Euro 2016: Dron hujumiga ham tayyor turiladi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Frantsiyalik mas‘ullarning aytishlaricha, deyarli barcha uchrashuvlarning xavfsizligini ta‘minlash uchun dronlarga qarshi uskunalar ham ishga solinadi.

Uchrashuvlarga mezbonlik qilajak 10 ta stadion va tayyorgarlik maydonlari uzra har qanday parvozlar taqiqlanadi.

Bundan tashqari, ehtimoliy dron hujumining oldini olishga tayyor mas‘ullar xizmatga safarbar etiladi.

Frantsiyalik tashkilotchilar odamlarga qarshi dron vositasida kimyoviy yoki biologik hujum uyushtirilishi mumkinligi xavfidan xavotirdalar.

Image copyright AFP

Ayon bo‘lishicha, bu kabi favqulodda xavfsizlik choralariga Parijdagi so‘nggi qonli hujumlar sabab bo‘lgan.

Yaqin Sharqdagi IShID guruhi mas‘uliyatini o‘z zimmasiga olib chiqqan o‘tgan yil noyabr oyidagi muvofiqlashtirilgan hujumlar 130 kishining umriga zomin bo‘lgandi.

Bu hujumlardan biri esa, Frantsiya-Olmoniya o‘rtasida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tayotgan "Stade de France" stadioni tashqarisida yuz bergandi.

Bu yilgi Ovro‘po chempionatining xavfsizligiga mas‘ul Ziyod Xuriyning aytishicha, ishga solishni ko‘zlayotgan maxsus texnologiyalari bemalol har qanday dronga bas kela oladi.

Unga ko‘ra, bu kabi uskuna shu paytgacha boshqa biror bir sport bellashuvida qo‘llanmagan.

Shu kunlarda butun Frantsiya bo‘ylab yuz minglab politsiya va maxsus xavfsizlik kuchlari ishtirokida aksilterror mashqlari ham bo‘lib o‘tmoqda.

Image copyright Getty

Mas‘ullarga ko‘ra, maqsad – millionlab futbol ishqibozlarining mazza qilib futbol tomosha qilishlarini ta‘minlashdir.

Futbol bo‘yicha bu yilgi Ovro‘po chempionati 10 iyun kuni start oladi va 10 iyulga qadar davom etadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring