Oqto‘be: Gumondorlar nomlari e‘lon qilindi

Image copyright 24KZ

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi Oqto‘bedagi hujumlarga aloqadorlikda gumon qilingan va hozir qidiruvda bo‘lgan shaxslarning ism-shariflarini e‘lon qildi.

Ulardan aksariyatining oqto‘balik va 25-32 yosh oralig‘ida ekanliklari anglashiladi.

Vazirlikka ko‘ra, oqto‘balik gumondorlar Alibek Aqpanbetov, Aydar Bashimov, Arman Aytug‘an, Aydos Jubanov, Dmitriy Tanatarov va Arsen Tanatarovlardir.

Qidiruv ostida bo‘lgan qolgan shaxslar esa, Qizilo‘rda viloyatilik Baqit Quanishboyev va Akmolinsk viloyatilik Nurlan Seilov sifatida tilga olingan.

Bu haqda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi rasman ma‘lum qilgan.

Xuddi shu manzarada e‘lon qilgan eng so‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, shu paytgacha ja‘mi 13 gumondorni hujumchini o‘ldirishgan.

Vazirlik matbuot voizi Almas Sadubayevning aytishicha, bunga shaharda olib borilgan maxsus amaliyotlar chog‘ida muvaffaq bo‘lingan.

So‘nggi raqamlar ortidan, yakshanba kungi hujumlarda qurbon bo‘lganlarning umumiy soni ja‘mi 19 kishiga yetgan.

Matbuot voizining aytishicha, yana to‘rt nafar hujumchini yaralashgan.

Yettitasining ortidan tushishgan.

Yana sakkiz kishini yakshanba kungi hujumlarga aloqadorlik gumoni bilan qo‘lga olishgan.

Uning so‘zlariga tayanilsa, Oqto‘be va umuman olganda, butun Qozog‘istonda vaziyat barqaror va o‘z nazoratlari ostidadir.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining shaxsiy sostavi esa, hamon to‘lig‘icha kuchaytirilgan tartibda ish yuritmoqda.

Ammo, rasmiylarga ko‘ra, shahardagi ommaviy naqliyot qayta ishga tushgan.

Maktablar va ko‘ngilochar maskanlar ham yana o‘z faoliyatini boshlagan.

Tarixcha o‘rnida

Image copyright Youtube

Yakshanba kuni bir guruh noma‘lum qurolli shaxslar Oqto‘bedagi ikki qurol-yarog‘ do‘koni va harbiy bo‘limga hujum qilishgan.

6 kishini o‘ldirib, 38 nafarini yaralashgan.

Ulardan aksariyati harbiylar bo‘lib chiqishgan.

Qozog‘istonlik mas‘ullar hujumchilarni diniy radikallarga nisbat bergan.

Ular amalga oshirilgan hujumni "terakt" o‘laroq baholashgan.

Oqto‘beda "terrorchilik tahdidi"ni eng yuqori, butun Qozog‘iston bo‘ylab esa, "o‘rtacha", deya e‘lon qilishgan.

Mamlakatda bu kabi ogohlik holati 40 kungacha amal qilishini bildirishgan.

Orada hujumga mas‘uliyatni "Qozog‘iston Ozodlik Armiyasi" o‘z zimmasiga olganiga oid xabarlar ham chiqqan.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining ma‘lum qilishicha, hujumchi ekanlikda gumon qilinayotgan barcha jinoyatchilarning shaxslari aniqlangan.

Lekin, bu kabi bayonotlariga qaramay, ular hanuzgacha bu shaxslarning ism-shariflarini oshkor qilishmagan.

Shu paytgacha mas‘ullar 12 hujumchining o‘ldirilgani, ja‘mi qurbonlarning soni esa, 18 nafar ekanini aytib kelishayotgandi.

Oqto‘be

Qozog‘istonda so‘nggi yillarda avj olgan va to‘lig‘icha izohlanmay qolgan qator zo‘ravonliklar aynan g‘arbiy Oqto‘be shahridagi 2011 yilgi xudkushlik hujumi bilan boshlangandi.

O‘sha yil iyul oyida Akto‘bega yaqin Shubarshi shahrida ham xavfsizlik kuchlari bilan ekstremistik deyilgan guruh orasidagi otishmada 13 kishi o‘ldirilgandi.

Bu hududda dinning roli Qozog‘istonning boshqa hududlariga qaraganda muhimroq ekani, odamlarining anchayin taqvodor ekanliklari aytiladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra ham, so‘nggi yillarda g‘arbiy Qozog‘istonda odamlar orasida Islomga qiziqish kuchaygan.

Qozog‘iston nisbatan farovon bo‘lganiga qaramay, mamlakatda ijtimoiy va iqtisodiy muammolar oz emas.

Tahlilchilarning aytishlaricha, bu kabi vaziyat, ayniqsa, g‘arbiy Qozog‘istonda noroziliklarni yuzaga keltirgan.

Ular bu yerda boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovut juda katta ekani, yashash sharoitlarining juda og‘irligini ta‘kidlashadi.

Mahalliy tahlilchilarning o‘zlari ham qattiqqo‘llik bilan boshqariluvchi Qozog‘istonda norozilik izhor qilishning siyosiy yo‘llari o‘ta kamligi, shuning uchun ham ularning islomiy radikal guruhlarga yuzlanayotganliklarini aytishadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq