Erdo‘g‘on: "Istanbuldagi portlashga PKK aybdor"

Image copyright AFP Getty

Bu haqda Turkiya prezidenti Istanbul markazidagi yirik portlashdan sanoqli soatlar o‘tib bayon qildi.

Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘onga ko‘ra, kamida 11 kishining umriga zomin bo‘lgan so‘nggi portlashga Kurd Ishchilar Partiyasi aybdordir.

Turkiya rahbariga ko‘ra, Istanbuldagiga o‘xshash portlashlar bu partiyaning odatiy taktikasi va ular shu yo‘l bilan muxtoriyatga erishishmoqchi.

Ammo, prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘onga ko‘ra, mamlakati terrorchilarga qarshi yakunigacha kurash olib boradi.

Kurd Ishchilar Partiyasining faoliyati Turkiyada rasman taqiqlangan.

Tonggi portlash

Image copyright Reuters

So‘nggi portlash Istanbul markazida, odatda, sayyohlar bilan gavjum bo‘luvchi tarixiy Boyazit maydoni yaqinida yuz bergan.

Portlash ortidan, otishma sadolari ham quloqqa chalingani aytilmoqda.

Dastlabki xabarlarga ko‘ra, portlash talofatlarsiz kechmagan.

Portlash oqibatida kamida 11 kishi qurbon bo‘lgan. O‘ttizdan ortiqrog‘i yaralangan.

Qurbonlardan 7 nafari politsiya xodimlari, qolganlarining oddiy odamlar ekani aytilmoqda.

So‘nggi hodisaga hozircha mas‘uliyatni biror bir guruh o‘z zimmasiga olmagan.

Avtobus bekatiga yaqin portlash sathida bir qancha "Tez yordam" mashinalarining ko‘zga tashlanishi aytiladi.

Voqea shohidlarining so‘zlariga tayanilsa, portlash tonggi gavjum soatda amalga oshirilgan.

Image copyright Reuters

Hodisa yuz bergan paytda avtobus bekati yaqinidan politsiyachilarning avtobuslari o‘tib ketayotgan bo‘lgan.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, portlash olisdan turib boshqariluvchi uskuna tomonidan amalga oshirilgan.

Imkonli bo‘lgan videotasvirlardan avtobusning vayron bo‘lgani, yon-atrofdagi binolarga ham ziyon yetgani ko‘riladi.

Ta‘kidlash joiz, Turkiya so‘nggi oylarda qator portlashlarga sahna bo‘lmoqda.

Turk mas‘ullarining nazdlarida esa, ularning har biri "terakt" bo‘lgan.

Jumladan, 12 may kuni Istanbulda portlovchi modda to‘ldirilgan mashina portlatilgan, natijada bir necha kishi jabr ko‘rgandi.

Xuddi shu manzarada Istanbul barobarida Diyorbakir shahrida ham qator portlashlar amalga oshirilgan.

Turkiya hukumati ularda asosan kurd radikallari va Yaqin Sharqdagi IShID guruhini ayblab kelgan.

Image copyright AFP

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘onning aytishicha, o‘z xavfsizlik kuchlariga bas kela olishmayotgani uchun ham, terrorchi guruhlar tinch aholini nishonga olishmoqda.

Kurd bo‘lginchilarining faollashuvi va qo‘shni Suriyadagi notinchliklar bois, so‘nggi paytlarda Turkiyada ham zo‘ravonliklarning kuchayotgani kuzatiladi.

Turkiya Yaqin Sharqdagi IShID guruhiga qarshi tuzilgan G‘arb boshchiligidagi harbiy koalitsiyaga ham a‘zo.

Hamda ittifoq kuchlariga IShIDga qarshi amaliyotlarida o‘zining Inchirlik havo bazasidan foydalanishga ruxsat bergan.

Rasmiy Anqara va jangari Kurd Ishchilar Partiyasi o‘rtasidagi ikki yillik otashkesin bitimi esa, o‘tgan yozda chippakka chiqqan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz :+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq