O‘zbekistonda dindorlarga ta’qib kuchaygan

Image copyright varlamov.ru

Muqaddas Ramazon kunlarida hukumatning dindorlarga nisbatan ta‘qib va bosimlari oshgan, deb xabar beradi O‘zbekiston Inson huquqlari tashabbus guruhi.

Huquq faoli Sur‘at Ikromovning aytishicha, tashkilotga Toshkent viloyati Chinoz shahri Yangiobod mahallasi yashovchisi 62 yoshli Marhamat Mirzayeva murojaat qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ro‘za boshlangan 6 iyun kunidan boshlab Chinoz Ichki Ishlar boshqarmasi xodimlari tinch musulmonlarga nisbatan kuzatuvlar va tahdidlarni oshirganlar.

Ayni paytda O‘zbekistonning ko‘p hududlarida, poytaxt Toshkentda ham havo harorati 40-42 darajaga ko‘tarilgan. Shunga qaramasdan, militsionerlar guruhi dindorlarning uyiga kirib, ularni ichki ishlar bo‘limiga borishni talab qilmoqdalar va u yerda hech bir sababsiz 8 soatlab ushlab qolmoqdalar, deyiladi bayonotda. Militsiya bo‘limiga chaqirilganlar asosan ro‘zadorlar bo‘lib, issiq havoda soatlab kutish ularning ahvoliga salbiy ta‘sir ko‘rsatadi.

Jumladan, tashkilotga murojaat qilgan Marhamat Mirzayevaning uyiga har kuni uchastka noziri doxil bir nechta militsiya xodimlari ogohlantirishsiz kelib, ayolni va uning kelini Nigora So‘pijonovani militsiya bo‘limiga olib ketmoqdalar. Ularning talabi Marhamat Mirzayevaning o‘g‘li 1977 yilda tug‘ilgan hozirda Rossiyada mehnat muhojirligida bo‘lgan So‘pijonov Odilni O‘zbekistonga chaqirtirish bo‘lmoqda.

Militsiya xodimlarining doimiy bosimlari ostida kelin Nigora So‘pijonovada yurak xuruji sodir bo‘lib, kasalxonaga tushgan.

Bundan tashqari, inson huquqlari guruhining xabariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi qamoqxonada diniy ayblovlar bilan qamalganlarga nisbatan tartib kuchaytirilgan. Mahkumlarning yaqinlari qamoqxona xodimlari dindorlarga ro‘za tutishga imkon berishmayotgani va ularga qo‘pol munosabatda bo‘lishayotganidan xavotirlarini bildirganlar.

Shuningdek, 20 iyundan IIV Jazoni ijro etish muassasalari va tergov izolyatorlari 10 kun muddatga yopilishi, bu ShOS sammiti oldidan xavfsizlik chorasi ekani ma‘lum qilingan.

Poytaxtdagilarning aytishlaricha, bir oydan buyon ko‘chalarda, metro bekatlariga kirishda va mahallalarda pasport tekshirish kuchaytirilgan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • •TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • •Instagram - BBC UZBEK
  • •Twitter - BBC UZBEK
  • •Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • •Facebook - BBC UZBEK
  • •Google+BBC UZBEK
  • •YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • •Skype - uzbekbbclondon
  • •bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq