Euro 2016: Marseldagi zo‘ravonlik "rossiyaliklarning ishi"

Image copyright PA

Frantsiyalik prokurorlarning aytishlaricha, Marselda yuz bergan tartibsizliklarga 150 ga yaqin rossiyalik futbol ishqibozlarining harakatlari sabab bo‘lgan.

Marsel prokurori Bris Robinga ko‘ra, 10 kishi to‘qnashuvlar yuzasidan mahkamaga tortiladi.

Ularning orasida olti britaniyalik, uch frantsuz va bir avstriyalik bor.

Uning aytishicha, stadionga bostirib kirgan ikki nafar rossiyalik hibsga olingan.

Marselda uch kun davom etgan to‘qnashuvlarda 35 kishi yaralangan, ulardan to‘rt nafarining ahvoli jiddiy.

Politsiya futbol fanatlarini tarqatish uchun ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz ishlatgan.

Marseldagi matbuot anjumanida frantsuz prokurori rossiyalik fanatlarning zo‘ravonliklarga "favqulodda yaxshi tayyorlanganliklari"ni aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaralangan 35 kishining angliyalik futbol ishqibozlaridir.

Prokuror ikki nafar rossiyalikning mamlakatdan chiqarib yuborilayotganini ma‘lum qilgan.

Zo‘ravonliklarga aloqadorlikda jami 20 kishi hibsga olingan.

"Vahima"

UEFA Marseldagi hodisani qoralab, "Futbol bu kabi zo‘ravonliklarda ishtirok etuvchilarning joyi emas", deb aytgan.

Ovro‘po futbol tashkiloti sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarga rossiyalik ishqibozlar mas‘uliyatli ekanini aytib, Rossiyaga qarshi tartibbuzarlik bo‘yicha choralar ko‘rilishini ma‘lum qilgan.

Guvohlarga ko‘ra, 1-1 hisobi bilan tugagan Angliya-Rossiya o‘yinidan keyin rossiyalik futbol ishqibozlari angliyalik muxlislar o‘tirgan joyga qarab yopirilishgan va Angliya bayrog‘ini yirtmoqchi bo‘lganlar. Tribunada olov yoqilganini ham aytishadi ular.

Ba‘zilariga ko‘ra, to‘qnashuvlar rossiyalik fanatlar o‘yin tugashiga oz qolganda mushak otganidan keyin boshlanib ketgan.

Rossiyalik ishqibozlar to‘siqlarni sakrab o‘tib, raqib tomon muxlislarini ura boshlaganlar.

BBC muxbiri Den Roanning so‘zlariga qaraganda, angliyalik ishqibozlar to‘polonlar boshlangach, vahimada to‘siqlardan sakrab qochishga uringanlar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring