"Turkiya go‘zali" Erdo‘g‘onni "haqoratladi"

Image copyright AP

Xuddi ana shunday to‘xtamga kelgan Istanbul mahkamasi Merve Buyuksarachni 14 oylik shartli qamoq jazosiga hukm qilgan.

Mahkama 27 yoshli sobiq "Turkiya go‘zali"ni "davlat arbobini haqorat qilishda aybdor", deb topgan.

Ammo, hukm tafsilotlaridan ma‘lum bo‘lishicha, agar Merve kelasi besh yil ichida bu ishga takroran qo‘l urgudek bo‘lsa, rostmana qamoq jazosiga yuz tutadi.

Model himoyachisining bayon qilishicha, mahkama hukmi yuzasidan lozim idoralarga shikoyat arizasi bilan chiqishadi.

Bundan tashqari, Ovro‘poning Inson huquqlari bo‘yicha Strasburg mahkamasiga ham murojaat qilishadi.

Hammasiga nimalar sabab bo‘lgandi?

Image copyright Reuters

Sobiq "Turkiya go‘zali" o‘tgan yil hibsga olingandi.

Bunga Merve Buyuksarachning 2014 yil "Instagram"dagi sahifasida chop etgan bir parcha she‘r sabab bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, hajviy mazmundagi bu she‘r o‘sha paytda turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarida eng ommabop bo‘lgan.

Merve uni olib, o‘z sahifasida qayta chop etgan.

Qoralov tomoni esa, bu she‘rni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on sha‘ni uchun nojoiz, deb topgan.

2006 yilgi "Turkiya go‘zali" tanlovi g‘olibasining bayon qilishicha, qilgan ishi bilan siyosatchini hech bir haqorat qilish niyati bo‘lmagan.

Maxsus qonun bor

Image copyright AFP

Turkiyada mamlakat prezidentini tahqirlashni ma‘n etuvchi xos qonun amal qiladi.

Unga muvofiq, Turkiya prezidentining sha‘nini oyoq-osti qilganlikda aybdor, deb topilgan shaxs to‘rt yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Agar, "Assoshiyeted press" axborot agentligi keltirgan ma‘lumotlarga tayanilsa, Turkiya prezidenti lavozimiga kelgan 2014 yildan buyon janob Erdo‘g‘on o‘z sha‘nini himoya qilish uchun qariyb ikki mingta shikoyat arizasi bilan chiqqan.

Bu nimaga dalolat qiladi?

Image copyright AP

Kuzatuvchilarga ko‘ra, shu yo‘l bilan turk rahbari mamlakatida so‘z erkinligini cheklamoqchi, muxoliflarining og‘zini yummoqchi.

Bungacha qator jurnalistlar, olimlar va hatto, o‘quvchilar ham "prezidentni haqorat qilish"da ayblanishgani xabar berilgan.

Deylik, aprel oyi oxirida Turkiyada xuddi shunday ayblov bilan gollandiyalik jurnalist ayol qo‘lga olingandi.

Bundan tashqari, Turkiya olmon hajvchisi Yan Byomerman ham jazolansin, demoqda.

Hajvchi olmon telekanallaridan birida prezident Erdo‘g‘an haqida she‘r o‘qigan, Turkiya rahbari esa, uni o‘z sha‘niga haqoratli, deb topgandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02#
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq