BBCga aytaman: Toshkentdagi gaz foydalanuvchilariga havas qilmang!

Image copyright Vittorio Zunino Celotto Getty

Bir toshkentlik sifatida shuni aytishim mumkinki, tabiiy gaz muammosi haqida so‘z ketganda, mamlakatimizning viloyatlarida yashovchi vatandoshlarimiz Toshkentdagi sharoitga juda ham havas qilmasalar ham bo‘laveradi. Nega? Chunki Toshkentda ham tabiiy gaz muammosi o‘ziga xos.

Bir yilcha oldin "Toshkent" telekanali bir ko‘rsatuv namoyish etdi. Ko‘rsatuvda jurnalist aholini gaz to‘lovlarini vaqtida to‘lamaslikda ayblab, "savodsizlar"ga chiqardi-qo‘ydi. Tanganing boshqa tomonini – gaz korxonalaridagi muammolarni yoritish esa keyinga qolgandi chamamda. Gaz korxonalaridagi rahbarlarning almashish tezligi keyingi vaqtlarda ancha pasayib qoldi. "Nazoratchi qamaldi" yoki "jarimaga tortildi" degan xabarlar kamroq quloqqa chalinyapti. Bu quvonchli xabardir balki, chunki bir turg‘un rahbarning qattiqqo‘lligi ish bersa, tuman gaz korxonalarining ishi epaqaga kelib qolarmidi?

Xullas, haligi jurnalist bir katta yoshdagi ayolga "shu oq qog‘ozni chek deb olib qolaveribsizda, bunda hech narsa yozilmagan-ku", deb ayblagandi. Vaholanki, o‘zimizning boshimizdan o‘tgan, inspektorlar tomonidan bunday, sal vaqt o‘tgach, yozuvi o‘chib ketadigan qog‘ozlarga urilgan cheklar Toshkent yashovchilari orasida, hattoki inspektorlar orasida ham juda mashhur edi.

Maqsadga o‘tadigan bo‘lsam, mana 4-5 yildirki, toshkentliklarning ma‘lum qismi tabiiy gaz to‘lovi muammosiga "tabiiy" ravishda duch kelib yurishibdi. "Tabiiylik" shundaki, bu muammo yil oxiridagi xuddi bir kutilgan "katta sovg‘a"dek kutib olinmoqda. Tuman gaz korxonalarining esa bu "tabiiy" muammoga qanday bog‘liqligi bor, degan savol tug‘ilishi mumkin. Gap shundaki, ushbu korxona ishchilari nonvoy va somsaxonalarda ishlatilayotgan tabiiy gaz miqdorini qandaydir yo‘l bilan qoplashning turli xil yo‘llarini "ixtiro" qilishgan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi va buni ko‘pchilik toshkentliklar ham ma‘qullaydilar.

Somsachi birodarlarga ko‘ra, hattoki gaz korxonasi nazoratchilari o‘chirib ketgan gazni qaytadan tiklashni "yo‘li" bor. O‘sha inspektor yoki uni "hamtovog‘i" bu ishni do‘ndiradi. Misol uchun, ushbu inspektor kelib somsachiga gaz jo‘mragi yopilgandan keyin trubaga osilgan qutini qanday qilib ochib, jo‘mrakni qanday burashni va tabiiy gazni taralla-bedod ishlatishni o‘rgatib ketadi. Bunga albatta o‘sha toshkentlik somsachi, nonvoy fuqaro yoki nazoratchi "tabiiy" aybdor.

So‘nggi 4-5 yilning yakunida "katta sovg‘a" bo‘lmish million-million so‘mlik qarz to‘lovlariga duch kelayotgan toshkentlik fuqarolar shu bu yil boshqacha uslubda "jazolanadigan" ko‘rinadilar. "Uztransgaz" degan katta bir korxonaning ekspertlari xonadonlarga kirib uylar hajmi va xonadonda o‘rnatilgan moslamalar hisobini olishni shu yil boshidan boshlab yubordilar. Shu vaqtgacha katta, o‘rta va kichik hisobdagi to‘lovlarni amalga oshirib kelayotgan shaxslar endi yangitdan "o‘rganilgan" tafovutlar hisobiga jabr ko‘ra boshladilar. Vaholanki, bunday tekshirishlar oldingi yillarda ham o‘tkazilgan va hisoblagichi yo‘q xonadonlarga uch hisobning biri qo‘llaniladigan qilib tayinlangandi. Darvoqe, o‘sha nazoratchi va ekspertlar endi ishdan ketishgan, ma‘lum "tabiiy" sabablarga ko‘ra.

Misol tariqasida oladigan bo‘lsak, bir tanishimiz hisoblab chiqilgan 10 metr kub tafovutga 3 yillik to‘lovni amalga oshirmoqda. Boring, oyiga taxminan 10000 so‘mdan hisoblaganda 3 yilga bu ekspertlar tili bilan aytganda "bor-yo‘g‘i" 300000 so‘mdan ortiqroq jarima to‘lanar emish. Yana bir tanishimiz endigina qurib bitkazilgan ikki xonali uyining hajmi tafovuti hisobiga 3 yillik to‘lov - taqriban 5000000 so‘mni to‘lab berdi. Baraka topgur bizning kartochkani ham "obnalichka" qilib berdi. Darvoqe, tuman gaz korxonalariga borsangiz, inspektorlarning o‘zlari sizdan naqd pulni olib har xil kartochkalardan to‘lovni amalga oshirib yuboradilar. Aholi esa bunga yaxshilik sifatida qaraydi, chunki kimningdir kartochkadagi puli naqdga aylanadi, hojati chiqib xursand bo‘ladi-da. Qani endi bu uslubdagi "obnalichka" haydovchilik guvohnomasini olishda ish bersa. Afsus, bu turdagi jarimani haydovchilar o‘z nomlaridagi plastik kartochka bilan amalga oshira oladilar, xolos.

Yuqoridagi aytilganlar yer uchastkasida yashaydigan xonadonlar egalariga tegishli. "Dom"lardagi holat ancha tartibli. Million-million to‘lasang, beixtiyor miyangni bir chetida bir fikr yalt etarkan - "shu tabiiy gazni boridan-yo‘g‘i yaxshimikin?"

Albatta, tabiiy gazsiz va elektrsiz yashayotgan vatandoshlarimizning ahvollaridan xabardormiz. Yuqoridagilarni shunchaki ma‘lumot sifatida qog‘ozga tushirishga jazm etdik. Bu bilan biz nonvoy yoki somsachi do‘stlarimizning ishlariga putur yetishini xohlamaymiz. Tuman gaz korxonalarining muammoni to‘g‘ri yo‘l bilan hal qilishni o‘ylab ko‘rib, kerakli choralarni ko‘rishlarini tilab qolamiz.

Hurmat bilan toshkentlik mushtariy.
  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq