Karimov va Nazarboyevdan keyin nima bo‘ladi?

Image caption Karimov va Nazarboyev sobiq sovet hududidagi ikki eng keksa siyosatchilardir

Qozog‘istondagi so‘nggi voqealar Markaziy Osiyoning yakkahokim tuzumlari qanchalik barqaror ekani haqidagi savolni yana kun tartibiga chiqargan.

Xususan, mintaqaning ikki yirik davlati bo‘lgan O‘zbekiston va Qozog‘istonda kutilayotgan hokimiyat o‘zgarishi masalasi nafaqat bu davlatlarning o‘zi, balki butun mintaqada beqarorlikka olib keluvchi omillardan biri sifatida ko‘riladi.

Prezident Karimovning siyosiy portretini yaratish, uning ichki va tashqi siyosatini tahlil qilish urinishlarimizda bu safar sobiq sovet hududidagi ikki oqsoqol siyosatchi asos solgan tuzumlarga birgalikda nazar tashlashga qaror qildik.

Suhbatdoshimiz qozog‘istonlik taniqli siyosatshunos Do‘sim Satpayev.

Do‘sim Satpayev: Ochig‘ini aytganda, Karimovning siyosatida hech qanday o‘ziga xoslikni ko‘rmayapman. U unikal bir siyosiy tizim barpo etgani yo‘q, uning rejimi barcha avtoritar rejimlar kabi qattiqqo‘lligi bilan ajralib turadi. Demak, tuzum asoschilari ham bir-birlariga o‘xshaydilar. Bunday misollarni ko‘rish uchun Gabriel Garsia Markesning "Avliyo otaning kuzi" asarini o‘qish kerak. Yoki bu kabi rahbarlar bilan qiziqqan odamlarga oltmishinchi-etmishinchi va saksoninchi yillarda Osiyo va Afrika mamlakatlarida ishlagan polshalik jurnalist Rishard Kapushinskiyning "Imperator" kitoblarini o‘qishni tavsiya qilaman. U 28 ta inqilobga guvoh bo‘lgan, uning ko‘zi oldida davlat to‘ntarishlari sodir bo‘lgan va katta o‘zgarishlar ro‘y bergan. U chiqargan xulosaga ko‘ra, barcha davlat rahbarlari bir-birlariga o‘xshaydilar. Agar siyosatga kelgan shaxs o‘ziga qulay tizimni yaratishni boshlasa, u boshqarayotgan mamlakatda hamma narsani bitta uning o‘zi xal qiladi, deb hisoblasa, borgan sari u barcha yakkahokim rahbarlar xususiyatlarini qabul qilib oladi. Bunday rahbar hokimiyatni qo‘lidan boy berishdan qo‘rqadi. U tashqi dunyo va o‘z atrofdagilarga shubha bilan qarab, ma‘lum darajada paranoyyaga ham chalinishi hech gap emas. Bunday rahbar o‘z halqidan qo‘rqishni boshlaydi. Uning muammosi shundan iboratki, bir tomondan u xalq o‘zini yaxshi ko‘rishini xohlaydi, boshqa tomondan esa, o‘z odamlarining muhabbatini turli bosimlar orqali majburan qo‘lga kiritishga urinadi.

BBC: Ehtimol, Islom Karimov ham paranoyyaga chalingan davlat rahbarlaridan biri bo‘lishi mumkin. Biroq, O‘zbekiston ichidagi aksariyat uni - yaxshimi, yomonmi, barqarorlik kafolati sifatida ko‘radi. Aksar o‘zbekistonliklarning barqaror hayot kechirishni istashlari, qator inqiloblarni boshdan kechirgan qo‘shni Qirg‘izistondek bo‘lishni xohlamasliklarini inkor qilolmaysiz-ku?

Do‘sim Satpayev: Bilasizmi, bu illyuziya. Biz bunday qarashlar bilan bizdan oldin bo‘lgan yakkahokim tuzumlarning qopqoniga tushgan odamlarga o‘xshab ketayapmiz. Barqarorlik deganda o‘zbekistonliklar nimani nazarda tutishadi? Ya‘ni barqarorlik ularning tushunchasida faqat bitta inson bilan bog‘liqmi? Axir, hech kim abadiy emas-ku. Demak, agar rahbar o‘zining o‘limidan so‘ng vayron bo‘ladigan tizimni yaratgan bo‘lsa, bu holatni haqiqiy barqarorlik deb atash noto‘g‘ri. Menimcha Karimov kabi mintaqamizdagi rahbarlar ulardan keyin ishlay oladigan siyosiy tizimni yaratishdan ko‘ra ko‘proq butun hokimiyatni o‘z qo‘llarida jamlashga uringanlar va urinmoqdalar. Shuning uchun jamiyatimizda Karimov yoki Nazarboyev yo-da Rahmon ketishi ortidan barqarorlik buziladi, degan qurquvlar keng tarqalgan. Men o‘ylaymanki, aynan mazkur rahbarlar allaqachon kelajak beqarorlik ostiga mina qo‘yib bo‘lishgan. Ular o‘z harakatlari bilan o‘limlaridan so‘ng yaratgan tizimlarining buzilib ketishiga ko‘maklashmoqdalar. Tizimning buzilishida bir paytlar ular o‘zlari yaqinlashtirgan va boyitgan elita vakillari faol rol o‘ynashlari mumkin. Demak, bu rahbarlar uzoq muddatli emas, balki ko‘proq qisqa muddatli barqarorlikning kafolatlari bo‘lishlari mumkin.

BBC: O‘zbekistonda hokimiyat almashinuvining mexanizmi ishlab chiqilmagani atrofida hukm surayotgan mavhumlik mintaqada qanchalik xavotir uyg‘otadi?

Image copyright Reuters
Image caption Har ikki rahbar mamlakatni qattiqqo‘llik bilan boshqarib keladi

Do‘sim Satpayev: Shaxsan bizning Qozog‘istonda hokimiyat almashinuvi masalasiga kelsak, mintaqaning ikki mamlakati tashvishlantiradi. Bu o‘z yurtimiz bilan qo‘shni O‘zbekistondir. Biz hech qanday hokimiyat almashinuvi ro‘y bermagan butun Markaziy Osiyo mintaqasining yagona ikki mamlakatimiz. Turkmaniston, Tojikistonlarda hokimiyat almashinuvi modeli amalga oshgan, Qirg‘izistonda esa hokimiyat bir necha marta o‘zgardi. Biroq Qozog‘iston bilan O‘zbekistonda hech qanday o‘zgarish ro‘y bergani yo‘q. Ertami, kechmi biz baribir bu kunga yetib kelamiz. Shuning uchun ko‘p odamlarni bu tizimlar o‘zgarish uchun tayyormi, degan savol qiynamoqda. Bu yerda vorislar haqida gap ketmayapti. Agar biz Islom Karimov yoki Nursulton Nazarboyevning o‘rniga kela oladigan muayyan shaxslar haqida so‘z yurita boshlasak, bu juda xavfli narsa. Chunki ularning o‘rniga hech kim kelolmaydi va bunga bitta-yu bitta sabab bor: Mazkur tizimlarni mazkur rahbarlar o‘zlariga, fikr yuritish tarzlari va boshqarish usullariga mos qilib yaratishgan. Elita vakillari esa hokimiyatga ega bo‘lish qobiliyatlari nazarda tutilsa, ularning hammasi bir xildir. Va aynan bu yerda mavhumlik xavf-xatari paydo bo‘ladi. Chunki deylik, o‘yinchilarda hokimiyatga bir xil haq-huquqlari bo‘lsa, oxir-oqibat hokimiyat kimning qo‘lida bo‘lishini hech kim bashorat qilolmaydi. Shuning uchun bu yerda ikkinchi xavf-xatar kelib chiqadi. Bu esa elita vakillaridan kimki hokimiyatga keladigan bo‘lsa, bu shaxs, o‘z mavqe‘ini boshqalarni yo‘q qilish orqali kuchaytirishga harakat qilishi mumkin. Joriy tizim kelajak mojarolar uchun zamin yaratgan. Elita vakillari na hokimiyatni yo‘qotish va na mol-mulklarini boy berishga tayyor. Elita orasidagi mojaro butun jamiyatga o‘tishi mumkin. Ya‘ni Markaziy Osiyoning muhim davlati, xoh Qozog‘iston bo‘lsin, xoh O‘zbekistonda mojaro boshlanib ketsa, bu butun mintaqaga ta‘sir qilishi hech gapmas. Demak, mavhumlik xavfi anchayin jiddiy.

BBC: Lekin mazkur rahbarlardan keyin kimdir hokimiyatni boshqarishi kerak-ku? Siz qaysi kuchlarni nazarda tutayapsiz?

Do‘sim Satpayev: Men aniq bir jismoniy shaxslar hokimiyatning merosxo‘rlari bo‘lishlari kerak, deb o‘ylamayman. Bugungi hokimiyat merosxo‘rlari jamiyatdagi institutlar bo‘lishi kerak. Bunday siyosiy institutlar aynan kelajak barqarorlikka kafolat bera oladi. Men evolyutsiya jarayoni tarfdoriman. Eng muhim vazifa – hokimiyat o‘zgarish jarayonida –haddan oshirib yubormaslikdir. Aks holda tartibsizlik va beqarorlik boshlanadi. Agar qon to‘kilsa, unda murosaga kelish qiyin bo‘ladi. Islohotchilar an‘anadorlar bilan til topishib, jamiyatda barqarorlikni saqlash uchun, o‘z shaxsiy manfaatlarini chetga surib qo‘yishlari kerak bo‘ladi. Jahonda buning misollari ko‘p.

BBC: Mintaqada ikki yirik mamlakat rahbarlari ya‘ni Karimov bilan Nazarboyev o‘rtasidagi raqobat qanday talqin qilinadi?

Do‘sim Satpayev: Tashqi dunyo bilan munosabatlarida ikkala rahbar bir xil uslubga ega emas. Mintaqamizda hokimiyat o‘ta shaxsiylashtirilgani uchun davlat rahbarlari olib borayotgan tashqi siyosatga ham ularning xususiyatlari ta‘sir qiladi. Misol uchun, Nazarboyev, tabiatan ochiq va faolroq siyosat tarafdori bo‘lsa, Islom Karimov tabiatan yopiq odam bo‘lgani uchun bu uning tashqi siyosatiga ham ta‘sir qiladi. Karimov olib borayotgan siyosat boshqa davlatlarga nisbatan ochiq deb aytib bo‘lmaydi. Lekin agar Karimov va Nazarboyev o‘rtasida Markaziy Osiyoda lider bo‘lish uchun raqobatchilik bo‘lsa, uning liderligini Qirg‘iziston yoki Tojikiston qabul qiladi, deb o‘ylamayman. Liderlik yolg‘izlikda bo‘lmaydi, liderlikni boshqa ishtirokchilar qabul qilishlari kerak.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring