Ramazon muborak!

O‘zbekistonda musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi boshlandi.

5 iyun kuni London Markaziy masjidi bu yilgi Ramazon oyi 6 iyundan boshlanishi haqida e‘lon qildi.

Yakshanba oqshomida Toshkent masjidlarida ilk taroveh namozi o‘qildi.

Bundan oldin O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov maxsus qaror imzolab, o‘zbekistonliklarga Ramazon oyini munosib kutib olish lozimligini aytgan.

Butun dunyo musulmonlari bu oyni sog‘inib kutib olishadi.

Islom taqvimidagi to‘qqizinchi oy bo‘lmish Ramazon bundan bir ming to‘rt yuz yil avval muqaddas Qur‘oni Karimning ilk oyatlari Muhammad Alayhissalomga nozil bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri keladi.

Bu oyda jannat eshiklari ochilib, jahannam eshiklari yopilishi aytiladi.

Ramazon oyi arafasida Buyuk Britaniyaning London va boshqa shaharlarida “Subhonolloh” yozuvlari bo‘lgan ba‘zi avtobuslar paydo bo‘lgan.

Ularni Britaniyadagi yirik xayriya tashkiloti bo‘lmish IslamicRelief tashkillashtirgan.

Ushbu tashkilot 15 yildan beri dunyo bo‘ylab qashshoqlikka qarshi xayriya faoliyatini yuritib keladi.

Ramazon oyining mohiyati haqida BBC Londonning Markaziy masjidi rahbari Ahmad al-Dubayan bilan suhbatlashdi.

Image copyright bbc

Ahmad Al-Dubayan: Assalomu alaykum! Avvalom bor xush kelibsiz! Katta rahmat! O‘quvchilaringiz bilan gaplashish imkonini berganingiz uchun minnatdorlik bildiraman. Sizga ma‘lum, Ramazon butun dunyodagi musulmonlar uchun muqaddas oy sanaladi. Va Ramazon har bir kishi uchun maxsus ibodat oyidir. Shuning uchun musulmonlar bu oy uchun ayniqsa shu oxirgi haftada alohida tayyorgarlik ko‘radilar, o‘zlarini Ramazonga tayyorlaydilar. Xususan, musulmon jamoalari ozchilikni tashkil qilgan musulmon bo‘lmagan G‘arbiy Ovro‘po, Amerika yoki janubiy Amerika mamlakatlarida. Misol uchun Britaniyada Ramazonga tayyorgarlik barcha masjidlar, barcha islomiy markazlarda qizg‘in ketyapti. Har kechasi minglab insonlar kelib namoz o‘qishlari uchun zallar tayyorlanmoqda, boshqa tadbir-marosimlar uchun xonalar taxt qilib qo‘yilmoqda. Sizga ma‘lumki, ramazon oyi tarobeh oyi hamdir. Ya‘ni, insonlar tunda ko‘proq namoz o‘qiydilar va kunduzi ro‘za tutadilar. Bu yil ramazon bir oz qiyinroq bo‘lishi mumkin bu yerda. Chunki kun qariyb 18 soatga cho‘ziladi. Shu sababdan ro‘za tutish oson bo‘lmaydi. Alloh hammaga quvvat bersin! Lekin alhamdulilloh, musulmonlar bu qiyinchilikni yengib, ro‘za tuta oladilar deb o‘ylayman. Shu bilan birga Alloh bemorlarga va o‘z vaqtida ro‘za tuta olmaydiganlarga keyin tutib berishlariga imkon beradi. Masjidlar hozir imomlarni tayyorlamoqda. Ba‘zi masjidlar Ramazon payti tarobehni o‘tkazish uchun imomlarga alohida e‘tibor qaratib, ularni maxsus boshqa mamlakatlardan ham olib keladilar.

Image copyright iccuk

Markaziy Masjidda biz iftorliklar ham uyushtiramiz. Har kuni 500dan 1000tagacha ro‘zadorga bepul ovqatlar beriladi. Shuningdek, bizda ham kechasi o‘zimizning imomimiz boshchiligida tarobeh namozlar o‘qiladi. Bundan tashqari, tushdan keyin, asr namozidan keyin ma‘ruzalar bo‘ladi. Ro‘za va sog‘liq haqida, jamoalar, o‘zaro munosabatlar, oila haqida ma‘ruzalar qilish rejalashtirilgan. Har xil mavzular turli ma‘ruzachilar tomonidan o‘tkaziladi.

BBC: O‘tgan yilga qaraganda qanday o‘zgarishlar bor?

Ahmad Al-Dubayan: Avvalo, ro‘za vaqti uzoqroq bo‘lgani uchun barcha masjidlardagi tartiblar deyarli bir xil. Ba‘zan, masjidlarda ko‘proq tadbirlar o‘tkazilishi mumkin. Misol uchun, ma‘ruzalar kunora emas, har kuni o‘tkaziladi. Ibodat qilish albatta bir xil. Ba‘zi masjidlar har kuni iftorlik tarqatmaydi. Biz inshooloh har kuni qilmoqchimiz. Islomiy markazga ko‘plab jamoalardan tashrif buyurishadi. Bizga Osiyo, Ovro‘po va Afrikadan musulmonlar kelishadi. Ular bu yerni yaxshi ko‘rishlarini aytishadi. Biz faqat bitta jamoaga emas, keladigan barchaga diqqatni qaratamiz. Va biz bundan juda xursandmiz. Markaziy Masjid yirik tashkilot hisoblanib, hamma joydan musulmonlar kelishadi. Biz boshqa masjidlar uchun ham kun ro‘za kunlari jadvalini chop qilamiz. Qachon ro‘za boshlanadi, iftor soatlari, namoz vaqtlari qachonligini biz beradigan ma‘lumotlar orqali bilib oladilar.

BBC: Masjid keluvchi barcha ibodat qiluvchilarni sig‘dira oladimi?

Ahmad Al-Dubayan: Bu yerga ko‘plab insonlar, musulmonlar kelishlari bois raqamlar albatta katta. Har kecha masjidimizga 2000 dan 3000gacha kishi keladi. Baxtimizga yoz oyi bo‘lgani uchun ko‘p insonlar tashqari hovlida ham namoz o‘qiy oladilar. Ba‘zan yomg‘ir yoqqanida biz pastdagi zalni ochamiz. Ba‘zida, hatto kechalari ham namozxona sifatida ishlatishga kutubxonani ham ochib qo‘yishimiz mumkin. Masjid 3000 tacha kishini bemalol sig‘dira oladi inshoolloh. Faqat bu emas, masjidga erkaklar bilan ayollar ham kelishadi.

BBC: Ayollar va bolalar uchun alohida qulayliklar bormi?

Ahmad Al-Dubayan: Markazimizda ayollar uchun bo‘lim bor. Ular ba‘zan bolalari bilan kelishadi. Har kuni qariyb 100 ta ayol namoz o‘qishga keladi bu yerga. Imom albatta erkaklar bilan birga ayollarga ham imomlik qiladi. Ma‘ruzalarga ham ayollar qo‘shilishlari mumkin. Iftorliklar ham erkaklarga, ham ayollarga, ular bilan bolalarga bo‘ladi. Hayit bayrami barcha oila uchun, hamma, jumladan bolalar ham kelib bayram qila oladi.

BBC: Musulmon bo‘lmaganlarga ham iftorliklar rejalashtirilgan ekan?

Ahmad Al-Dubayan: Markaziy Londondagi ko‘p islomiy markazlarda musulmon bo‘lmagan kishilarga ham iftorliklar tashkil qilinadi. Bular asosan, suhbat va yuzma-yuz muloqot faoliyatini olib boradiganlardir. Biz ularni kechki ovqatga taklif qilamiz. Biz ularni iftor deb taklif qilamiz. Lekin albatta ular musulmonlar bo‘lmaganlari uchun ro‘za tutishmaydi, lekin shom payti iftorlikka qo‘shilishdan mamnun bo‘lishadi. Bir tomondan, boshqa jamoalarga musulmonlarning bag‘rikengligini ko‘rsatish yaxshi g‘oya. Shu bilan birga ularga ramazonning, ro‘zaning ma‘nosini tushuntirish ularni islomni tushunishlariga ko‘maklashadi. Islomning obro‘sini oshiradi. Bir joyda o‘tirib suhbatlashish, birga taom iste‘mol qilish insonlarni yaqinlashtiradi.

BBC: O‘zbek o‘quvchilariga qanday tilaklaringiz bor?

Doktor Ahmad: Albatta, men butun dunyoda tinchlik bo‘lishini tilayman. Bu oyda Alloh taolo roziligi uchun ibodat qiladigan insonlar hayotlaridan mamnun bo‘lishlarini istayman. Kelgusi avlodlar uchun hayot inshoolloh yanada yaxshi bo‘ladi. Men Allohdan barcha insonlarga, jumladan o‘zbekistonliklarga ham omad, baxt, taraqqiyot tilab qolaman. O‘zbekiston buyuk davlat. Biz Imom Buxoriyni tilga olganda doimo O‘zbekistonni ham eslaymiz. U kishining kitoblari butun dunyodagi sunniy musulmonlar uchun Qur‘ondan keyin turadigan kitoblardandir. O‘zbekistondan yana ko‘p allomalar chiqqan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring