Toshkentdan maktublar: "Qornimiz-ku, bir kun to‘yar..."

Image copyright www.mosds.ru

14 yildirki, Rossiyada yashayapman. Bolalarim shu yerda tug‘ildi. Ular katta bo‘layapti. Har kuni, har soatda yurtga qaytib ketgim, ota-onam, aka-ukalarimning yaxshi kunlarida birga bo‘lgim keladi. Ammo ta‘til munosabati bilan bu yerga kelgach, uch oygina zo‘rg‘a yashay olaman, xolos. Men yana qaytish harakatiga tushaman.

Negaki, bu yerda menga ish yo‘q. Yashashim uchun sharoit yo‘q. Maktabni bitirgach, hech qayerda o‘qimadim. O‘zimga o‘xshagan o‘rta ma‘lumotga ega yigitga turmushga chiqdim. Besh farzandning uchinchi bo‘lgan turmush o‘rtog‘imning bo‘ynida hamma akalar qatori ikkita singilni chiqarish, opasining o‘g‘liga to‘y qilish tashvishi bor edi. O‘sha yillari qaynotam pensiyaga chiqqan, qaynsingillarim bo‘y yetib uzatilishi kerak edi. Qaynog‘am ham oliy ma‘lumot olmagan, hunar o‘rganmagan yigit bo‘lganligi, u ham "o‘qimagan" qizga uylanganligi bois oilamizda moliyaviy qiyinchilik boshlangandi.

Qaynonam "Hamma Rossiyaga borib ishlayapti, uy qurayapti, to‘y qilayapti. Sizlar ham Rossiyaga borib ishlab kelinglar" deya bizni shu yurtga "haydadi". Rosti o‘zim ham boshida bu sovuq iqlimli o‘lkaga kelishni istamagandim. Ammo oilamizdagi moliyaviy qiyinchiliklardan qochib turmush o‘rtog‘im, ikki nafar qizim bilan yo‘lga tushdik. Boshida oson bo‘lmadi. Besh va bir yarim yoshli qizchalarimni ustidan qulflab ishga ketar, ular biz kelguncha och-nahor o‘tirardi. Kafeda idish-tovoq yuvuvchi bo‘lib ishlardimu fikru xayolim qizchalarimda turardi. Keyin turmush o‘rtog‘im bilan nonvoychilik, somsapazlik qila boshladik. Yildan-yilga turmushimiz yaxshilana boshladi. Yillar o‘taverdi.

Bu orada qaynsingillarni uzatdik, ular o‘g‘illi bo‘lgach topgan-tutganimizni yig‘ib-terib o‘g‘illariga "sunnat" to‘ylari qilishga yubordik. O‘g‘il tug‘ish niyatida ikki marta homilador bo‘ldim. Ikkalasida ham qiz tug‘ildi. Xudoning bergani shukr qilib yana yashayverdik. O‘sha yerda do‘st-birodarlar ottirgach, turmush o‘rtog‘im nisbatan yengilroq ish topib oldi. Endi moliyaviy jihatdan o‘zimizni o‘nglab oldik. Qishloqda uy qurishni boshladik.

Har yili yoz faslida bolalarimni olib O‘zbekistonga kelaman. "Bo‘ldi endi yurtimda qolaman, o‘sha yerda yashayman" deb samolyotga o‘tiraman. Ammo kelgach... Yoz bo‘lsa-da svetni tez-tez o‘chirishadi, tabiiy gaz yo‘q, suv ham vaqti-vaqti bilan tushadi. O‘zbekistonda tug‘ilgan ikkala qizim bir amallab chidaydi, ammo Rossiyada tug‘ilganlarim bobo-va buvisiga e‘tiroz bildiraveradi. "Bobo, hojatxona nega unaqa, u yerda mikrob ko‘pku. Nega biz kelguncha yangi hojatxona qurib qo‘ymadingiz? Buvi nonushtaga faqat shakar choyu qaymoqmi? Boshqa hech narsa yo‘qmi? Ularning nega, nega, nega, degan savollari tugamaydi. Bu savollarga bobo-buvisi, uydagilar kulib qo‘yaveradi. Ba‘zan "Bu yer Rossiya emas, Rossiyaga ketganingda yeyaverasan o‘sha kolbasayu sirlarni. O‘sha yerda ichasan kofeyu sharbatlarni. O‘sha yerda yeysan shokoladu pechenelarni" deyishadi. Lekin insof bilan aytganda, qishloqda bizning oila eng yaxshi yashaydigan oilalar sirasiga kiradi. Xolodilnikdan go‘sht uzilmaydi. Sigir borligi uchun qaymoq, sut, qatiq... Amakisi sholi, kartoshka ekadi. Shuning uchun guruch va kartoshka ham tekin bo‘lganligi uchun mo‘l-ko‘l. Xullas, tirishib-tirmashib dehqonchilik qilib yashashayapti. Tomorqamiz kattaligi uchun o‘sha yerga ekin-tikin qilishadi.

Mana, yozgi ta‘tilga keldik. Hamma endi qaytib ketmanglar, shu yerda qolaveringlar, deydi. O‘zim ham jon-jon deb qishlog‘imda qolardim. Chunki ota-onamni, qarindoshlarimni yaxshi-yomon kunlarida yonida bo‘lolmaganimdan juda ezilaman. Ammo...

Bu yerda qiz chiqarish, o‘g‘il uylash haqidagi gaplarni eshitib vahimaga tushib ketayapman. Bu yerga butunlay kelsam nima ish qilaman? Turmush o‘rtog‘imchi? Chunki hech qanday ma‘lumotimiz yo‘q. Hunarimiz ham. Olti nafar bolani kiyintirib, yedirish-ichirish uchun kamida bir oyda 500 dollar kerak bo‘ladiku? Men O‘zbekistonda aqalli 500 ming so‘m ham topa olmayman. Biror bir maktab yoki tashkilotga farrosh bo‘lib ishga kirgan taqdirimda ham eng kam ish haqini olaman, xolos. Biror bir tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun esa menda sarmoya yo‘q.

Hozir rosa boshim qotgan. Men O‘zbekistonda yashay olmayman. Farzandlarim ham bu yerdagi sharoitga ko‘nmaydi. Ular Rossiyada odamdek yashash mazasini bilib qolgan...

Bir kun kelib, O‘zbekistonimizda ham shunday hayot bo‘lar, ammo ungacha biz bormizmi, yo‘qmizmi, yolg‘iz Ollohga ayon. Qornimiz-ku bir kun to‘yar, ammo qadrimiz nima bo‘ladi?

Men tirikchilik ilinjida bizga qo‘shilib, Rossiyaga borib qolgan, u yerda dunyoga kelgan farzandlarimiz kindik qoni to‘kilgan tuproqlaridan, millati, dini, o‘zbekchiligimizdan uzoqlashib ketmasmikan, deb qo‘rqaman.

Mardikorlikka olib ketilgan bobolarimizning Nikolay poshsho haqida aytgan qo‘shiqlari yodimga tushadi:

Anjonlikning mehnatini bilmagan

Nikolay zolim ko‘r bo‘lsin!..

Ammo bugun o‘zbekni mardikorlikka hech kim majburlab olib ketayotgani yo‘q. O‘zimiz borayapmiz. Nikolay poshsho tirilib kelsa, bunaqa safarbarlikdan hayratga tushsa ajabmas.

O‘zbekning mehnatini bilmagan zolim ham Nikolay emas, o‘zimiznikilar...

Rossiyadagi muhojirning so‘zlarini Adolat Toshkanboy qizi yozib oldi.
  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring