"Angela Merkel – dunyoning eng qudratli ayoli"

Image copyright Getty

Olmoniya kantsleri ketma-ket oltinchi bor Amerikaning nufuzli "Forbes" jurnali tasnifida xuddi shu kabi maqomga loyiq, deb ko‘rilgan.

Bu reyting tarixida Angela Merkel xonimlarining nomi ja‘mi 11 bor tilga olingan.

Olmoniya kantsleri bilan birga bu yilgi yuqori uchlikka yana AQSh prezidentlik saylovlarida Demokratik partiyadan asosiy nomzod Hillari Klinton va AQSh Federal Zaxira tizimining rahbari Janet Yyellenlar kirishga muvaffaq bo‘lishgan.

61 yoshli Angela Merkel 2005 yil noyabrida Olmoniya kantsleri etib saylangan.

"Forbes" jurnali bundan avval Merkel xonimni Ovro‘po Ittifoqining "chin" va "global iqtisodda haqiqiy kuchga ega" yagona qit‘a davlatining rahbari deb ham atagan.

Olmon kantslerini nega dunyoning eng qudratli ayoli, deb topgani sababini, "uning rahbarligi ostida Olmoniya iqtisodiyoti gullab-yashnayotgani, ishsizlik kamayib, rasmiy Berlin Ovro‘po Ittifoqining nisbatan kuchsiz a‘zolariga yordam berayotgani", - bilan ham izohlagandi.

Angela Merkel so‘nggi ikki yil ichida o‘zining global qochqinlar bo‘hroniga yechim topishga qaratilgan faol sa‘y-harakatlari bilan ham dunyo bo‘ylab ko‘pchilikni tan oldirgan.

Olmoniya aksariyati Yaqin Sharq va afg‘onistonlik bo‘lgan eng ko‘p qochqinlarni qabul qilgan yagona Ovro‘po davlatiga ham aylangan.

Qudratli ayollar

Image copyright epa

"Forbes"ning yangi ro‘yxatida ja‘mi dunyoning 29 davlatidan bo‘lgan 100 nafar ayolning nomi tilga olingan.

Ulardan 32 nafari turli korporatsiyalar yetakchilari bo‘lsa, yana 12 tasi davlatlar rahbarlari maqomida bo‘lgan ayollardir.

Ro‘yxatga kirgan 11 ayolning shaxsiy boyligi 1 milliard dollardan ortadi.

Yuzta ayolning ixtiyorida bo‘lgan pullarning umumiy miqdori esa, trillion dollarga yetadi.

Buncha mablag‘ning butun dunyo bo‘ylab 3.6 milliard insonning hayotiga u yoki bu ma‘noda ta‘siri borligi aytiladi.

Yangi ro‘yxat

Image copyright WPA Pool

Bu yil "Dunyoning eng qudratli ayoli" nomiga da‘vogarlik qilganlarning o‘rtacha yoshi 57 ni tashkil etgan.

Ularning orasidan eng yoshi – "Yahoo’ ijroiy rahbari 41 yoshli Marissa Mayyer, eng keksasi esa, Buyuk Britaniyaning 90 yashar qirolichasi Yelizaveta II bo‘lib chiqqan.

Yangi ro‘yxatda sonlari bo‘yicha Amerika vakilalariga hech kim bas kelolmagan.

Ya‘ni, ro‘yxatga tushgan qudratli ayollardan 51 nafarining amerikalik ekanliklari ma‘lum bo‘lgan.

Bu borada ikkinchi o‘rin, kutilmaganda, gonkongliklari doxil xitoylik xotin-qizlarga nasib etgan.

Image copyright Reuters

Ularning orasida "Alibaba" internet-gigantining ijroiy direktori Lyusi Pen va Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti rahbari Margaret Chanlar ham bor.

Bu yil "Forbes"ning ro‘yxatiga tushgan Britaniya vakillarining soni esa, olti kishiga yetgan.

Dunyoning eng qudratli ayollari safida bor-yo‘g‘i bir nafar rossiyalik borligi ham ayon bo‘lgan.

Ya‘ni, yolg‘iz Rossiya Markaziy Banki raisi Elvira Nabiullinaga bu kabi baxt nasib etgan.

Nabiullina xonim qudratlilik bobida 100 ta ayolning orasidan 56-o‘rinni egallagan.

May oyida o‘ziga ko‘rsatilgan ishonchsizlik ortidan, kursisini tark etishga majbur bo‘lgan Braziliya sobiq prezidenti Dilma Russeff esa, bu yilgi ro‘yxatdan butkul tushib qolgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq