Olmoniya parlamenti: 1915 yil hodisalari qatliom bo‘lgan

Image copyright Getty

Olmoniya parlamentining quyi palatasi Bundestag Birinchi Jahon urushi yillarida Usmonli Turkiya tomonidan armanilarning ommaviy o‘ldirilishini qatliom deb tan olish haqidagi rezolyutsiyani ma‘qullab ovoz bergan.

Turkiya Bundestag rezolyutsiyasiga qattiq qarshi chiqqan va bu hujjat ma‘qullanadigan bo‘lsa, Turkiya bilan Olmoniya munosabatlariga qattiq shikast yetkazishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Armanilarga ko‘ra, 1915 yilgi hodisalarda 1,5 millioncha armani o‘ldirilgan.

Shu boisdan, Armaniston Turkiyadan Birinchi jahon urushida armanlarning ommaviy o‘ldirilishini genotsid deb tan olishni talab qilib keladi.

Mazkur ommaviy o‘ldirilishlar armanilar tomonidan qatliom sifatida ko‘rilishi Turkiya bilan o‘n yillardan buyon davom etayotgan adovat asosida turadi.

Turkiya esa voqeaga bunday yondashuvni keskin rad etadi.

Va Turkiya 1915 yildagi voqeada odamlar o‘zaro ichki qarama-qarshilikning qurbonlari bo‘lishgan va o‘lganlar soni ham sun‘iy oshirilgan deb biladi.

Arman tarixchilari fikricha, 1915-16 yillar davomida Sharqiy Anatoliyadan yarim milliongacha armanlar halok bo‘lgan.

Rasmiy Anqaraga ko‘ra, 1915 yil voqealarida taxminan 300 minggacha armani o‘lgan, biroq bu qatliom emas.

Olmoniya parlamenti tomonidan armanilar ommaviy o‘ldirilishini qatliom deb e‘tirof etilishi Ovro‘po Ittifoqi bilan Turkiya munosabatlari anchayin tarang, ittifoq muhojirlar inqirozini hal etishda Turkiyaning ko‘magiga muhtoj bo‘lib turgan paytga to‘g‘ri kelgan.

Turkiyaning qudratdagi "Adolat va Taraqqiyot" partiyasi so‘zchisi aytishicha, ushbu hodisa ikki mamlakat munosabatlariga shikast yetkazadi.

Armaniston Olmoniya parlamenti qarorini "Arman qatli omini xalqaro e‘tirof etish va qoralash"ga qo‘shilgan "qimmatli ulush" deya olqishlagan.

Dunyodagi 20 dan ortiq davlat, jumladan Frantsiya va Rossiya, shuningdek, Rim Papasi Frantsisk 1915 yilgi qirg‘inni genotsid deb tan olganlar.

Bundestagdagi ovoz berishda Kantsler Angela Merkel qatnashmagan.

Uning Nasroniy Demokratlari, koalitsiyadagi Sotsial-Demokratlar va Yashillar rezolyutsiyani to‘la qo‘llab-quvvatlaganlar.

Bir Bundestag a‘zosi qarshi chiqqan va yana bir parlament a‘zosi betaraf qolgan.

Ovoz berishdan oldin Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim bu hodisa Anqara va Berlin o‘rtasidagi "do‘stlikning sinovi" bo‘ladi, deya ogohlantirgan.

Ovoz berishdan so‘ng esa Bosh vazir o‘rinbosari Nu‘mon Kurtulmush ushbu rezlolyutsiyani "tarixiy xato" deb atagan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq