Tojiklar o‘limi yuzasidan ayblovlar yangradi

Image copyright EPA

Moskvada yuz bergan qonli ommaviy mushtlashuvga aloqadorlikda rasman ayblangan ja‘mi 14 kishi orasida Xovanskoye qabristoni rahbari ham bor.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, "mushtlashuvdagi rollariga qarab, ular oldindan til biriktirib, ikki va undan ortiq insonning o‘limini tashkillashtirishdan tortib, ommaviy bezorilikni uyushtirish qadar ayblarda aylanishmoqda".

Rossiya Tergov Qo‘mitasi bundan avval Yuriy Chabuyevni Xovanskoye qabristonidagi zo‘ravonliklarning asosiy tashkilotchisi sifatida ko‘rayotganliklarini ma‘lum qilgandi.

Qolgan ayblanuvchilarning ism-shariflari esa, hozircha, oshkor qilinmayotir.

Himoyachilari ham o‘z mijozlariga qarshi ilgari surilgan rasmiy ayblovlarga halicha biror bir munosabat bildirishmagan.

Qo‘mita vakillariga ko‘ra, hozir ham ushbu jinoyat ortidagi asosiy omil pul bo‘lgan, degan fikrdan voz kechishmagan.

Qabristonda nimalar bo‘lgandi?

Image copyright AFP

Moskvaning Xovanskoye qabristonidagi ommaviy mushtlashuv shu yilning 14 may kuni kelib chiqqandi.

Qonli to‘qnashuv uch Tojikiston fuqarosining o‘limi bilan yakun topgan.

O‘ttizdan ortiq kishi tan jarohati olgan, ulardan aksariyatining ham tojikistonliklar ekani aytilgandi.

Ayrim xabarlarda to‘qnashuv ishtirokchilari soni 200 tacha ekani taxmin etilgandi.

Ommaviy mushtlashuv chog‘ida o‘qotar qurollar, to‘qmoq va armatura tayoqlaridan ham foydalanilgani ma‘lum bo‘lgandi.

Hodisa joyiga yetib borgan politsiya 90 kishini hibsga olgandi.

Ammo, alal-oqibat, to‘qnashuvlarni tashkillashtirish bo‘yicha ayblov 14 kishiga nisbatan ilgari surilgan va ular shu paytgacha hibs ostida qolishmoqda.

Mas‘ullar nazdida...

Image copyright RIA NOVOSTI

Rossiya Ichki ishlar vazirligi xabar qilishicha, ommaviy mushtlashuvga kirishgan tomonlardan biri qabristonda yollanib ishlayotgan noqonuniy muhojirlar bo‘lishgan.

Ayrim xabarlarda qabristondagi xizmat ko‘rsatish hududlarini taqsimlab olish masalasida kelisholmagan migrantlar o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqani aytilgan.

Rossiya matbuotining huquq-tartibot organlaridagi manbalarga tayanib xabar qilishlaricha, "raqib" tomon uyushgan jinoiy guruh a‘zolari bo‘lishgan.

Ular, go‘yoki, qabristonda ishlaydigan muhojir ishchilardan o‘z ulushlarini talab qilishgan, ammo bunga muvaffaq bo‘lishmagach, o‘zaro mushtlashuvga kirishishgan.

Rossiya internet nashrlari va matbuoti esa, bu to‘qnashuvni "Qofqoz mafiyasi bilan migrantlarning" mushtlashuvi, deb ta‘riflashgandi.

O‘zining Twitterdagi sahifasida Rossiya Tergov Qo‘mitasi vakili Vladimir Markin, "gap millatda emas, kriminal biznesning jo‘n bo‘lib olinishida", deb yozgandi.

Xovanskoye qabristonida ishlab, pul topib kelganlarning aksari Markaziy osiyoliklar bo‘lganlar.

Ommaviy mushtlashuvda qurbon bo‘lgan uch tojikistonlikning jasadi voqeadan to‘rt kun o‘tib ortga, Tojikistonga qaytarilgan.

Rossiya mahkamasi to‘qnashuvlar ortidan qo‘lgan olinganlar orasida bo‘lgan besh nafar tojikning hibs muddatini uzaytirishga ham qaror qilgan.

Tojikistondagi ayrim yetakchi internet nashrlarining xabar qilishlaricha, bu beshovlon "bezorilik"da ayblanishmoqda.

Rossiyaning Tojikistondagi elchixonasining bildirishicha, o‘z fuqarolarining huquqlarini himoya qilish uchun allaqachon himoyachilar ham yollashgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq