badmintonchi tennis o‘ynayotganiga o‘xshash bir gap bo‘ladi", - deydi, jumladan, britaniyalik professional bokschi Karl Frempton.

Ammo, Muhammadqodir Abdullayevning aytishicha, bu kabi fikr va xavotirlarga qo‘shilmaydi.

"Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Biz – professionallar tushadigan bo‘lsak, havaskor boks tartib-qoidalariga muvofiq boks tushamiz...Boshqa tomondan, professional boksda biz bitta jangga uch oy tayyorlanib, keyin ringga chiqamiz. Havaskor boksda esa, bir oyda beshta-oltita jang bo‘ladi. Biz professional bokschilar hamma kuchimizni bitta jangga bervoramiz. Keyingi jangga esa, kuchimiz yetmaydi. A havaskor bokschilar bugun, ertaga, ya‘ni jangdan jangga o‘sib boradi. Professional va havaskor boks o‘rtasidagi farq faqat shunda", - deydi nomdor bokschi suhbatdoshimiz.

Xalqaro Havaskor Bokschilar uyushmasi rahbari Ching Kuo Vuning aytishicha, joriy paytda qancha professional bokschining Riodagi O‘yinlarda ishtirok etish istagida ekanliklari borasida aniq bir gap aytish qiyin.

Image copyright AP

Ruslan Chagayev, Bahodir Mamajonov kabi joriy paytda professional boksda katta nom qozongan o‘zbekistonlik bokschilar esa, oz emas.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq