Dunyodagi eng uzun va eng chuqur tunnel ochildi

Shveytsariyadagi yangi temir yo‘l tunneli nafaqat dunyodagi eng uzuni, balki-da eng yer ostidan o‘tgani ham bo‘ladi.

O‘ziga xos rekord o‘rnatishi kutilayotgan bu tunnelni qurib bitkazish ishlariga o‘ziyam naq yigirma yilcha vaqt ketgan.

Yangi tunnel 57 kilometrga uzangan va Shveytsariyaning mashhur Alp tog‘lari ostidan o‘tadi.

Bu tunneldan qatnashi ko‘zda tutilayotgan tezyurar poyezdlar shimoliy va janubiy Ovro‘poni bir-biriga bog‘laydi.

Shveytsariyaning bayon qilishicha, yangi tunnel Ovro‘po yuk transportida inqilob yasaydi.

Tovarlarni tashish uchun bundan buyog‘iga yiliga millionlab yuk mashinalariga hojat qolmaydi.

Yangi tunnel

Shu paytgacha Yaponiyaning Saykan tunneli dunyodagi eng uzuni sanalib kelingan.

Bu tunnelning uzunligi 53.9 kilometrni tashkil etgan.

La-Mansh bo‘g‘ozi orqali Buyuk Britaniya va Frantsiyani bog‘lovchisi esa, jahondagi eng uzun ikkinchisi bo‘lgan.

Ammo Shveytsariyadagi yangisi qurib bitkazilishi ortidan, "Channel"ning undan 7 kilometrcha qisqa ekani ma‘lum bo‘lgan.

Dunyoda yangi rekord o‘rnatishi kutilayotgan tunnelning dabdabali ochilish marosimida Olmoniya kantsleri Angela Merkel, Frantsiya Prezidenti Fransua Olland va Italiya Bosh vaziri Matteo Rentsilarning ham ishtirok etishlari aytilmoqda.

Puli-chi puli

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Shveytsariyadagi yangi tunnel 12 milliard AQSh dollariga tushgan.

Uni qurib bitkazishga esa, o‘ziyam naq 20 yilcha vaqt kerak bo‘lgan.

Serxarj va osmono‘par loyiha ekani bois, hatto, yangi loyihaga qo‘l urishdan oldin 1992 yilda maxsus referendum ham o‘tkazilgan.

Yangi tunnel tog‘ sathidan ikki yarim chaqirimcha pastdan va 46 gradusgacha qizib ketishi mumkin bo‘lgan xarsanglarosha o‘tadi.

Xabarlarga ko‘ra, Alp tog‘lari bag‘rini yorib o‘tish uchun muhandislar ozmuncha zahmat chekishmagan.

Ular biri granitdek tosh-metin, boshqasi shakardek mayin bo‘lgan 73 xil toshu xarsangni kechib o‘tishgan.

Yangi tunnelni barpo etish uchun tog‘ bag‘ridan ja‘mi 28 million tonnadan ortiq toshu tuproqni qazib chiqarishgan.

Qazish ishlari qurbonlarsiz kechmagan, ularda o‘nga yaqin ishchi hayotdan ko‘z yumgan.

Ammo tunnel o‘z vaqtida va ortiqcha sarf-xarajatlarsiz qurib bitkazilgan.

Endi-chi

Image copyright AFP

Yangi tunnel temir yo‘l orqali Gollandiyaning Rotterdami bilan Italiyaning Genuyasini bir-biriga bog‘lashga imkon beradi.

Temir yo‘l xizmati to‘liq ishga tushgan dekabr oyidan boshlab, Tsyurixdan Milanga bor-yo‘g‘i bir soatda yetib olish mumkin bo‘ladi. Ya‘ni safar muddati 1 soatu 40 daqiqaga qisqaradi.

Bundan tashqari, 1980 yilda ochilgan eskilari kabi yangisi tog‘ni aylanib yurmaydi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri va sip-silliq yo‘l orqali sizni o‘z manzilingizga yetkazadi.

260 ga yaqin yuk va 65 yo‘lovchi poyezdi bor-yo‘g‘i 17 daqiqaning o‘zida tunnelni kesib o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

Yangi loyihaga ketgan sarf-xarajatlar esa, yoqilg‘i mahsulotlari, yuk mashinalariga solingan qo‘shimcha soliqlar va davlat tomonidan berilgan qarz hisobidan qoplangan.

Shveytsariyalik mas‘ullarga ko‘ra, masalaning moliyaviy tomonidan hech bir tashvishlari yo‘q va qilgan shuncha xarajatlari kelasi 10-12 yilning ichida chiqib ketadi.

Markaziy Osiyodagi eng uzuni

Shveytsariyadagisiga oid so‘nggi yangilik Markaziy Osiyoda eng uzun tunnel ishga tushganiga oid xabar manzarasida o‘rtaga chiqqan.

Yangi temir yo‘l tunneli Qamchiq dovoni orqali o‘tadi va uzunligi 19 kilometrdan ortadi.

Tog‘dan o‘yib solingan yo‘l poytaxt Toshkentni Farg‘ona vodiysi bilan ulaydigan "Angren-Pop" loyihasining tarkibiy qismi hisoblanadi.

Qurama tog‘laridan olib o‘tilgan "Angren-Pop" temir yo‘li 123 kilometrni tashkil etadi va u dengiz sathidan 2000 metr balandlikdadir.

Poytaxt Toshkentni Farg‘ona vodiysi bilan bevosita bog‘lovchi tunnel Xitoy shirkati ko‘magida uch yil ichida qurib bitkazilgan.

Bu loyiha ja‘mi qariyb 2 milliard AQSh dollariga baholangan.

Mintaqadan olingan xabarlarga ko‘ra, yangi yo‘nalishning ochilishi Xitoy-Markaziy Osiyo-Ovro‘po xalqaro temir yo‘l tranzit yo‘lagi tashkil qilinishini bildiradi.

Ekspertlarning ayrim mahalliy internet nashrlarida keltirilgan ma‘lumotlariga tayanilsa, ishga tushgandan keyingi birinchi yilda bu temir yo‘losha 600 ming yo‘lovchi va 4.5 million tonna yuk o‘tishi ko‘zda tutilgan.

Ahamiyati-chi?

Image copyright none

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi eng uzuni ekani aytilayotgan elektrlashtirilgan temir yo‘l tunneli tranzit nuqtai nazaridan O‘zbekistonning Tojikistonga qaramligini kamaytiradi.

Farg‘ona vodiysining O‘zbekiston qismini naqliyot ihotasidan xalos etadi.

Ichki va yoki tashqi muammo paydo bo‘lgan paytda, O‘zbekistonga katta sondagi harbiylarini Farg‘ona vodiysiga tashlash imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, mahalliy elektrostantsiyalar uchun Farg‘ona vodiysiga katta miqdorda ko‘mir eltishga yo‘l ochadi.

Bu kabi fikrlari bilan esa, qozog‘istonlik siyosatshunos Marat Shubutov IA REGNUM axborot agentligi bilan suhbatida o‘rtoqlashgan.

Siyosatshunosning yakunida aytishicha, "Angren-Pop" kabisiga o‘xshash murakkab infratuzilmali loyiha o‘tgan chorak asr davomida sobiq Sho‘rolar Ittifoqi hududida amalga oshirilmagan.

Unga ko‘ra, bu, o‘z navbatida, O‘zbekistondagi siyosiy rejimning effektiv, barqaror va qodir ekaniga ham dalolat qiladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02#
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq